Faizullaev bilan birga o‘ynagan mashhur futbolchi faoliyatini yakunladi
“Barselona”, “Yuventus” va CSKA klublarining sobiq yarim himoyachisi Miralem Pyanich futbolchilik faoliyatini rasmiy yakunlaganini ma'lum qildi.
"Men endi o‘ynamayman. Faoliyatimni yakunladim. Hozir Dubayda yashayapman va endilikda futbolchi emasman. Men kichik o‘g‘limning otasiman va u men uchun eng ustuvor ahamiyatga ega",— deya Pyanichning so‘zlarini jurnalist Nikolo Skira keltirdi.
35 yoshli bosniyalik futbolchining professional faoliyatidagi so‘nggi klubi Moskvani CSKA jamoasi bo‘lgan. U klubni yozgi transfer oynasidan tark etgan. Avvalroq u Dubayda futbol agentligi yo‘nalishida tahsil olayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Faoliyati davomida Miralem “Mets”, “Lyon”, “Roma”, “Yuventus”, “Barselona”, “Beshiktosh”, “Al-Sharja” hamda CSKA klublari sharafini himoya qilgan. Shuningdek, u Bosniya va Gersegovina milliy terma jamoasi safida 115 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Pyanichdan faqat Edin Jeko (146 o‘yin) oldinda.
Fikrlar