
Faoliyati davomida deyarli hech narsa yutmagan futbol yulduzlari top-7
Futbol har doim ham adolatli emas. Ba’zan bir futbolchi juda yuqori darajada o‘yin ko‘rsatadi, boshqalardan ko‘ra bir bosh ustun bo‘ladi, ammo yakunda hech narsa yuta olmaydi. Bugun ana shunday futbolchilarning ayrimlari haqida so‘z yuritamiz.
Antonio Di Natale
Antonio Di Natale bir necha yillar davomida A Seriyaning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri bo‘lgan. U ikki marta chempionatning eng yaxshi to‘purariga aylangan, 2010 yilda esa Italiyada “Yil futbolchisi” deb topilgan. Afsuski, u “Udineze”dagi uzoq yillik faoliyati davomida hatto kubok finallariga qadar ham etib borolmadi. Italiya terma jamoasi bilan ham uning omadi kelmadi. “Evro-2012”da Italiya finalga qadar etib keldi, bunda Antonioning xizmatlari salmoqli bo‘lgan. Ammo, uning terma jamoasi hal qiluvchi o‘yinda Ispaniyaga 4:0 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Yildiray Bashturk
Germaniyada tug‘ilgan turk futbolchisi faoliyati davomida ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritishga juda yaqin kelgan. U 2001/02 yilgi mavsumda deyarli barcha narsani yutgan “Bayer”ning asosiy futbolchilaridan biri bo‘lgan. Afsuski, “dorishunoslar” o‘sha mavsum Germaniya kubogi va Chempionlar ligasi finalida mag‘lub bo‘lishdi. Bundan tashqari, chempionat yakunlanishiga 2 ta tur qolganida Bundesliganing oltin medallarini ham boy berishdi.
Bashturk shu yili Turkiya terma jamoasi bilan “JCh-2002”da yarim finalda bo‘lajak chempion - Braziliyaga imkoniyatni boy berdi. Ammo, bronza medallari uchun kechgan bellashuvda turklar Janubiy Koreya ustidan zafar quchishdi. Yildiray hech bo‘lmaganda o‘sha mundialda medal qo‘lga kiritish hissini tuygan bo‘lsa ajab emas.
Mettyu Le Tisse
Mettyu Le Tisse - bu zamonaviy futbolning eng mashhur sirlaridan biri desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. U faoliyatining yuqori cho‘qqisiga chiqqan yillarida shunchaki ajoyib o‘yin ko‘rsatar edi. Le Tisse ajoyib fintlar va uzoq masofalardan turib raqib darvozasini ishg‘ol etishga qodir edi. U shu tariqa Angliya premer-ligasida 3 marta oyning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. Agar u o‘z vaqtida “Sautgempton”dan ketganida, ko‘p narsaga erishishi mumkin edi.
Sokrates
Sokrates ham omadi chopmagan mashhur futbolchilardan biri hisoblanadi. "Korintias" va "Botafogo" klublari safida milliy chempionatlarda umuman g‘olib bo‘la olmagan. Bundan tashqari unga Braziliya terma jamoasida ham sovrindor bo‘lish nasib etmagan. U etakchilik qilgan Braziliya 1983 yilgi Amerika kubogi finaligacha etib bordi va hal qiluvchi o‘yinda Urugvayga imkoniyatni boy berdi.
Bernd Shnayder
“Oq braziliyalik” laqabini olgan Shnayder 10 yil davomida “Bayer” klubi sharafini himoya qildi. 2001/02 yilgi mavsumda leverkuzenliklar Chempionlar ligasi finaliga qadar etib borishdi va bunda Berndning mehnati beqiyos edi. U musobaqa davomida eng ko‘p golli uzatmaga mualliflik qilgan futbolchi bo‘ldi.
Shnayder uchun 2002 yil og‘ir kechdi. Shu yilning o‘zida Germaniya “JCh-2002” finalida Braziliyaga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Agar Shnayder haqiqiy braziliyalik bo‘lganida, ko‘proq sovrinlar yutgan bo‘lardi.
Jermeyn Defo
Agar Jermeyn Defo “Reynjers” safiga o‘tmaganida, uning yulduzli faoliyati sovrinlarsiz yakunlanishi muqarrar edi. Defo Angliya premer-ligasi tarixidagi eng yaxshi to‘purarlardan biri hisoblanadi. Ammo, u bor yo‘g‘i Angliya Superkubogi finalchisi hisoblanadi xolos. Defo 2008 yil, ya’ni “Tottenxem” Angliya liga kubogini qo‘lga kiritishidan bir hafta oldin jamoani tark etadi. Bu uning faoliyatidagi eng muhim sovrinlardan biri bo‘lishi mumkin edi.
Leyton Beyns
O‘z vaqtida Leyton Beyns Angliya futbolidagi eng zo‘r chap qanot himoyachisi hisoblanar edi. U o‘zining aniq uzatmalari bilan mashhur bo‘lgan. Ma’lumotlarga qaraganda, “Manchester Yunayted” Beynsga taklif bildirgan, ammo u “Everton”da qolishni tanlagan. U “irischilar” safida 2009 yil Angliya kubogi finaliga qadar etib keldi. Lekin finalda “Chelsi”ga imkoniyat boy berildi. Beyns shuningdek “Uigan” safida ham o‘ynagan. Lekin u erda ham Leytonga omad kulib boqmagan. U “Uigan” bilan Chempionshipda 2-o‘rinni egallagan va Angliya liga kubogi finaliga qadar etib borgan.
Fikrlar