
Evropa klublariga Husanovni kuzatishni tavsiya qilishdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov o‘ynayotgan “Lans” jamoasi Frantsiya chempionatining yangi mavsumini muvaffaqiyatli boshladi.
Yangi bosh murabbiy Uill Still boshchiligidagi jamoa birinchi turni safarda – “Anje” maydonida o‘tkazib, kichik hisobdagi g‘alaba bilan qaytdi.
20 yoshli markaziy himoyachi Abduqodir Husanov o‘yin oxirida maydonga tushib, jamoasiga g‘alabani ushlab qolishda ko‘maklashdi.
Frantsiya futbolini yoritib borayotgan nufuzli manba lavoixdunord.fr portali ekspertlari Evropa klublari mutasaddilari, murabbiylari, selektsionerlari, skautlari va agentlarini yangi mavsumda “Lans” tarkibidagi besh nafar futbolchiga e’tibor qaratishga chaqirdi.
Ular bilan tanishamiz.
Uesli Said – yangi rolda
Uesli Said o‘tgan mavsumda to‘purarlik mahoratini namoyish qildi. Yangi mavsum aynan shu hujumchiga atalgan bo‘lsa nima deysiz?
“Lans”ning asosiy forvardi Eli Vaxi yaqinda “Marsel”ga o‘tib ketdi. Bu transferdan keyin Uesli Said jamoadagi roli o‘zgarishiga umid qilmoqda. O‘tgan mavsumda 27 ta uchrashuvda ettita to‘p kiritgan Said bu gal o‘z shaxsiy rekordini (bir mavsumda 9 ta gol) yangilashga harakat qiladi.
Endi ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladigan futbolchidan gollari ikki xonali songa o‘tishini kutishyapti.
Malang Sarr – yangi imkoniyat
“Nitstsa” tarbiyalagan futbolchi 2020 yili “ChElsi”ga ko‘chib o‘tgan edi. “Arsitokratlar” jamoasida asosiy tarkibga kira olmagan markaziy himoyachi yangi imkoniyatlar qidirib, “Lans”ga keldi. Malang Sarr chapaqay o‘yinchi va bundan o‘zining ustunligi sifatida foydalanadi.
Bundan tashqari, 25 yoshli futbolchi raqibdan to‘pni olib qo‘yish, ikkinchi qavatda kurash olib borishga usta. Sarr “Lans” himoyasini mustahkamlash uchun o‘z mahoratini ishga solishi va berilgan imkoniyatdan foydalanib qolishi zarur.
Nil El-Aynaui – zo‘rligini isbotlaydi
“Nansi”da tarbiya topgan marokashlik yarim himoyachi o‘tgan yozda “Monako”ga qo‘shilish uchun yo‘lga chiqqan edi. Tizzasidagi jarohat transferga to‘sqinlik qildi. “Lans” unga imkon berdi.
Nil o‘tgan mavsum 25 ta uchrashuvda qatnashib, shulardan 17 tasini asosiy tarkibda o‘tkazdi. Debyut mavsumida faol o‘yin namoyish qilgan 23 yoshli futbolchining yangi bosh murabbiy Uill Still qo‘l ostida yangi qirralari ochilishi kutilyapti.
Joanner Chaves – ishonchni oqlashi kerak
2024 yilning yanvarida Braziliyaning “Baiya” jamoasidan ijaraga olingan ekvadorlik himoyachi nihoyat yozda “Lans”ga to‘liq transfer qilinli. 22 yoshli futbolchi o‘tgan mavsum asosiy g‘imoyachi Deyver Machoda yo‘qligida “Lans” asosiy tarkibida 10 ta uchrashuvda ishtirok etdi.
Bu himoyachi qap qanotni to‘liq yopa oladi. Chaves raqib yo‘llagan to‘plarni qaytarishga usta, o‘zi to‘p yo‘qotgan vaziyatlarda oxirigacha kurashadi. Uning yosh ekani yanada o‘sishga erishishi mumkinlikini ko‘rsatadi.
Abduqodir Husanov – katta salohiyatga ega
O‘zbekiston terma jamoasining 20 yoshli himoyachisi o‘tgan mavsumda o‘zi uchun Frantsiya chempionatidan tashqari Evropa Chempionlar ligasi va Evropa ligasini ham kashf etdi. Umuman olganda, orqa chiziqdagi faoliyati bir tekis o‘tmoqda.
Baquvvat markaziy himoyachi rotatsiya o‘yinchisi roliga jiddiy kirishdi va bu vazifani mukammal uddaladi. Jamoadagi asosiy himoyachilar jarohatlanganda yoki diskvalifikatsiyaga yo‘lliqanida ularning o‘rnini bilintirgani yo‘q.
Ayrim uchrashuvlarda biroz tajriba etishmaganini inobatga olmaganda, debyut mavsumidayoq murakkab hisoblangan Liga 1 musobaqasida 11 ta uchrashuvda ishtirok etgani uning katta salohiyatga ega ekanidan dalolat beradi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 2023 yilning yozida Belarus chempionati vakili "Energetik-BGU" jamoasidan "Lans"ga ko‘chib o‘tgan edi. Ayni paytda hamyurtimizning transfer summasi 2,5 million evroni tashkil qilmoqda.
Fikrlar