Faoliyatimdagi bunday chorlovdan endi voz kecha olmasdim - Samvel Babayan bilan katta suhbat

  • 5 dekabr, 2019, 23:18
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

«Lokomotiv»ni tark etib, Xitoyning «Changchun Yatay» klubiga bosh murabbiy etib tayinlangan Samvel Babayan yana barchaning e’tiborida. U «Loko»dagi oxirgi o‘yinini qadrdon klubi – «Paxtakor»ga qarshi o‘tkazdi va ertasiga Xitoyga jo‘nab ketdi. Safarga ketish oldidan esa Babayan o‘zining oxirgi katta intervyusini berdi.

Tecno

- «Lokomotiv» bunga qadar ketma-ket uch bor O‘zbekiston chempioni bo‘lishga erishgandi. Bundan tashqari, Kubok va Superkuboklarni ham yutgandi. Ammo bu mavsumda jamoa hech qanday sovrin va unvonga ega chiqa olmay 2-o‘rin bilan kifoyalandi. Bunga munosabatingiz qanday?

- Darhaqiqat, joriy yil klubni bir qadam ortga tashladi deyish mumkin. Ammo futbolda shunaqasi ham bo‘lib turadi. Har doim yutishning iloji yo‘q. Qolaversa, klubimizdan 8 nafar futbolchi ketganligini yoddan chiqarmaslik kerak. Bu esa «Lokomotiv»ning o‘yiniga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Ularning o‘rniga kelgan yangi ijrochilar ko‘nikma hosil qilishda qiyinchiliklarga duch kelgan bo‘lishlari mumkin. Shunday bo‘lsa-da, oxirigacha kurash olib borishdi. Yana shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, yangi kelganlarning hammasini mavsum davomida bir paytda o‘ynatishning imkoni bo‘lmadi. Bu yilgi natijaga to‘xtalsak, bundan ham yaxshirog‘iga erishishimiz mumkin edi. Lekin keraksiz paytda juda qimmatli ochkolarni boy berdik. Bu nihoyatda achinarli. Masalan, qayd etilgan oltita durang adolatdan bo‘ldi deya olmayman. Biz sifatli futbol namoyish etgan bo‘lsak ham ba’zida durang bilan kifoyalanishimizga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, zaxira o‘rindig‘ining torligi, ya’ni, o‘yinchilarning etishmasligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Endi klub bu muammoni bartaraf etishga harakat qiladi. Umuman olganda, mavsumni qoniqarli tarzda yakunladik, deya xulosa chiqarsak bo‘laveradi. Chunki birinchilikning kumush medaliga har kim ham ega chiqavermaydi. Qolaversa, vitse-chempion sifatida «Lokomotiv» Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish imkonini qo‘lga kiritdi. Mavsumni qoniqarli o‘tdi deya bemalol hisoblash mumkin.

- Sizga qadar o‘zbekistonlik bo‘lgan murabbiylarning xorij klublarida ishlashlari kuzatilmagandi. Albatta, ba’zilar terma jamoa va klubda ishlashgan. Ammo futboli kuchayib borayotgan Xitoy chempionatida ishlash birinchi bo‘lib sizga nasib etyapti. Bu siz uchun oldinga tashlangan katta qadam. Faoliyatingizdagi bunday chorlovga tayyormidingiz?

- Albatta, o‘z kuchimni xorij klubini boshqarish orqali sinashni orzu qilgandim. Bugungi kunda Xitoyda futbol o‘ta rivojlanib bormoqda. Mamlakatning oliy va birinchi ligasi doirasidagi uchrashuvlarda stadionlar muxlislar bilan doim gavjum bo‘ladi. Endilikda Xitoyda zamon talablariga javob beradigan infratuzilma yo‘lga qo‘yilgan. 2017 yili menga shunday taklif bilan chiqishgandi. Lekin o‘shanda terma jamoa ustozi bo‘lganim bois taklifni rad etganman. Vaholanki, o‘shanda xitoyliklar menga rad etish amrimahol bo‘lgan taklif bilan chiqishgandi. Biroq ularga javoban vatan oldidagi burchimni bajarishim kerakligini aytib, takliflarini qabul qilmagandim. Bu yil esa ular yana mening nomzodimga qaytishdi. Bu safar stol atrofida o‘tirib hammasini bafurja maslahatlashib olgan holda yakuniy to‘xtamga keldik. Rahbariyat oldimga «Changchun Yatay»ni oliy ligaga qaytarishni vazifa qilib qo‘ydi. U erga O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilish maqsadida ketyapman. Albatta, bu men va o‘zim bilan birga Xitoyga ketayotgan yordamchilarim uchun katta chorlov. Shu bilan birga bu taklifni qabul qilganimiz zimmamizga katta mas’uliyat yuklashini alohida ta’kidlashim joiz. Xitoyda oson bo‘lmasligini hozirdan his qilib turibman, lekin pand berib qo‘ymaslikka harakat qilaman. Boz ustiga Xitoyda boshqacha madaniyat, boshqacha mentalitet va urf-odatlar borki, ko‘nikma hosil qilish oson bo‘lmaydi. Baxtimizga xitoychani yaxshi biladigan tarjimonimiz bilan u erga yo‘l olyapmiz. O‘sha tarjimon Xitoyda ancha ishlab tajriba orttirgan. Umid qilamanki, shunday mutaxassis bilan bizda ko‘nikma hosil qilishda ortiqcha muammo bo‘lmasa kerak. Umuman aytganda, O‘zbekiston sharafini Xitoy futbolida munosib himoya etishga harakat qilamiz. Asosiysi, biz borayotgan klub juda ishtiyoqmand ijrochilardan tarkib topgan. Tarkibdagi futbolchilar bilan bemalol Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etsa bo‘ladi.

babayan3

- Milliy terma jamoani boshqarib yurgan kezlaringizda JCh saralash bosqichi doirasida Toshkentda Xitoyni 2:0 hisobida yutganimizdan so‘ng xizmatingizga shu yurtdan takliflar bo‘lganini eshitgandim. Aslida ham shunday ma’lumotlar rostmi?

- Ha, hammasi rost. O‘shanda biz juda sifatli o‘yin namoyish etgandik. Xitoyni o‘yinning barcha jabhalarida ojiz qoldirganmiz. Hisob yirik ko‘rinish olishi mumkin edi. Ammo o‘sha bellashuvda juda ko‘plab qulay vaziyatlardan unumli foydalana olmaganmiz. Aynan o‘sha bellashuvdan so‘ng Xitoy Superligasidagi klublardan biri meni ishga chaqirgandi. O‘sha klub tarkibida yulduz maqomidagi o‘yinchilar juda ko‘p bo‘lib, hammasi o‘z milliy terma jamoalari safida etakchilar hisoblanishardi. Biroq terma jamoani boshqarayotganim tufayli taklifdan voz kechishimga to‘g‘ri kelgan.

- Anzur Ismoilov aynan «Changchun Yatay»da bir necha mavsum o‘ynagan. Odil Ahmedov hozir faoliyatini Chin yurtida davom ettiryapti. Aytmoqchimanki, taklifni qabul qilishdan oldin bu ikki futbolchi bilan shu haqida gaplashdingizmi?

- To‘g‘ri, bu masalada oxirgi paytlarda Anzur Ismoilov bilan ko‘proq gaplashdim. Uni futbolchi sifatida olib ketishdan ko‘ra yordamchim rolida ishga jalb etishni xohlagan bo‘lardim. Ammo ayni chog‘da Xitoydagi ishimda o‘zimga ko‘maklashadigan shtabni tanlab bo‘ldim. Asosiysi, Anzur menga jamoa haqida etarlicha gapirib berdi. Shuningdek, Odil Ahmedov bilan ham bog‘lanib, Xitoy mentaliteti haqida so‘radim. Chunki Xitoy – buyuk davlat. Shunday mamlakatning madaniyatidan biroz xabardor bo‘lish zarar qilmaydi. Umuman aytganda, safarga chiqish oldidan Xitoy haqida har tomonlama etarlicha ma’lumotlar olishga intilyapman. Qolaversa, siz jurnalistlar murabbiy uchun butunlay yangi mamlakat va yangi klubda ish boshlash mutlaqo oson emasligini boshqalarga nisbatan yaxshiroq bilasizlar.

- Eshitishimcha, yangi klubingiz uchun O‘zbekistondan ham bir qancha futbolchilarni taklif etish haqida rejalar tuzib qo‘yibsiz. O‘sha o‘yinchilar orasida Egor Krimets ham bor ekan, shundaymi?

- Ayni chog‘da aniq ism-shariflarni keltira olmayman. Ammo o‘zimiz ko‘zlab qo‘ygan bir qancha ijrochilar bor va ular milliy terma jamoa a’zolari hisoblanishadi. Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, meni ko‘proq hujum chizig‘i vakillari qiziqtiradi. Bundan tashqari, Xitoydagi aksar klublar chetdan o‘yinchi taklif qiladigan bo‘lsa, birinchi navbatda hujumchilar bilan bog‘lanishadi. Tabiiyki, o‘zimizning yigitlardan bir nechtasini jon deb Xitoyga olib ketishni istayman. Shu masala yuzasidan suhbatlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Boz ustiga yangi ishimda menga yordami tegadigan o‘yinchilar aynan kimligini yaxshi bilaman. Biroq hozircha bu masala yuzasidan tayinli gap aytishim qiyin. «Changchun Yatay»dagilar bilan bog‘lanib tarkibdagi deyarli barcha legionerlar bilan hisob-kitob qilgan holda xayrlashish kerakligini aytdim. Endi yangi mavsum uchun qanday tarkibni shakllantirish kerakligini bafurja maslahatlashib olamiz.

babayan4

- «Lokomotiv»ga kelgan paytingizda alohida matbuot anjumani uyushtirgandingiz. O‘shanda klubga katta maqsadlar bilan kelganingizni ham gapirib o‘tgandingiz. Endi voqealar rivoji tubdan o‘zgarib ketdi: mavsum nihoyaladi va ish joyingiz ham boshqa bo‘ladi. To‘g‘risi, bu ko‘pchilik uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Faoliyatingizda keskin burilish bo‘lishiga asosiy sabab nima? Eshitishimcha, «Lokomotiv»da moliyaviy tomondan muammolar bo‘lgani uchun ham ketishga qaror qilibsiz…

-  Avvalo shuni ta’kidlashim kerakki, «Lokomotiv» har tomonlama barqaror klub. Rahbariyat zimmasidagi vazifalarga juda mas’uliyat bilan yondashadi. Moliyaviy masalada hech qanday gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Ikkinchidan, «Lokomotiv»ga kelgan paytimda rostdan ham o‘z rejalarimni bosqichma-bosqich amalga oshirishni istagandim. Ammo gapimga ishoning, faoliyatimdagi bunday chorlovdan voz kecha olmasdim. Bu nafaqat men, balki butun mamlakat uchun o‘ta jiddiy chorlovdir. Negaki, endi Xitoyda butun O‘zbekistonning vakili sifatida ishlayman. Ushbu masala yuzasidan mutasaddilar bilan gaplashdik va ular meni qo‘llab-quvvatlashdi. Chunki xorijda ishlash yuzasidan uchinchi taklif kelib tushmasligi aniq edi. Buni o‘z navbatida men ham, rahbariyat ham to‘g‘ri qabul qildi. Xitoyda bugungi kunda eng yaxshi murabbiylar va futbolchilar faoliyatini olib borishyapti. Bizda esa o‘z futbolimiz – o‘zbek futboli vakili sifatida nimalarga qodirligimizni isbotlab berish imkoniyati tug‘ildi. Ha, bu o‘ta og‘ir tanlov. Qolaversa, «Lokomotiv» rahbariyati menga butunlay boshqacha munosabatda bo‘lib, ko‘zlagan rejalarimni amalga oshirishga xayrixoh bo‘lib turgandi. Lekin ular ham yakuniy qaror qabul qilish oldidan meni to‘g‘ri tushunishdi. Buning uchun mutasaddilardan minnatdorman. O‘ylaymanki, bu hammamiz uchun eng to‘g‘ri qaror. Boz ustiga xorij birinchiligidagi klubni boshqarish har kimga ham nasib etavermaydi. Men qiyinchiliklardan qo‘rqmayman. Har doim oldinga intilishga harakat qilaman, oson yo‘ldan borishni istamayman. Rostini aytaman, «Lokomotiv»da menga har tomonlama qulay edi. Bu erda o‘z ishining haqiqiy professionallari jamlanishgan. Klubdagi infratuzilma va kommunikatsiya a’lo darajada. Lekin bunday jiddiy chorlovni qabul qilmasam bo‘lmasdi. Asosiysi, bu masalada rahbariyat meni to‘g‘ri tushundi. Buning uchun mutasaddilardan minnatdorman.

- Shak-shubhasiz, oxirgi yillarda Xitoy futboli juda rivojlanmoqda va u erdagi klublar murabbiylar va futbolchilarga moliyaviy tomondan juda yaxshi takliflarni yubormoqdalar. O‘z navbatida ular tomonidan sizga yuborilgan taklifning moliyaviy bandi yakuniy qaroringizga ta’sir o‘tkazdimi?

- O‘tkazganda qandoq, 100 foiz ta’sir qildi! Terma jamoada ustozlik qilib yurgan kezlarimda xitoyliklar menga juda katta pul taklif qilgandilar. Ammo o‘shanda buni rad etganman. Biroq bu gapim bilan Babayan Xitoyga pul ishlash uchun ketdi ekan, degan xayolga bormasligingizni so‘ragan bo‘lardim. Boya aytganimdek, ikkinchi bor taklifni rad etgan taqdirimda uchinchi marta menga hech kim qiziqish bildirmasdi. 100 foizlik ishonch bilan aytamanki, u erga pullar uchun emas, balki o‘z g‘oyalarimni amalga oshirish va avvalo o‘zbek futboli sha’nini himoya qilish uchun ketyapman. Yuqorida aytib o‘tganimdek, qiyinchiliklardan qo‘rqmayman va har doim oldinga intilishga harakat qilaman. Menda boshqa variantlar yo‘q. To‘g‘ri, har qanday kishiga pullar kerak, biroq yakuniy qarorimda pullar men uchun unchalik muhim ahamiyat kasb etmaganligini alohida ta’kidlashim joiz.

babayan6

- Chindan ham siz o‘zingiz ta’kidlaganingizdek, qiyinchiliklardan qo‘rqmaydigan murabbiysiz. Barchaga yaxshi ma’lum faoliyatingiz davomida boshingizdan ko‘p ishlarni o‘tkazdingiz. Agar o‘rningizda boshqasi bo‘lganida allaqachon ruhan singan va murabbiylik qilishni yig‘ishtirib qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin edi. Lekin ruhiy tomondan kuchli ekanligingizni yana ko‘rsatdingiz. Ayting-chi, bu borada sizda muammolar bo‘lmaganmi?

- Qaerga borayotganligimni yaxshi bilaman. Shuning barobarida Xitoyda men va yordamchilarimga oson bo‘lmasligini ham hozirdan tushunib turibman. Biz u erda boshqa madaniyat vakili sifatida ishlaymiz. Lekin men engil yo‘ldan borishga o‘rganmaganman. Shunday ekan, Xitoyga ham o‘z hoxishim bilan yo‘l oldim. «Lokomotiv»ga kelishim ham o‘zi boshqacha bo‘lgandi. Axir men faoliyatim davomida boshdan oyoq «paxtakor»chi edim, ammo shunga qaramay, meni klubda qabul qilishdi. Hech qanday qo‘rqinchli jihat yoki muammoni ko‘rmayapman. Murabbiylik turli sinovlarga boy bo‘lgan kasbdir.

- O‘zingiz «Paxtakor» haqida og‘iz ochib qoldingiz. Nihoyasiga etgan joriy mavsumda «Paxtakor» muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirgani bois birinchilik saviyasi tushganligi haqida gapirayotganlar etarlicha topiladi. Shunday fikrlaydiganlarning aytishicha, chempionatimizda intriga yo‘qolgan. Bu borada sizning fikringiz qanday?

- Mavsum haqida nima deyishim mumkin, «Paxtakor» chempionlikka munosib ekanligini isbotlay oldi va haqli ravishda shohsupaga ko‘tarildi. Ularda zaxira o‘rindig‘ining kengligi ham muhim rol o‘ynadi. Ya’ni, klubda bir xil kuchga ega bo‘lgan ikkita tarkib shakllanib bo‘lgandi. «Paxtakor»chilar transfer va selektsiya borasida juda katta ishni amalga oshirib, tarkibga eng sara ijrochilarni olib  kelishdi. Yana takrorlayman: «Paxtakor» haqli ravishda chempionatni yutdi. To‘g‘ri, yaqin ta’qibchilardan klubning katta farq bilan oldinga o‘tib ketgani biroz g‘alati bo‘ldi. Shundan kelib chiqqan holda boshqalar O‘zbekiston chempionatida intriga pasayib ketgani borasida gapira boshladilar. O‘ylaymanki, kelgusi mavsumda bunday holat takrorlanmaydi.  Menimcha, «Lokomotiv» yangi mavsum uchun tarkibni yaxshi shakllantirgan holda «Paxtakor»dan chempionlikni tortib olish uchun oxirigacha kurash olib boradi. Shu bilan birga oxirgi paytlarda katta ko‘lamdagi selektsiya ishlarini olib borayotgan «Navbahor»dan ko‘p narsani kutish mumkin. Agar raqobat kuchli bo‘lsa, o‘z-o‘zidan chempionat saviyasi ortib boradi. Basharti xuddi bu mavsumdagi faqat bir klubning yaqqol etakchilik qilishi o‘z-o‘zidan tanqidiy qarashlarni kuchaytirib yuboraveradi. Futbolimiz rivojlanishi uchun birinchilikdagi raqobatning oxirgi turga qadar saqlanib qolishi eng ma’qul variant bo‘lardi.

- O‘tgan safar Namangandagi uchrashuvdan so‘ng tashkil qilingan matbuot anjumanida qiziq gapni aytib, «Navbahor»ni chempionga aylantirish orzuim dedingiz. Shu gapingizdan so‘ng odamlar Babayan keyinchalik «Navbahor»ga ham kelmoqchi ekanda deya gapirishga tushdilar. Ammo siz Xitoyda ishlaydigan bo‘ldingiz. Ayting-chi, aynan Namangandan xizmatingizga taklif bilan chiqishganmidi?

- Oldin «Navbahor»dan takliflar bo‘lgan. Ammo men «Lokomotiv» variantini tanlagandim. Bu fakt. Ha, ilgari shu masala yuzasidan suhbatlar o‘tkazilgan. Axir «Navbahor»da o‘z ishining haqiqiy mutaxassislari ishlashyapti. Qolaversa, viloyat hokimi Xayrulla Hayitboevich Bozorov mahalliy klub uchun qattiq qayg‘uradi. Qolaversa, viloyat futbolini kuchaytirish uchun katta ko‘lamdagi ishlarni amalga oshiryapti. Men o‘sha matbuot anjumanida shunchaki o‘z orzularimdan biri haqida gapirdim. Qolaversa, futboldgi ilk qadamlarimni aynan Namanganda tashlaganman. O‘shanda Jalilovni ishga taklif qilgandilar. O‘sha davrlar fantastik bo‘lgan. Namanganda qachon o‘yin o‘tkazilmasin, stadion doim muxlislar bilan liq to‘lgan bo‘ladi. Bunday muhitda o‘ynash kishiga faqat zavq bag‘ishlaydi. Shundan kelib chiqqan holda «Navbahor»da ishlash orzularimdan biriligini ifodalamoqchi bo‘ldim. Ehtimol, oradan qandaydir vaqt o‘tgach, menda bu orzuni ro‘yobga chiqarish imkoniyati bo‘lar. Namangan – futbol shahri. Bu erdagi ishqibozlarni baxtiyor qilgan taqdirimda o‘zimni juda xursand sezishim aniq. Shuningdek, fursati kelganda «Andijon»ning muxlislarini ham alohida aytib o‘tmoqchiman. Futbolda raqib jamoa bosh murabbiyini qo‘llab-quvvatlash har doim ham kuzatilavermaydi. Qolaversa, avvallari ham andijonlik muxlislar eng yaxshilari ekanligini ko‘p ta’kidlaganman. Bunday obektiv ishqibozlardan faqat minnatdor bo‘lish kerak. Ular futbolni teran tushunishlari uchun o‘zlarini shu tarzda tutishni ma’qul topdilar. Ular tomonidan tayyorlangan turli bannerlar ham menda iliq taassurot qoldirganligini aytishni istardim. O‘zlarini haqiqiy ishqibozlardek tutadigan bunday kishilarni hurmat qilaman. Ular raqib jamoa murabbiylari va vakillariga nisbatan o‘zlarini tajovuzkorona tutish o‘rniga insoniylik sifatlarini namoyon qilishadi.

babayan2

- Ishqibozlar mavzusida gap ochilib qolgan ekan, «Lokomotiv»ning muxlislari oxirgi paytlarda juda kamayib ketganligi haqida to‘xtalmasdan o‘tishning iloji yo‘q. Kam sonli tomoshabinlar qarshisida o‘ynash sizlarga zavq bermagan bo‘lsa kerak.

- Gapingiz rost, «Lokomotiv»ning uy o‘yinlari chog‘ida stadion nari borsa maksimum 20 foizga ishqibozlar bilan to‘lishi mumkin. Futbolda muxlislarning daldasi muhim ahamiyat kasb etadi. Gapingizda jon bor, «Lokomotiv»ning ishqibozlari ozayib borayotganligi klub uchun haqiqiy muammodir. Bu masalada marketing bo‘limidagilar zimmasiga katta mas’uliyat tushadi. O‘ylaymanki, yangi mavsumda «Lokomotiv» Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtirokini boshlaydigan bo‘lsa, tomoshabinlar tribunalarga qaytishadi. Bu borada jamoada ish olib borilyapti.

- O‘zbekiston terma jamoamizdagi g‘alabali seriya borasidagi eng yaxshi ko‘rsatkich sizga tegishli. O‘zbekiston termasining hozirgi tarkibi bilan jahon chempionatiga chiqish borasidagi orzuni ro‘yobga chiqarish mumkinmi? Bugungi terma jamoamizning kuchli va kuchsiz tomonlarini ko‘rsatib bera olasizmi?

- Kimnidir xafa qilib qo‘yishni istamayman. O‘zbekiston terma jamoasida hamma vaqt murabbiylar va futbolchilar iloji boricha maksimum natija sari intilishgan. Kim murabbiy bo‘lishidan qat’iy nazar uni doim qo‘llab-quvvatlash darkor. Agar men ishlagan davr bilan hozirgisini solishtiradigan bo‘lsak, o‘rtadagi farq ancha katta. Chunki avlodlar almashinuvi yuz berib, eskilar o‘rniga yangilari kelishdi. Ammo gap imkoniyat haqida ketayotgan ekan, shuni ta’kidlashni istardimki, terma jamoamizda doim jahon chempionatiga borish imkoni bo‘lgan. Masalan, Mirjalol Qosimovga ikkita, menga esa bitta gol kamlik qilgan. Biz har doim so‘nggi bosqichga qadar etib borganmiz. Baxtga qarshi hammasini mantiqiy yakuniga etkazish nasib etmagan. Umid qilamanki, bugungi terma jamoada nihoyat jahon chempionatiga borish imkoni bo‘ladi. Terma jamoani kim boshqarishi va tarkibda kimlar o‘ynashidan qat’iy nazar ularni doim qo‘llab-quvvatlash darkor. Shunda bunday dalda murabbiy va o‘yinchilarga ruhiy tomondan katta kuch bag‘ishlaydi. Men buni shaxsiy tajribamdan kelib chiqqan holda gapiryapman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Нигмат Тураев
07/12/2019 10:03
Хитойда пора олганлик учун улим жазоси бор, эсиндан чикарма бабаян
Расулжон Тоштемиров
06/12/2019 09:51
Узфф команда сони 18 килиш керак
Абдусамат Жураев
06/12/2019 08:04
Ишкилиб хитойликлар хитой деворидан ПИЕДА кемаснг булди
&
Surxon turon
06/12/2019 07:21
Борган жойингдан бахт топ куп безорилик қилмай қиссиб юр сергев билан лаббоновдиям обкет
&
Сурхон К
06/12/2019 08:31
Шу Хитойда тошдай котиб болдай ботсин. Дейиш кк эди. Хитойда эшшак гуштини куп йема Бабаян