Flik, Rafinya, Olmo... "Barselona" "El-klasiko"ga qanday yo‘qotishlar bilan etib keldi?
La Liganing 10-turidan o‘rin olgan "Real" - "Barselona" o‘yiniga oz qolmoqda. Ushbu bahsga Kataloniya klubi etarlicha yo‘qotishlar bilan etib keldi. Tarkibdagi jarohatlardan tashqari bosh murabbiy Xans-Diter Flik ham jamoaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatmalar bera olmaydi.
So‘nggi kunlarda Rafinyaning "El-klasiko"gacha qaytishi kutilayotgandi. Shunday bo‘ldi ham, lekin braziliyalik vinger mashg‘ulotlarda o‘zini noqulay his qilgan va o‘yinga tayyor emasligi aniq bo‘ldi. Futbolchining yana bir oy maydonga tusha olmasligi haqida mish-mishlar chiqmoqda.

Bundan tashqari, "Barselona"ga yordam bera olmaydigan yana bir futbolchi bu Dani Olmo. Hujumkor yarim himoyachi Ispaniya terma jamoasi safida jarohat olgandi. U ham "Real"ga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuboradi.
"Barselona"ning lazaretdagi futbolchilari: Gavi, Ter-Shtegen, Robert Levandovski va Joan Garsiya. So‘nggi mashg‘ulotlarda esa "Jirona" bilan bo‘lib o‘tgan o‘yinda maydonga tushmagan Ferran Torres qatnashgan.
Jarohatlar etmaganiga Flik ham o‘tgan turda qizil kartochka olib, diskvalifikatsiya qilindi. "Barsa" qancha e’tiroz qilmasin, qizil kartochka bekor qilinmadi va u ham endi bahsni tribunadan tomosha qiladi.



Fikrlar