
"Futbolni uzoq o‘ynamoqchi emasman, hozir qaytish niyatim yo‘q" yoxud legionerimiz klubining eng qimmat futbolchisi!
3 yildan beri Tailand chempionatida to‘p surib kelayotgan hamyurtimiz Sardor Mirzaev yodingizdami?
32 yoshli legionerimiz “Muangtong Yunayted” safida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, mahalliy muxlislarning mehrini qozonishga erishdi.
Mirzaev qachon chempionatimizga qaytadi yoki qaytish niyati yo‘qmi? Futbolchi Sports.uz saytiga intervyu bergan chog‘ida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Sardor, 2022 yil sizda ko‘proq nimasi bilan yodingizda qoldi?
- 2022 yilgi chempionatni jamoamiz bilan 4-o‘rinda tugatdik. Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynashimiz kerak edi. Lekin virus sababli Tailandda OChL kvotasi o‘zgarib ketdi va biz o‘ynamaydigan bo‘ldik. 4-o‘rin ham yaxshi natija. Yangi mavsum boshlangan. Birinchi davra tugagan, lekin hozircha natija o‘zimiz xohlagandek emas. Baribir 2022 yil yomon o‘tmadi.
- “Muangtong Yunayted” safida 2020 yildan beri o‘ynab kelyapsiz. Legioner sifatida bir klubda muntazam ravishda to‘p surishning o‘zi bo‘lmaydi. Sizni ko‘proq nima bog‘lab turibdi?
- Klubim bilan ilk bor 1+1 ko‘rinishida shartnoma tuzgandik. Shartnomamda shunday yozilganki, agar 70 foiz o‘yinlarda qatnashsam, o‘rtadagi bitim o‘z-o‘zidan cho‘ziladi. Shunday qilib, shartnomam tabiiy ravishda cho‘zilib ketdi. O‘sha muddat tugayotganida klub rahbariyati shartnomamni 1,5 yilga cho‘zish taklifini aytishdi. Yashirmayman, o‘shanda ular oylik maoshimni biroz pasaytirishimni so‘rashgan va shuning evaziga 1,5 yillik shartnoma taklif qilishgan. Men bu taklifga ko‘nganman. Bu erda ko‘proq qolishimni sababi, baribir o‘zimizga nisbatan ko‘proq maosh olishim mumkin. O‘zbekiston chempionatida o‘ynadim, chempion bo‘ldim. Endi Tailanddaman. Bu erda o‘ynash menga yoqyapti. Oilam ham 3,5 yildan beri men bilan birga. Farzandlarim tilni o‘rganishyapti. Shuning uchun hozircha shu erda faoliyat olib borishim o‘zimga ham manzur kelyapti. O‘tgan yili yozda uyimga borganimda bir-ikkita klublarimizdan takliflar bo‘ldi. Shartnomam bor edi. May oyida bitim nihoyasiga etadi. Keyin yana ko‘ramiz. Hozircha shartnomamni cho‘zishimiz aniq emas. Chunki birinchi davradan keyin natijalar unchalik yaxshi emas. Balki ikkinchi davrada natijalar yaxshilansa va menga yangi shartnoma taklif qilishsa, ma’qul kelsa qolaveraman.
- O‘zimizni chempionatni kuzatib bordingizmi? Masalan, farqli taraflarini. O‘sishni sezdingizmi?
- O‘zbekiston chempionatini etarli darajada ko‘rganim yo‘q. Ba’zida “Lokomotiv” va “Navbahor”ning 2-3 ta o‘yinlarini ko‘rdim. AGMKni ham biroz kuzatdim. Sizga ikkala chempionat farqini oldin ham aytganman. Tailandda futbolga e’tibor bizdagiga nisbatan kuchliroq. U erdagi media, o‘yinlarga bo‘ladigan tayyorgarlik...Bunday tomonlama saviya zo‘r. Lekin futbolchilar mahorati bo‘yicha o‘zbekistonlik o‘yinchilar tajribali. Superligani ko‘p ko‘rmaganim uchun chempionatga baho bera olmayman. “Navbahor” bu yil ancha yaxshi taassurot qoldirdi.
- Transfermarkt saytida kuzatganimizda klubingizdagi narxi eng qimmat futbolchisi o‘zingiz ekansiz. Ya’ni, 500 ming evro qilib ko‘rsatilgan. Bundan xabaringiz bormi? Klubning eng qimmat futbolchisi ekaningiz bosim o‘tkazmaydimi?
- To‘g‘risi, transfermarkt saytidagi bu xabarni sizdan eshitib turibman. Narxim bunchalik ekanidan xabarim ham yo‘q. Bu narsa umuman rol o‘ynamaydi, deb o‘ylayman. Chunki hamma kelib bir xil shug‘ullanadi, bir xil ishlaydi. Jamoada o‘zingizni boshqalardan ustun qo‘ya olmaysiz. Bunday niyatim ham yo‘q.
- O‘zbekiston chempionatiga qaytish niyatingiz bormi yoki faoliyatingizni legioner sifatida yakunlamoqchimisiz?
- O‘zimizdan takliflarga kelsak, ha bo‘ldi. Lekin ochiq va aniq taklif emasdi. Faqat qaytadigan bo‘lsam, jamoalar bor edi. Ammo hozir qaytish niyatim yo‘q. Rosti, futbolni uzoq o‘ynamoqchi emasman. Iloji bo‘lsa vaqtliroq tugatib, ota-onamni yonida bo‘lishni xohlayman. Anchadan beri boshqa mamlakatda o‘ynayapman. Xudoga shukr, futbolchilik faoliyatim zo‘r va o‘ylaganimdan ham yaxshi o‘tdi. Futboldan keyin oilam davrasida ko‘proq bo‘lishni xohlayman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar