Familiyaga qarab o‘tirmaymiz, himoyaviy futbol menga qiziq emas, uslubni o‘zgartiramiz - Yorqin Nazarov Superligadagi debyutiga qanday tayyorlanyapti?

  • 30 aprel, 2021, 23:17
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, kecha “Andijon” klubida bosh murabbiy o‘zgardi. Bungacha ishlab kelgan Otabek G‘ulomxo‘jaev iste’foga chiqarildi. U bilan birga mehnat qilgan Yorqin Nazarov vaqtincha bosh murabbiy etib tayinlandi.

Tecno

Endi bor mas’uliyat ushbu mutaxassisning zimmasiga yuklatildi. Sports.uz muxbiri esa Nazarov bilan mavjud vaziyat va “Andijon”ning keyingi o‘yinlari borasida suhbatlashdi.

- Yorqin aka, “Andijon”ning ortda qolgan uchrashuvlarida nima etishmadi, deb o‘ylaysiz?

- Jamoamiz yosh. Menimcha, tajriba etishmadi. Ularni ustida ishlashimiz kerak, bir-biriga sog‘lom raqobatni yuzaga keltirishimiz lozim. Tarkibda o‘zgartirish kiritib, o‘sha raqobatni oshirish muhim. Shunda futbolchi o‘rnimda boshqasi ham o‘ynay oladi, degan tushunchaga ega bo‘ladi. Mashg‘ulotlarda futbolchilarni familiyasiga qarab o‘tirmaymiz. Kim o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsatsa, o‘sha futbolchi o‘ynaydi. Mashg‘ulotda yaxshi ishlasa, bu o‘z navbatida o‘yinga ham o‘tadi. Kuni kecha bir jurnalist kam gol uryapsizlar, degandi va u to‘g‘ri gapirdi. Ertadan mashg‘ulotimizda faqat va faqat hujumga ishlaymiz. Xudo xohlasa, hujumkor o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz. Men ham asosan hujumkor o‘yin tarafdoriman. Himoyaviy o‘yin, qarshi hujum yoki nolga o‘ynash, degan tushunchalar menga unchalik qiziq emas. Murabbiy sifatida hujumkor futbolni yoqtiraman va shuni amalda qo‘llashga harakat qilamiz.

- Jamoada bosh murabbiy ketgani va voqealar rivojining bunday o‘zgarib ketishini kutmaganingiz aniq. Bosh murabbiylikni sizga ishonib topshirishganiga munosabatingizni bilmoqchiman.

- Bu to‘satdan yuz berdi. Otabek G‘ulomxo‘jaev rahbariyat bilan gaplashib chiqqanidan keyin men ketyapman dedi. So‘ngra, meni chaqirishdi va sizga imkoniyat beramiz deyishdi. Ularga o‘ylab ko‘rishimni aytdim. Barchasini o‘ylab chiqqanimdan keyin qabul qildim. Fikrimcha, baribir jamoaga boshqa murabbiyni olib kelgani bilan yordam berishi qiyinroq. Chunki futbolchilar yosh va ular bilan tanishib chiqqunicha ham vaqt kerak. Bizga esa bu erdagi hammasi yaxshi ma’lum. Yarmidan ko‘pi o‘zimizni shogirdlarimiz hisoblanadi. Qanday qabul qildim? Bu murabbiyning hayoti. Nazarimda, Otabekni natija uchun ishdan bo‘shatishmadi. Rahbarlar bilan o‘zaro gaplashgach, shunday qarorga kelishdi. Hozirgi vaziyat men uchun qo‘rqinchli holat emas. Yaxshi jamoa qilishga harakat qilamiz. Yo‘l qo‘ygan kamchiliklarimizni to‘g‘rilashga, jamoa o‘yinini yanada yaxshilashga bor mahoratimizni ishga solamiz.

nazarov

- Bungacha Otabek G‘ulomxo‘jaevning uslubi va uning dasturi bo‘yicha ishlab kelinayotgandi. Endilikda jamoa sizga topshirilgach, yana sobiq murabbiyning qo‘llayotgan uslubi bo‘yicha ishni davom ettirasizmi yoki...

- O‘zgartiramiz. Sababi, oldingi dasturimiz bizga kutilgan natijani bergani yo‘q. Shuning uchun o‘yin uslubimizga o‘zgartirish kiritishimiz aniq. Agar bunisi ijobiy natija keltirmasa, yana o‘zgartiramiz. Menda tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqtim kam. 5 may kuni o‘yinimiz bor, keyin 11 mayda ham. Ketma-ket o‘yinlarimiz turibdi. Mashg‘ulot jarayonimizga o‘zgartirish kiritib, vaziyatni yaxshi tomonga burishga harakat qilamiz. Agar o‘zgartirish kiritmasak o‘sha natija yana takrorlanishi mumkin. Jamoamizdan xafa bo‘lgan muxlislar o‘yinimizni televizordan yoki internet orqali tomosha qilishadimi, bilmadim. Ammo maqsadimiz ishqibozlarni yana stadionga qaytarish. Xudo xohlasa, muxlislar o‘yinni televizorda ko‘rishgach, yana stadionga kelishadi. Natijaga biror nima deya olmayman. Vaqtimiz kam. Biroq o‘yin uslubimizni yangilab, muxlislarga yoqadigan futbolni namoyish etish tarafdorimiz.

- 5 may kuni “Qo‘qon-1912”ga qarshi vodiy derbisidek muhim o‘yin kutyapti. Mazkur bellashuv oldidan fikringiz qanday?

- “Qo‘qon-1912” oldingi yili 5-o‘rinni olgan. Hozir ham yuqori o‘rinlardan birida. Bu bejizga emas. To‘g‘risi, qo‘qonliklarning o‘yinlarini tahlil qilib o‘tiribman. “Metallurg”, “Mash’al” singari jamoalar bilan o‘tkazgan uchrashuvlarini ko‘ryapman. Barcha pozitsiyaga yaxshi o‘yinchilarni jamlashgan. Zaxiradagi o‘yinchilari ham yaxshi. “Qo‘qon-1912” bilan uchrashuv derbiligi aniq, buni bilib turibman. Bu bellashuv oson kechmasligini ham sezib turibman. Raqibning kamchiligini topib, o‘z uyimizda g‘alaba qozonish haqida bosh qotiryapmiz. Bizni boshqa natija qoniqtirmaydi.

nazarov1

- Jamoadagi murabbiy o‘zgarishini futbolchilar qanday qabul qildilar?

- Otabek ketganiga albatta ko‘pchilik futbolchilar xafa bo‘lishdi. Chunki aksariyati uning ortidan kelishgan. Lekin yaxshi tomoni shuki, men klubda qoldim va bungacha ham murabbiylar shtabida birgalikda ishlab kelayotgandik. Futbolchilarni yaxshi bilaman. Albatta, o‘yinchilar bilan birma-bir gaplashib chiqamiz. Hayot davom etayotgani va ularning faoliyatida hali bunday vaziyatlar ko‘p bo‘lishini tushuntirib, ruhlantirishga harakat qilamiz.

- Superligada bosh murabbiy sifatida debyutingizni o‘tkazasiz. Demak, o‘zingizni ko‘rsatish uchun ham imkoniyat paydo bo‘lmoqda.

- Menga imkoniyat berildi. Bor mahoratim, mehrim va kuchimni berib, natija ko‘rsatishga harakat qilamiz. Buning ustida ishlayapmiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!