
«Forbes» talqiniga ko‘ra dunyoning eng badavlat klubi qaysi? «Real» va «Barsa» qarama-qarshiligi bu erda ham avjida!
Taniqli «Forbes» nashri o‘zining qiziqarli ma’lumotlari bilan doimo o‘quvchilar diqqat markazida turadi. E’tiborlisi shundaki, 17 yildan beri ushbu nashr futbol olamidagi eng badavlat klublar ro‘yxatini ham e’lon qilib kelmoqda. «Transfermarkt»dan farqli o‘laroq, «Forbes» jamoani emas, klubning umumiy qiymatini hisob-kitob qiladi. To‘g‘ri, bu raqamlarning barchasi taxminiy ko‘rinishda, ammo haqiqatga yaqin ekanligini aniq. So‘nggi yillarda futbol klublarining narxi 30 foizga qadar ko‘tarildi. Investorlar charm to‘p orqali katta pul ishlab olish mumkinligiga ishonch hosil qilgan ko‘rinadi...
«Real» surilishga majbur
«Barselona» 17 yil ichida ilk bor ro‘yxatda birinchi pog‘onani egalladi. Bundan avvalgi 16 yil ichida eng ko‘p g‘alabani «Manchester Yunayted» (11 marotaba) qo‘lga kiritgan bo‘lib, keyingi o‘rinni «Real Madrid» (5) egallab turibdi. Hozirda, ikki ispan grandlari o‘rtasidagi farq katta emas. Kataloniya klubi 4,76 milliard dollarga baholangan. Madrid klubi bo‘lsa, 4,75 milliard dollar qiymatga ega.
E’tiborlisi shundaki, «Barselona» Lionel Messi bilan janjal fonida ham qimmatlashga muvaffaq bo‘ldi. Futbol olamidagi eng katta maosh oluvchi futbolchi «Barselona»ni o‘zini qo‘yib yubormagani uchun sudga bergani yo‘q, ammo klub prezidenti - Bartomeuni iste’foga chiqarib yubordi. Uning ketishi klub ichki muammolarini tashqariga sizib chiqishiga sabab bo‘ldi. Qarzlar tobora kattalashib bormoqda. Shunga qaramay, bundan ikki yil avvalgi natijalarga nisbatan o‘sish kuzatildi.
To‘g‘ri, pandemiya sababli moliyaviy qiyinchiliklar paydo bo‘ldi, ammo klublarning xalqaro miqyosidagi qiymati jadallik bilan ildamlamoqda. Futbol tashkilotlari turnirlar sababli katta zarar ko‘rayotgan bo‘lsada, tez orada hammasi o‘z iziga tushib ketishi taxmin qilinmoqda.
Dunyoning eng badavlat 20 klubining o‘tgan mavsumdagi umumiy daromadi 441 million dollarni tashkil etdi. Joriy mavsumda, bu summa naqd 70 foizga qisqarib ketishi taxmin qilinmoqda. Uchrashuvlarga muxlislarning kiritilmasligi sababli, Evropaning eng qudratli klublari millionlarni boy bermoqda. Xo‘sh, «Top-20»dan qaysi klublar o‘rin egallagan?
1. «Barselona» — $4,76 mlrd;
2. «Real» — $4,75 mlrd;
3. «Bavariya» — $4,215 mlrd;
4. «Manchester Yunayted» — $4,2 mlrd;
5. «Liverpul» — $4,1 mlrd;
6. «Manchester Siti» — $4 mlrd;
7. «Chelsi» — $3,2 mlrd;
8. «Arsenal» — $2,8 mlrd;
9. PSJ — $2,5 mlrd;
10. «Tottenxem» — $2,3 mlrd;
11. «Yuventus» — $1,95 mlrd;
12. «Borussiya D» — $1,9 mlrd;
13. «Atletiko» — $1 mlrd;
14. «Inter» — $743 mln;
15. «Everton» — $658 mln;
16. «Milan» — $559 mln;
17. «Roma» — $548 mln;
18. «Vest Xem» — $508 mln;
19. «Lester» $455 mln;
20. «Ayaks» — $413 mln.
- So‘nggi ikki yil ichida eng qimmatlagan jamoa PSJ bo‘lib chiqdi. Frantsiya chempionatining amaldagi chempioni 129 foizga qimmatladi. Bu ko‘rsatkich bobida keyingi pog‘onalarni «Borussiya D» (112 foiz) va «Liverpul» (88 foiz) egallab turibdi.
- 11 bor «Forbes» tomonidan eng qimmat klub, deb e’lon qilingan «Manchester Yunayted» 4-pog‘onaga tushib ketdi. Angliyaning «Liverpul va «Manchester Siti» klublari tez orada «qizil iblislar»ga etib olishi mumkin.
- «Top-20» dan faqat Evropa klublarigagina joy topildi. 19 jamoa kuchli beshlik a’zolari. Gollandiyaning «Ayaks» klubi ushbu ro‘yxat so‘ngida ko‘rinish bermoqda. Amsterdam jamoasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ish sababli bugungi ro‘yxatdan o‘rin egallamoqda.
- Barcha sport klublarini hisobga olgan xolda tuzilgan ro‘yxatda «Barselona» 4 o‘rinni egalladi. Bu borada mutlaq etakchilikni Amerika futboli olamidagi eng mashhur «Dallas Kovboyz» klubi bormoqda. Ushbu klub 5,7 milliard dollarga baholangan.
«Real» homiylar bilan ishlashda tengsiz!
Futbol klublarining asosiy daromadi homiylarga borib taqalishi hech kimga sir emas. Xo‘sh, Evropa grandlari uchun titul homiylari qancha to‘laydi? O‘z logotipini klub libosida ko‘rish uchun «Emirates» yaqqol peshqadam.
E’tiborlisi shundaki, aviakompaniya Evropaning boshqa grandlari bilan hal shartnoma imzolashga muvaffaq bo‘lgan.
Futbol klublari tuzgan eng katta homiylik shartnomalari («Top 10»)
1. «Real» – Emirates — $82.5 mln, kontrakt -2022 yilgacha
2. «Manchester Yunayted» – TeamViewer — $64.9 mln, 2026 yilgacha
3. «Barselona» – Racuten — $64.8 mln, 2022 yilgacha
4. PSJ – Assor – $57 mln, 2022 yilgacha
5. «Arsenal» – Emirates — $56 mln, 2024 yilgacha
6. «Liverpul» – Standard Chartered — $55.3 mln, 2023 yilgacha
7. «Chelsi» – Three — $55.2 mln, 2024 yilgacha
8. «Yuventus» – Jeep — $53.1 mln, 2023 yilgacha
9. «Tottenxem» – AIA — $50 mln, 2027 yilgacha
10. «Bavariya» – Deutsche Telecom — $35.4 mln, 2023 yilgacha
Florentina Peresning uddaburonligi sababli «Real» sayyoramizning eng qudratli jamoasi bo‘lishda davom etmoqda. 2019/20-yilgi mavsumda «Real» turli homiylar va reklama orqali 424 million dollar ishlab oldi. Bu vaqt oralig‘ida «Barselona» 377 million dollar daromad qildi. Shunga qaramay, teletranslyatsiyadan kelib tushadigan pullar bobida Katodoniya klubi mutlaq etakchi. Ular 2019/20-yilgi mavsumda 275 million foyda qilishni uddaladi. Bunga qadar, hech qaysi klub bu summani qayd etmagan.
Fikrlar