
Diyor Imomxo‘jaev: Masharipov yoniga Bozorov, Norchaev, Erkinov qo‘shilishi katta yutuq, ammo ular kech qolyapti
O‘zPFL rahbari Diyor Imomxo‘jaev OChL birinchi turida vakillarimiz namoyish etgan o‘yinlar haqida fikr bildirdi:
"Chempionlar ligasining ilk turi klublarimiz uchun muvaffaqiyatsiz yakuniga etdi. Biroq boshqa jamoalarda to‘p tepayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar o‘z nomiga gol yozib qo‘ydi.
Dastlab, Aziz G‘aniev "Shabab Al-Ahli"ni mag‘lubiyatdan qutqardi. Turkmanistonning "Ahal" klubi Amirlik jamoasi bilan durang o‘ynagani sensatsion natija. G‘aniev 79-daqiqa penaltidan gol ura olmaganida, "Ahal" biryo‘la 3 ochkolik bo‘lishi mumkin edi.
Ertasiga, Muhammad Isaev Qatarning "Al-Rayyan" klubi darvozasiga yo‘l topdi. Ammo bu gol qo‘shnilarimizning "Istiqlol" klubiga ochko olib kelmadi. Qatarliklar 3:2 hisobida ustun keldi.
Shuningdek, Otabek Shukurov ham qarab turmadi. "Sharja"ning ishongan tog‘i qit’amizning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lgan "Al-Hilol" darvozasini ishg‘ol qildi. Shunga qaramay, "Sharja" baribir mag‘lub bo‘ldi — 1:2.
G‘aniev "Nasaf", Shukurov "Mash’al" va "Bunyodkor" tarbiyalanuvchisi sifatida o‘z yo‘lini topib ketdi. Bugun "Nasaf" va "Paxtakor"da ham tezroq legionerga aylanishi lozim bo‘lgan futbolchilar bor. Ular saudiyaliklarning ko‘z o‘ngida o‘ynayotganini his qilishi kerak. Saudiya klublarida pul bor, ularning chempionati bizdagidan ikki karra kuchliroq. Masharipovning yoniga Bozorov, Norchaev yoki Erkinov qo‘shilishi katta yutuq. Yanada yaxshiroq o‘ynasa, Turkiya yoki boshqa biror mamlakat orqali Evropaga yo‘l ochilishi ham mumkin. Ammo o‘sha Bozorov yoki Norchaev katta futbolchiga aylanishga tobora kech qolyapti. Katta futbolchilar kechagidek o‘yinlarda jamoani tortishi kerak. Katta futbolchilar mas’uliyatni to‘liq his etishi, yo‘q joydan o‘yinning borishini o‘zgartirib yuborishi kerak. Biz kelasi turlarda "Paxtakor" va "Nasaf"ga omad tilaymiz".
Fikrlar