Elguja Grigalashvili: AGMKni o‘z ixtiyorim bilan tark etmadim

  • 17 yanvar, 2021, 20:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Gruziyalik tajribali futbolchi Elguja Grigalashvili allaqachon muxlislarning e’tiborini qozongan.

Tecno

Hujumkor yarim himoyachi o‘tgan bir yarim mavsum davomida AGMK sharafini himoya qildi va bu yil sobiq klubi – “Qizilqum”ga qaytgani haqida yaqinda saytimiz orqali xabar berib o‘tgandik.

Sports.uz muxbiri Grigalashvili bilan bog‘lanib, AGMKni tark etishi va “Qizilqum”ga qaytishi sabablari haqida suhbatlashdi.

-  Guja, AGMKdan yana “Qizilqum”ga qaytdingiz. Aslida nima bo‘ldi? Buning sababi nimada?

-  Assalomu alaykum (sof o‘zbekchada). Bilasizmi, AGMKni o‘z ixtiyorim bilan tark etganim yo‘q. Shunchaki, menga hech kim qo‘ng‘iroq qilmadi, boz ustiga birov taklif qilib, bitimni uzaytirish haqida hech qanday gap-so‘z bo‘lgani yo‘q. “Qizilqum” klubidan esa, taklif tushdi, buni qabul qildim. Menga boshqa joydan taklif bo‘lmadi.

-  Gruziyaga qaytib, faoliyatingizni o‘sha erda ham davom ettirishingiz mumkinmidi? 

-   Hozircha Gruziyaga qaytish haqida o‘ylamayapman. Balki qaytishim bir yil yoki ikki yildan keyin yuz berar, lekin hozir emas.

-  Siz AGMK bilan bronzani qo‘lga kiritdingiz va Kubok finaligacha etib bordinglar. “Qizilqum” bilan ham shunday natijalarni takrorlashga ishonasizmi?

-  “Qizilqum” haqida gapiradigan bo‘lsam, u erda yaxshi jamoa jamlandi. U erga gruziyalik yana bir o‘yinchi Mate Vattsazde ham qaytgan. Hozirdan bo‘lajak mavsumda qanday voqealar yuz berishini hech kim oldindan aytib bera olmaydi. Bu – futbol, hamma narsa bo‘lishi mumkin.

-  AGMKda bir yarim mavsum to‘p surdingiz. U erdagi faoliyatingizdan ko‘nglingiz to‘ldimi?

-  Ha, AGMK klubida bir yarim mavsum o‘ynadim. Klubdagi faoliyatimdan ko‘nglim to‘ldi. O‘z navbatida ish beruvchilar ham shunday fikrda bo‘lsalar kerak. Buning uchun ulardan minnatdorman. Aytishim kerakki, AGMKda o‘tgan vaqt men uchun yoqimli bo‘ldi. Biz ikki marta Kubok finalida o‘ynadik, chempionatni 3-o‘rinda yakunladik. Agar jamoa shu ruhda davom etsa, bemalol chempionlik uchun ham kurash olib borishi mumkin. Bundan keyin ham AGMKga befarq bo‘lmay, jamoa uchun muxlislik qilaman.

-  Qiziq savol: Hamidjon Aktamov siz uchun kuchli murabbiymi yoki kuchli menejermi?

-  Hamidjon Aktamov haqida shuni aytishim kerakki, u juda ajoyib inson. U o‘z ishini ham yaxshi biladigan murabbiy. Men uni o‘z sohasining eng zo‘r mutaxassisi darajasida e’tirof qilmagan taqdirimda ham Aktamovni olib borayotgan ishining bilimdoni, deb hisoblayman. Aytishim joizki, u “Qizilqum”da yaxshi ish olib boryapti. Ammo murabbiyning ko‘rsatmalarini maydonda amalga oshirish faqat biz futbolchilarga bog‘liq.

guja2

-  Siz uchun O‘zbekiston chempionatida eng kuchli murabbiy kim?

-  Kim zo‘r, kim kuchsiz ekanligi haqida bir narsa deya olmayman. Meni kechirasizu, bu savolingiz men uchun emas. Murabbiylar va futbolchilar haqida gapirishni unchalik xush ko‘rmayman. Shuning uchun meni to‘g‘ri tushunasiz deb o‘ylayman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

-  Sizningcha, Superligamizning bugungi darajasi qanday? O‘sish ko‘ryapsizmi?

-  Superliganing darajasini yaxshi, deb hisoblayman. “Qizilqum”ga birinchi marta kelganimdayoq, bu erdagi darajada yaxshi ekanligiga amin bo‘lgandim. Yana shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, 2018 yili shu erga kelganimdan beri chempionat saviyasi oldingiga nisbatan ancha o‘sdi.

-  “Paxtakor” barcha sovrinlarni hech kimga bermay kelmoqda. Boshqalarning bu klubga kuch etimayotgani chempionat saviyasiga putur etkazmayaptimi?

-  To‘g‘ri, chempionatni o‘ta kuchli, deyishim mushkul. Chunki “Paxtakor” bilan chempionlik uchun tengma-teng kurasha oladigan jamoa oxirgi paytlarda topilmayapti. Shak-shubhasiz, “Paxtakor” oxirgi ikki mavsumda hammadan kuchli ekanligini isbotlab berdi. Mana shunaqa gaplar.

-  Hamyurtingiz Shota Arveladzening “Paxtakor”dan ketganiga munosabatingiz qanday bo‘ldi?

-  U yaxshi inson va haqiqiy professional. U “Paxtakor” uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni amalga oshirdi. Bu erda u haq edi, bu nohaq edi, deyish yaramaydi. Qolaversa, Arveladzening “Paxtakor”dan ketishiga nima sabab bo‘lgani haqidagi holatdan bexabarman.

-  “Qizilqum” bilan shartnoma tuzdingizmi?

-  Ha, bir yillik shartnomaga imzo chekdim.

guja1

-  Ko‘pincha futbolchilar bir yillik shartnomalarga imzo chekishadi. Ikki-uch yillik kelishuvlar juda kam. Siz buni qanday izohlaysiz?

-  Men har yili qisqa muddatli shartnoma tuzib kelyapman, bu erga kelganimdan beri. Bundan keyin ham shu ruhda davom etsam kerak. “Paxtakor”dan tashqari boshqa biror klubda futbolchilar bilan 2-3 yillik shartnomalar imzolanayotganini ko‘rdingizmi? Legionerlar bilan shartnoma imzolayotganida har bir klub mutasaddilari hamma narsani e’tiborga olishadi. Shuning uchun dabdurustdan 2-3 yillik bitim tuzilishi amrimahol. Chunki futbolchining qanday salohiyatga ega ekanligi amrimahol. Bundan paytda ishonch ham ikkinchi darajaga o‘tib qoladi. Chunki ular legioner bilan bir yillik shartnoma imzolaganlaridan so‘ng, shu vaqt davomida uning qanday darajadagi futbolchi ekanligini bilib olishadi. Umuman, bunday holatni aksar klublarda uchratish mumkin. O‘zim ham bir yillik shartnomalarga imzo chekishni afzal ko‘raman. Umuman, hamma narsadan ko‘nglim to‘ldi. O‘ylaymanki, qolganlar ham xuddi men kabi fikrdalar.

-  “Qizilqum”ga qaytganingizdan keyin yangi maqsadingiz qanday?

-  Meni vazifam hamma vaqt yuqori natijalar uchun kurashishdan iborat. Jamoaga etib boraychi, mavsum uchun qanday vazifa qo‘yilganidan xabar topamiz, hozir bu mavhum.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!