Eron bosh murabbiyi: "Guruhdan chiqdik, to‘g‘ri. Ammo biz musobaqada chempion bo‘lishni istaymiz"

  • 10 mart, 2023, 11:18
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi guruh bosqich o‘yinlari yakuniga etdi. Ertaga chorak final bahslariga start beriladi. Bellashuvlar oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Eron jamoasi bosh murabbiyi Abdulsamad Marfavi ishtirok etib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:

"Bu o‘yinning ahamiyati juda yuqori. Sababi, bu bahs pley-off uchrashuvi va jahon chempionatiga chiqish imkonini beradi. 

Guruh bosqichi juda qiyin bo‘ldi. O‘ta ehtiyotkorlik bilan harakat qilish talab etildi va biz bu vazifani bajardik. Endi ertangi bellashuvda ham g‘alaba qozonishni istaymiz.

Bizda professional futbolchilar harakat qiladi. Iroq futbolini yaxshi bilaman. Futbolchilarimga ham bu haqda qo‘limdan kelgancha tushuntirish beraman. Anchadan beri ular bilan yuzma-yuz to‘qnash kelib turamiz. O‘ylashimcha, bu bahsda g‘alabaga loyiq jamoa keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Iroq juda kuchli jamoa. Ular bejizga bu bosqichga qadar etib kelmadi. Raqibimiz taktik va jismoniy tomonlama har qanday termaga muammo bo‘la oladi. Biroq biz faqat va faqat g‘olib bo‘lish uchun maydonga tushamiz.

Guruhda o‘ta qiyin o‘yinlarni o‘tkazdik. Raqiblarimiz yaxshigina bosh og‘riq bo‘lib berishdi. Qo‘rqmasdan ayta olamanki, biz "o‘lim guruhi"da edik. Shunga qaramay, maqsadimizga erishdik. Ertaga yana bir bor omad biz tomonda bo‘ladi, degan umiddaman. 

Ortga qaytish haqida o‘ylash vaqti emas. Har bir pley-off o‘yinlari og‘ir o‘tishi tabiiy holat. Guruhdan chiqdik, to‘g‘ri. Ammo biz musobaqada chempion bo‘lishni istaymiz", - dedi mutaxassis.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!