
Fayzullaevni jamoaga olishni istashmagandi...
So‘nggi yillarda o‘zbek futbolida tarbiyalangan iqtidor egalari orasida hujumkor futbolchi Abbosbek Fayzullaev o‘ziga xos o‘yin uslubi bilan ajralib turadi.
21 yoshli o‘yinchi bo‘y-basti jihatidan baquvvat bo‘lmasa-da, o‘ta harakatchan, kurashuvchan, jismonan chidamli va charchamaydigan yigit. Qolarversa, maydonda bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan universal.
Abbosning futbolchi sifatida intellekti, maydonni ko‘ra olish qobiliyati, kutilmagan qarorlarni qabul qilishi, fintlari, driblinglari, paslari alohida mavzu bor.
Hech bir charm to‘p ustasiga o‘zga mamlakatga borib nom qozonish oson kechmagan. Fayzullaev 2023 yilning avgustida 19 yoshida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tganida uning kelajagiga shubha bilan qaraganlar ko‘p bo‘lgandi.
Lekin Fayzullaev “armiyachilar” safida darroq porlay boshladi, qisqa fursatda jamoa etakchisiga aylandi va barcha hujumlar Abbos orqali tashkil etildi. Debyut mavsumidayoq Rossiya Premer-ligasining asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etildi.
Bir necha o‘zbek futbolchilari bilan ishlab kelayotgan ProSports Management kompaniyasi rahbari German Tkachenko intervyuda o‘sha paytlarda bosh murabbiy Vladimir Fedotov qo‘l ostidagi TsSKA murabbiylar shtabi ham Abbosbek Fayzullaevning salohiyatiga ishonmaganini gapirib berdi.
— Fayzullaevni TsSKA olishni istashmagani rostmi?
— Uni murabbiylar shtabidagilar olgisi kelmagan. Bu klublarda yuz beradigan odatiy hol. Bu juda katta muammo emas. Yosh futbolchiga shubha bilan qaralishi normal holat.
—Bir necha oydan keyin narxi bir necha millionga ko‘tarilidigan futbolchini olish uchun klubdagilarni bu transferga ko‘ndirish nega kerak?
— Bu borada ularni transferga ko‘ndirish asosiy masala emas. Eng asosiy narsa, klub Fayzullaevni olishni istadi va bu transferni amalga oshirdi. Murabbiylar shtabini ko‘ndirishga hech qanday zarurat yo‘q edi.
Bunaqa diskussiyalar klublarda odatiy hol hisoblanadi. Deyarli har bir transferda shunday bo‘ladi.
Fayzullaev transferida asosiy omil TsSKA uni olishni istagani va buni uddalagani bo‘ldi. Murabbiylar futbolchi bilan qanday ishlagani keyingi masala. Abbosning o‘zining ishga bo‘lgan munosabati, mehnati va o‘yini bilan o‘ziga nisbatan bildirilgan barcha shubhalarni tarqatib yubordi.
Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” o‘z tarbiyalanuvchisining transferidan 500 ming evro ishlab olgan edi. Fayzullaev TsSKAga juda tez moslasha oldi va uning transfer narxi keskin ko‘tarila boshladi.
Ayni paytda 21 yoshli hujumkor futbolchi Transfermarkt portali ekspertlari tomonidan 8 million evroga baholanmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Abbosbek Fayzullaev “Manchester Siti”ning 35 million evro turadigan himoyachisi Abduqodir Husanovdan keyin Markaziy Osiyoning eng qimmat ikkinchi futbolchisi hisoblanadi.
Fikrlar