
Eldor Shatskixga etib oldi, ammo bir “muammo” bor
Srechko Katanets boshchiligidagi terma jamoamiz o‘rtoqlik o‘yinida Boliviyani mag‘lub qildi. Uchrashuv taqidirini hal qilgan yagona to‘p Eldor Shomurodov tomonidan kiritildi.
Shundan keyin barcha hamkasblarimiz "Spetsiya" hujumchisi Maksim Shatskixning rekordini takrorlab, O‘zbekiston MTJ tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylangani to‘g‘risida yoza boshladi. Aslida ham shunday. Lekin vaziyatga boshqa "deraza"dan qarasak, qiziqroq faktlar paydo bo‘ladi.
Aytmoqchimanki, Eldoradoning aksar gollari o‘rtoqlik bahslari, rasmiy maqomga ega bo‘lmagan uchrashuvlarda urilgan (34tadan 19tasi). Faqat rasmiy o‘yinlarda kiritilgan to‘plar soni 15taga teng. Shu tomondan qaralsa, Shomurodov hozircha faoliyatini maydon markazida o‘tkazgan Odil Ahmedovni (16) ham quvib o‘tgani yo‘q. Ulardan teparoqda esa Server Jeparov (17), Mirjalol Qosimov (17) hamda Aleksandr Geynrix (21) singari sobiq "gvardiyachilarimiz" joylashgan. Bu boradagi rekord hanuz Shatskixga tegishli bo‘lib, Maks terma jamoamiz uchun rasmiy bahslarda 27ta gol urgan.
Faxriddin Ro‘ziev
Fikrlar