
Endi Ronalduga mashhur murabbiy ustozlik qiladi
Krishtianu Ronaldu o‘ynayotgan “An-Nasr” klubi tez orada bosh murabbiyni alishtiradi. Bir necha manbalarning ma’lum qilishicha, ayni paytda jamoani boshqarayotgan portugaliyalik Luish Kashtru tez orada iste’foga chiqarilishi kutilmoqda.
Okaz Sport va Fatah Sport kabi manbalarga ko‘ra, “An-Nasr”ning yangi bosh murabbiyi italiyalik mashhur mutaxassis Stefano Pioli bo‘ladi.
Kashtru qo‘l ostida “An-Nasr” hali birorta sovrinni yutgani yo‘q. Ronaldu etakchiligidagi jamoa Saudiya Arabistoni Superkubogida “Al-Hilol”dan 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchrab, sovrindan quruq qoldi. Aynan mana shu uchrashuv klub rahbariyatini boshqa murabbiy qidirishga majbur qilgani aytilmoqda.
58 yoshli Pioli murabbiylik faoliyatini faqat Italiyada olib borgan. U hozirga qadar o‘z yurtida o‘ndan ziyod jamoani boshqargan. 2021-2022 yilgi mavsumda “Milan” bilan skudettoni qo‘lga kiritgan Stefano Pioli Italiyaning eng yaxshi murabbiyi bo‘ldi.
Fikrlar