
FR: "Surxon" ikkita qarzidan qutuldi, lekin...
Superliganing joriy mavsumida ancha quvnoq futbol ko‘rsatayotgan Termizning "Surxon" klubi jamoatchilikning yil avvalidagi xavotirli munosabatini ijobiy tarafga o‘zgartira oldi.
Lekin jamoaning yashil maydon tashqarisida kattagina muammolari tugatilmaganini unutmaslik kerak. Payqagan bo‘lsangiz kerak, gap "Surxon"ning eski qarzlari haqida ketyapti.
SPORTS.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, klub o‘z haqqini undira olmaganidan keyin OFKga murojaat qilgan Shavkat Abdixo‘jaev hamda Rossiyaning "Sila" yuridik kompaniyasi orqali O‘FA eshigini "taqillatgan" Bahrom Haydarov oldidagi majburiyatini bajardi. Oldingi yillar "Surxon" murabbiylar shtabida faoliyat yuritgan har 2 mutaxassis rozi qilingan.
Lekin bu "xamir uchidan patir", xolos. Hali yopilishi kerak bo‘lgan "hisob"lar anchagina. Vazirlar Mahkamasining 6 yanvardagi 4-sonli qarori bilan klubning kreditor qarzdorligi Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan (10 yanvargacha) bartaraf etilishi belgilangan bo‘lsa-da, hanuz maqtovga arzigulik hech narsa qilinmadi.
Vaqt esa tobora kam qolyapti. OFK litsenziyalash jarayonining xulosalarini may oyi oxirida e’lon qiladi. Agar klubning eski qarzlari masalasi ijobiy hal qilinmasa, xalqaro litsenziyadan quruq qolishi mumkin. Bu esa "Superliga va Pro liga reglamenti"ning 10.2-bandi ishga tushishiga sabab bo‘ladi. Ya’ni, "Surxon" 2024 yilgi mavsumni qaysi ligada o‘tkazishi so‘roq ostida qoladi.
Umid qilamizki, barcha muammolar tezda bartaraf qilinadi. Aks holda, endigina chiroyli va ochiq futboli bilan muxlislarini xursand qila boshlagan Termiz klubi quyi ligaga tushirib yuborilishi mumkin...
Fikrlar