Doniyor Abdumannopov: "Dinamo” autsayder jamoa bo‘lsa-da, har bir raqibga hurmat bilan yondashish lozim
O‘zbekiston Superligasi 21-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Dinamo” o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar”ning yaqin kunlarda 22 yoshini qarshi oladigan mahoratli yarim himoyachisi Doniyor Abdumannopov bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Garchi “Dinamo” turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida borayotgan autsayder jamoa bo‘lsada, har bir raqibga hurmat bilan yondashish lozim. Zero, Superligada oson o‘yinlar bo‘lmaydi.
Shuningdek, barcha raqiblar “Navbahor”ga qarshi, ayniqsa, Namanganda o‘zgacha kayfiyatda maydonga tushadi.
Xabaringiz bor, o‘tgan turda Toshkentda “Bunyodkor” bilan bo‘lgan bahsda imkoniyatni boy berib, muhim ochkolardan ayrildik. Shu bois, biz ham mazkur o‘yinning qanday ahamiyatga ega ekanligini tushunib turibmiz va bo‘lajak bellashuvda g‘alaba qozonish, muxlislarga quvonch ulashishga intilamiz.
Buni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz. Faqat buning uchun ishqibozlardan yakshanba oqshomida jamoamizni bevosita stadionda munosib tarzda qo‘llab-quvvatlab, g‘alabamizga madadkor bo‘lishlarini so‘rab qolaman.
Jamoamiz joriy mavsumda o‘z oldiga qo‘ygan yuksak maqsad, ya’ni, Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun oxirigacha kurash olib boradi hamda buni amalga oshirish uchun biz qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz", - dedi iqtidorli futbolchi.
Manba: "Navbahor" PFK matbuot xizmati.



Fikrlar