
Endi doping bilan qo‘lga tushgan sportchilar qamaladi
Xitoy ma’murlari tomonidan kelgusi yilning 1 martidan sportdagi taqiqlangan moddalardan foydalanish jazolanadigan jinoyatlarga tenglashtirilishi belgilandi. Bu haqda «Sinxua» agentligi xabar berdi.
Agentlikning ma’lumotlariga ko‘ra, bu haqidagi qaror mamlakat parlamenti majlisida qabul qilingan. Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, dopingdan foydalanishda fosh etilganlar jarima to‘lashga va uch yillik muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinadi. Bunday jazo sportchilarga ana shunday man etilgan preparatlarni taklif etadiganlarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
XXR hukumati sportchilarni bunday moddalardan foydalanishga majbur etadigan shaxslarga yanada qat’iyroq jazo choralarini qo‘llashni rejalashtirmoqda.
Keyingi yillarda Xitoy rahbariyati dopingga qarshi jamoatchilik harakatini yanada faollashtirdi. Bu yil yanvar oyida esa shu munosabat bilan Xitoy Oliy xalq sudining mazkur sohadagi qonunbuzarliklarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan tavsiyalari e’lon qilingan.
Fikrlar