
Fayzullaevning o‘rni qattiq bilinadi!
O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Qatardagi Osiyo kubogida finalga chiqdi. Timur Kopadze shogirdlari yozda Parijda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga ham yo‘llanma oldi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi qaroriga ko‘ra, 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi qit’a chempionati navbatdagi Olimpiya o‘yinlariga saralash musobaqasi vazifasini ham o‘taydi.
Qoidaga binoan dastlabki uchta o‘rinni egallagan terma jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri Olimpiadaga yo‘llanma oladi. To‘rtinchi o‘rin sohibi esa, pley-offda Afrika qit’asi vakili Gvineya bilan bellashadi.
Rossiya futbolini yoritayotgan manbalar bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarini tahlil qilisha kirishib ketdi. Nufuzli manba sovsport.ru sayti eksperti Sergey Peremutov Abbosbek Fayzullaevning Parijga yo‘l olishi TsSKA o‘yinlariga sezilarli ta’sir o‘tkazishiga e’tibor qaratdi.
TsSKAdan Abbosbek Fayzullaev va “Rubin”dan Umarali Rahmonaliev o‘ynayotgan O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk marotaba Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Endi “armiyachilar” ham, qozonliklar ham kelasi mavsum boshida o‘zbek legionerlarisiz qolishi mumkin.
O‘zbekiston yoshlari Osiyo kubogida beshta o‘yinda 14 ta gol urib, o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab kelmoqda. Guruh bosqichida Malayziya (2:0), Kuvayt (5:0), Vetnam (3:0) mag‘lub etildi. Chorak finalda o‘zbeklar musobaqaning amaldagi g‘olibi Saudiya Arabistonidan 2:0 hisobida ustun keldi va mana shu uchrashuvda Rossiya chempionati vakillari g‘alabaga katta hissa qo‘shdi. Fayzullaev g‘alaba to‘piga pas uzatdi, Rahmonaliev zaxiradan maydonga tushganidan besh daqiqa o‘tib, ikkinchi golni urdi.
Yarim finalda Indoneziya 2:0 hisobida taslim qqilindi. Abbos 90-daqiqada zaxiraga olindi, Umarali to‘liq o‘ynadi. 3 may kuni final bo‘ladi.
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ilgari Olimpiya o‘yinlarining saralash turnirlarida besh marotaba ishtirok etib, musobaqaning asosiy bosqichiga chiqa olmagan. Endi o‘zbeklar Parijga yo‘llanma olgan Frantsiya, AQSh, Dominikan Respublikasi, Ispaniya, Isroil, Ukraina, Marokash, Misr, Mali, Yangi Zelandiya, Paragvay, Argentina qatoriga qo‘shildi, - deb yozdi sovsport.ru sayti eksperti Sergey Peremutov.
Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullaevning TsSKA o‘yiniga ta’siri katta. “Armiyachilar” o‘zbek legioneri ishtirok etmagan so‘nggi ikki uchrashuvda raqiblarini mag‘lub etolmadi.
Dastlab, o‘z maydonida “Spartak” darvozasiga yo‘l topa olmasdan durangga imzo chekkan TsSKA futbolchilari so‘nggi turda “Baltika”dan 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Osiyo kubogi: O‘zbekistonning g‘alabasiga xorijdan qanday munosabat bo‘ldi?
Fikrlar