FAKT! “Metallurg” Namanganda o‘tkazilgan 22 o‘yinda “Navbahor”ni faqatgina bir marta mag‘lub etgan xolos
19 may kuni Superliga 9-turi doirasida Namanganning “Navbahor” klubi o‘z maydonida Bekobodning “Metallurg” jamoasini qabul qiladi.
Mazkur jamoalar Superliga (oliy liga)da shu kungacha 44 marotaba o‘zaro ro‘baro‘ kelishgan. O‘tkazilgan o‘yinlarning 20 tasida “lochinlar” g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, 12 ta uchrashuvda bekobodliklar zafar quchishgan, 12 ta bahsda esa jamoalar durangga imzo chekishgan. To‘plar nisbatidagi ustunlik "lochinlar" tomonida: 65ga 46.
O‘zaro o‘yinlarda namanganliklar 72 ochko, bekobodliklar esa 48 ochkoni qo‘lga kiritishgan. “Navbahor”ning “Metallurg” ustidan qozongan eng yirik g‘alabasi 7:0ga teng bo‘lsa, bekobodliklarning namanganliklar ustidan erishgan eng yirik g‘alabasi – 5:1.
O‘z o‘rnida ta’kidlash joizki, Namanganda bo‘lib o‘tgan 22 ta o‘yindan 17 tasida mezbonlar g‘alaba qozonishgan, 4 ta bahsda durang qayd etilgan. Faqatgina 1 marta, ya’ni 2016 yili bekobodliklar zafar quchishgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur uchrashuv 19 kuni Namangandagi “Markaziy” o‘yingohda soat 18:40da start oladi.

Fikrlar