Ertaga yil sportchilarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi
Joriy yilning 9 mart kuni Respublika texnik va amaliy sport turlari markazida 2017 yilning eng yaxshi sportchilari, murabbiy va hakamlarini taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tadi.
E’tiborlisi, sportning texnik va amaliy turlari singari Olimpiya oilasiga kiruvchi triatlon, o‘q otish sport turlari bo‘yicha ham o‘tgan mavsumda mamlakat va xalqaro darajada o‘tkazilgan qator nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan, yuqori natijalari bilan minglab yoshlar qalbida sportga mehr o‘yg‘ota olgan atletlar O‘zbekiston mudofaasiga kumaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi tomonidan taqdirlanadi.
– Mamlakatimiz sportchilarining nufuzli, xalqaro musobaqalarda, Osiyo va jahon chempionatlarida yuqori natijaga erishgani, bu orqali ortidan millionlab yoshlarimizni sog‘lom hayot sari etaklab, g‘oliblik shohsupasida yurt bayrog‘ini sarbaland qilgani hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlanib kelinmoqda. Jumladan, Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi tomonidan ham har yili “Yilning eng yaxshi sportchisi”, “Yilning eng yaxshi murabbiyi”, “Yilning eng yaxshi hakami” kabi nominatsiyalarda g‘oliblar aniqlanib munosib taqdirlanishi yaxshi an’anaga aylangan, – deydi Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi bosh direktori o‘rinbosari, kemamodel sporti bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Shavkat Ismatullaev.
Ommaviy axborot vositalari vakillari 9 mart kuni soat 11.00 da boshlanadigan tadbirga taklif etiladi.

Fikrlar