
Fayzullaev bu futbolchilar orasida superyulduzga aylanadi
Turkiya Superligasi Evropada eng jadal rivojlanib borayotgan ligalaridan hisoblanadi. Turklar keyingi yillarda jahon futbolida nom qozongan o‘yinchilar va murabbiylarni tobora ko‘proq o‘z jamoalariga jalb etib kelmoqda.
Bu jarayonda turk jamoalarida o‘ynayotgan o‘zbek futbolchilari soni ham ortib bormoqda. O‘z davrida Otabek Shukurov “Fotih Karagyumryuk” va “Kayserispor” jamoasida faoliyat yuritgan bo‘lsa, o‘tgan mavsum Azizbek Turg‘unboev “Sivasspor”da, Husniddin Aliqulov “Rizespor”da o‘ynadi.
Boshlanayotgan mavsumda o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Turkiya chempionatida “Istanbul Bashakshehir”ga muxlislik qiladigan bo‘lyapti. O‘tgan mavsumni beshinchi o‘rinda yakunlagan jamoa yaqinda o‘z safiga Eldor Shomurodovni qo‘shib olgan edi.
30 yoshli hujumchimiz UEFA Konferentsiyalar ligasi ikkinchi saralash bosqichida Bolgariyaning “Cherno More” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda maydonga tushib, “Bashakshehir”dagi rasmiy debyutini ham nishonlab oldi.
Endi istanbulliklar jamoasini Abbosbek Fayzullaev kuchaytiradigan bo‘lyapti. Turk futboliga ixtisoslashgan rossiyalik ekspert Elvin Kerimov “Bashakshehir”ning etakchi o‘yinchilari haqida fikr bildirar ekan, Fayzullaev ham ular orasida o‘zini ko‘rsata olishini ta’kidladi.
- Abbosbek Fayzullaev nafaqat “Istanbul Bashakshehir”ning, balki butun liganing yulduzi bo‘lishga qodir. Bu jamoa tarkibida superyulduzlar yo‘q, lekin jamoa ancha nufuzli. E’tiborga molik o‘yinchilar orasida Usseyn Ba bor. Bu himoyachi uzoq vaqt “Olimpiakos”da o‘ynagan va Evrokuboklarda juda boy tajriba to‘plagan.
“Beshiktosh”dan kelgan va o‘z davrida Turkiya terma jamoasida to‘p tepgan Onur Bulutning ham malakasiga hech qanday shubha yo‘q.
Deniz Tyuryuch ham Oner Bulut singari Turkiyaning grand klublaridan “Fenerbahche” va milliy terma jamoada o‘ynash tajribasiga ega. Deniz standart vaziyatlar ustasi hisoblanadi. Uning “Old Trafford”da jarima nuqtasidan “Manchester Yunayted” darvozasiga urgan golini muxlisu mutaxassislar hamon yaxshi eslashadi.
Tayanch yarim himoyachisi Berat O‘zdemir “Trabzonspor” bilan Turkiya chempionligiga sazovor bo‘lgan. Portugaliyalik legioner Migel Kreshpu hamyurti Jorju Jezush “Fenerbahche”ni boshqargan paytda juda muhim o‘yinchi edi.
Istanbulliklar tarkibida “Shtutgart” tarbiyalanuvchisi Berkay O‘zjan, “Marsel”da voyaga etgan va bir necha yil oldin Turkiya Superligasini larzaga solgan Yusuf Sari kabi mahorat egalari ham to‘p tepadi.
Hujumchi Deyvi Zelkening suyagi Germaniya Bundesligasida qotgan. U o‘z yurtidagi faoliyati davomida “Verder”, “Gerta”, “Leyptsig”, “Kyoln” kabi nomdor klublar uchun gol urgan.
Muhammad Shengezer – Turkiya chempionatida oyoqda jng yaxshi o‘ynaydigan darvozabon sifatida tilga olinadi. Bu posbon Konferentsiyalar ligasida ikkita golli pas uzatgani bilan ham e’tibor qozongan.
Bosh murabbiy Chag‘dash Atan uchun o‘yinchilarning bu sifatlari juda muhim hisoblanadi, - dedi Elvin Kerimov.
Ta’kidlash joizki, “Istanbul Bashakshehir”ning yana bir yangi hujumchisi Eldor Shomurodov mahorat va tajriba bobida ham hech kimdan qolishmaydi. “Roma”dan keyinchalik to‘liq transfer qilish huquqi bilan ijaraga olingan o‘zbek legioneri “Bashakshehir” vakillari orasida eng qimmatbaho ikki futbolchidan biri hisoblanadi.
Transfermarkt portali Shomurodov va ganalik Jerom Opokuni 5 million evroga baholagan.
Qizig‘i shundaki, Abbosbek Fayzullaev “Bashakshehir”ga qo‘shilishi bilan istanbulliklarning eng qimmat o‘yinchisiga aylanadi. Chunki 21 yoshli futbolchimiz xalqaro portalda transfer summasi 8 million evro ekani ko‘rsatilgan.
Ekspert: Bu futbolchi Husanovning yo‘lini to‘syapti
Fayzullaev faoliyatida o‘zgarish
Fayzullaev Turkiyada uzoq qolmaydi
Fikrlar