
Osiyo kubogi: O‘zbekistonning g‘alabasiga xorijdan qanday munosabat bo‘ldi?
O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Qatar mezbonlik qilayotgan Osiyo kubogida finalga chiqib, yozda Parijda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi.
Yarim final Timur Kapadze shogirdlari shov-shuvli tarzda yarim finalga etib kelgan Indoneziya jamoasi bilan kuch sinashdi. Hamyurtlarimiz o‘yindagi ustunlikni ikkinchi bo‘limda hisobga ham ko‘chirdi – 2:0.
Terma jamoamizning tarixiy g‘alabasiga xorij mamlakatlaridan ham munosabatlar bildirilmoqda.
LENSOIS.COM (Frantsiya):
Abduqodir Husanov O‘zbekiston U-23 terma jamoasiga qo‘shilish uchun bir necha ku oldin “Lans”ni tark etgan edi. Endi iste’dodli himoyachi Osiyo kubogining yarim finalida Indoneziyaga qarshi maydonga tushdi.
O‘zbekistonliklar indoneziyalik raqiblarini 2:0 hisobida dog‘da qoldirdi. 68-daqiqada Husayn Norchaev hisobni ochgan bo‘lsa, o‘yin yakunlanishi arafasida Pratam Arxan o‘z darvozasiga to‘p kiritib qo‘ydi. Husanov to‘liq o‘ynadi.
O‘zbekiston terma jamoasi 3 may kuni bo‘ladigan Osiyo kubogi finaliga tayyorgarlik ko‘radi.
SPORT24.RU (Rossiya):
O‘zbekiston terma jamoasi 23 yoshgacha futbolchilar ishtirokida Qatarda o‘tkazilayotgan Osiyo chempionati yarim finalida Indoneziyani mag‘lub etib, finalga chiqdi.
O‘zbeklar safida Rossiya Premer-ligasi vakillaridan TsSKA hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaev va “Rubin” yarim himoyachisi Umarali Rahmonaliev faol o‘ynadi.
O‘zbekiston 2:0 hisobidagi g‘alaba evaziga o‘z tarixida ilk marotaba Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi.
Osiyo kubogi davomida O‘zbekiston U-23 terma jamoasi ketma-ket beshta g‘alaba qozondi, 14 ta gol urib, o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab kelmoqda.
SPORTS.KZ (Qozog‘iston):
O‘zbekiston futbolda tarixiy natija qayd etib, Qozog‘istondan o‘zib ketdi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 23 yoshgacha futbolchilar ishtirokidagi Osiyo kubogi finaliga chiqish barobarida tarixiy natijaga erishdi.
Endi O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor Olimpiya o‘yinlarida o‘ynaydi. Hali qozog‘istonlik futbolchilar bunday natijani qo‘lga kirita olgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston guruh bosqichida uchta g‘alaba qozonib, Malayziyani 2:0, Kuvaytni 5:0, Vetnamni 3:0 hisobida engdi. Final yo‘lidagi pley-offda Saudiya Arabistoni (2:0) va Indoneziyadan (2:0) ustun keldi.
FAJARHARAPAN.ID (Indoneziya):
Qatardagi Osiyo kubogi yarim finalida Indoneziya va O‘zbekiston futbolchilari kuch sinashdi.
Birinchi bo‘limda o‘zbekistonliklar to‘pga egalik qildi va o‘tkir hujumlar uyushtirdi. Aniq zarbalarni darvozabon Ernando Ari qaytardi.
O‘zbekistonlik futbolchilarning hujumlari Indoneziyaning himoya chizig‘ini qiynab qo‘yadigan darajada kuchli edi.
Garuda Muda, Vitan Suleymana, Pratam Arxanning harakatlari raqib himoyachilari tomonidan bartaraf etildi.
O‘zbekistonning ikkinchi bo‘lim boshidan hujumlarni kuchaytirdi. 68-daqiqada ular futbolchilarimizni jazoladi. Husayn Norchaev Muhammadqodir Hamraliev uzatmasidan muvaffaqiyatli foydalana oldi. O‘zbeklar 86-daqiqada hisobdagi farqni oshirdi.
Indoneziya terma jamoasi vaziyatdan chiqish uchun harchand urinasin, O‘zbekiston futbolchilari bosimi ostida qolib ketdi.
Fikrlar