El Chino uchun oxirgi shartnoma: David Silva faoliyatini qaerda yakunlaydi?

CHERY AUTO

OAV faqat Filippe Koutino, Jeydon Sancho va Edinson Kavanining kelajagi borasida juda ko‘p yozyapti.Lekin yana bir muhim futbolchi etibordan chetda qoldi – bu David Silva.

Tecno

Dunyoning eng yaxshi hujumkor yarim himoyachilaridan biri faoliyatini yakunlash arafasida. David Silva 34 yoshga kirdi. Keyingi imzolaydigan shartnomasi futbolchi uchun eng oxirgisi bo‘lishi aniq.

Silva

Silva “Manchester Siti”da 10 mavsumini o‘tkazyapti. Bu vaqt oralig‘ida futbolchi Angliyada qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Ispan futbolchisi qo‘lga kirita olmagan yagona sovrin – bu Chempionlar Ligasi g‘olibligi. Bu mavsumdagi Chempionlar Ligasi “Siti” tarkibida bu sovrinni qo‘lga kiritish uchun oxirgi imkoniyat. Shundan so‘ng u ketadi. Futbolchining o‘zi jamoa unga yangi shartnoma taklif qilmaganini aytib o‘tgan.

Yoshiga qaramasdan futbolchi uchun bir qancha jamoalar qiziqish bildiryapti. Keling o‘sha jamoalar haqida suhbatlashamiz.

AQSh

MLS Evropadagi faoliyatini yakunlayotgan futbolchilarni doim o‘ziga chorlagan. Silva ham ular qatoriga qo‘shilishi mumkin. AQShdagi jamoalardan “Inter Mayami” futbolchiga jiddiy qiziqish bildiryapti. Jamoa rahbari Devid Bekxem Silvani asosiy transfer maqsadlaridan biri ekanligini takidlab o‘tdi.

MLSda “Inter Mayami”dan boshqa jamoalar ham ispan futbolchisini o‘z safiga qo‘shib olishga qarshi emas. Masalan, “Nyu-York Siti”. “Nyu-York Siti” “shaharliklar” bilan juda yaxshi aloqada ekanligini hisobga olsak, ularda ham Silvani o‘z safiga qo‘shib olish uchun yaxshi imkoniyat mavjud.

Silva esa Nyu-Yorkka borishga shoshilmayapti. Ayniqsa, Bekxem bilan bo‘lib o‘tgan suhbatdan so‘ng. David “Inter Mayami“dagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylanishi mumkin.

Yaponiya

O‘tgan yilning noyabr oyida Silvaga Yaponiyaning “Vissel Kobe” jamoasi qiziqish bildirayotgani haqida ko‘plab yozishdi. O‘sha paytda bu jamoada Lukas Podolski, David Vilya, Andres Inesta va Serxi Samperlar to‘p surishgan. Samper va Inesta jamoada qoldi, Podolski va Vilya jamoani tark etdi. Yozda esaTomas Vermalen jamoaga borib qo‘shiladi. Yaponiya jamoasi muntazam ravishda faoliyatini yakunlashga yaqin bo‘lgan futbolchilarni tarkibga jalb qilishga urinib ko‘radi.

“Vissel Kobe” Silva bilan kelishuvga erishishga harakat qilib ko‘rdi. Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar qanday yakun topgani bizga qorong‘u. Ammo yaponlar futbolchi ularning safiga borib qo‘shilishiga umid qilyapti. El Chino faoliyatini Yaponiyada davom ettirishi mumkin.

Silva

Italiya

Silva boshqa qitaga o‘tib ketishga majbur emas. Evropada ham unga takliflar bor. Ulardan biri – “Milan”. Bir necha hafta oldin “Rossonerilar” futbolchi bilan aloqaga chiqishdi. Milanliklar futbolchi uchun raqobatga kirishishga tayyor. “Milan” jamoasi futbolchining agenti bilan muzokara ham o‘tkazdi.

“Milan“ bosh direktori Ivan Gazidis jamoada yosh futbolchilarni ko‘paytirmoqchi. Lekin maydonda o‘sha yosh futbolchilarni etaklaydigan tajribali futbolchi ham kerak. Gazidis Silva shu vazifasini uddalaydi degan maqsadda ispan futbolchisini sotib olmoqchi. Zlatan Ibragimovichning “Milan”dagi kelajagi esa nomalum.

Shved futbolchisi rahbariyatning ishlaridan norozi va tez orada jamoani tark etishi mumkin. Bu esa Silvaga jamoa etakchisi bo‘lish imkoniyatini beradi. Ammo Davidning o‘zi “Milan” tarkibiga o‘tish niyati bor-yo‘qligi haqidagi savolni hozircha ochiq qoldirgan.

Ispaniya

Balki David Silva faoliyatini o‘z Vatanida yakunlashni istar? Nega endi yo‘q? Ispaniya jamoalari ham David Silvaga qiziqish bildirmoqda. Ular orasida “Betis“ bor. Angliya nashrlari xabariga ko‘ra, “yashil-oqlar” futbolchiga 2 yillik shartnoma taklif qilgan. “Betis” Silva bilan birgalikda Pedroni ham o‘z safiga qo‘shib olish niyatida.

Silva o‘zi tug‘ilib-o‘sgan Gran-Kanariyaga qayish niyati borligini malum qilgan. U erda futbolchi “Las-Palmas” tarkibiga borib qo‘shilishi mumkin. Ammo “Las-Palmas“ segundada, uni ustiga hali-beri LaLigaga chiqa olmaydi. Futbolchi ikkinchi ligada to‘p surishga rozi bo‘larmikan?

Silva “Manchester Siti”ni tark etishi haqida elon qilganidan so‘ng, faoliyatini qaerda davom ettirishi borasida hech narsa demadi. Shunisi aniqki, futbolchi hali butsasini mixga ilish niyati yo‘q. Demak, biz hali David Silvaning o‘yinidan bahramand bo‘lish imkoniga egamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!