
Fayzullaev “Real” va “Barsa”ni tanladi!
Abbosbek Fayzullaev yakunlangan mavsum qahramonlaridan bo‘ldi. Mavsumning birinchi qismida 21 yoshli futbolchimiz Osiyoning eng yaxshi yosh o‘yinchisiga atalgan sovrin bilan taqdirlandi. TsSKA safida Rossiya chempionati bronza medali va Rossiya kubogini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 2026 yilgi jahon chempionatining Osiyo saralash turnirini muvaffaqiyatli o‘tkazib, tarixda ilk bor mundialga borish huquqiga ega bo‘ldi.
Abbosbek Fayzullaev taniqli jurnalistlardan Nobel Arustamyan bilan suhbatda o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarini ham qiziqtiradigan savollarga javob berib o‘tdi.
Sports.uz portali ushbu intervyuni muxlislar e’tiboriga havola etadi.
— Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lish senga qanchalik bosim yukladi?
— Bu sovrinni olganimda juda katta hissiyotlarga berilganim yo‘q. Lekin ota-onam uchun bu juda muhim yutuq bo‘ldi. Bu faxr. Buni ular chuqur his qildi. Menga juda katta ta’sir qilgani yo‘q, chunki bundanda katta natijalarga erishishni istayman.
— Nimani istaysan? “Real”da o‘ynashnimi?
— Balki “Real”da ham o‘ynarman yoki “Barselona”da. Bu mening maqsadim va orzu sari intilyapman.
— Xvicha Kvaratsxeliya senga o‘rnak bo‘la oladimi?
— Ha. “Rubin”dan chiqqan futbolchi hozir “Pari Sen-Jermen”da o‘ynayapti.
— Sen O‘zbekistonda o‘ynab yurganingda, “Bavariya” skautlari nishoniga tushgan eding...
— Bilishimcha, 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokidagi jahon chempionatida o‘ynaganimizda kuzatishgan.
— Kelajakdagi faoliyatingni qanday tasavvur qilasan?
— Ayni paytda men TsSKA futbolchisiman va amaldagi shartnomam bor. Lekin har doim aniq maqsadim bo‘lgan – Evropada o‘ynash. Xudo nasib qilsa, vaqti kelib, Evropada o‘ynashni xohlayman. Albatta, top-klublarda.
Abbosbek Fayzullaev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. O‘zbek futbolining eng yorqin iqtidorlaridan hisoblangan bu yigit 2023 yilning avgustida Moskvaning TsSKA klubiga ko‘chib o‘tdi.
Fayzullaev professional futbolchilik faoliyati davomida “Paxtakor” 41 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga o‘nta to‘p kiritib, jamoadoshlariga uchta golli pas uzatgan. TsSKA safiga ko‘chib o‘tganidan beri hujumkor legionerimiz 71 marotaba maydonga tushib, barcha turnirlarda o‘z hisobiga sakkizta gol va 22 ta assist rasmiylashtirib qo‘ygan.
Abbosbek 2023 yilning yozidan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. U xalqaro maydondagi musobaqalarda 27 ta o‘yinda sakkizta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Fikrlar