G‘alabalarda faqat o‘zimning hissam bor demoqchi emasman - o‘z darvozasidan gol o‘tkazmayotgan Lobanov xususida

  • 26 iyun, 2020, 13:03
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lgan darvozabon - Aleksandr Lobanov “Metallurg”da o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlab kelmoqda. Darvozabon yarim jamoa, deb bejizga aytishmaydi. Bu borada Lobanov “Metallurg”ga o‘z tajribasi bilan yordam bermoqda.

Tecno

Chempionatimizga qayta start berilganidan so‘ng, Lobanov o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab kelmoqda. “Lokomotiv” hamda “Andijon” maydonlarida qo‘lga kiritilgan ishonchli g‘alabalarda shubhasiz uning ham hissasi katta bo‘ldi. Oldinda esa “Metallurg” va uning darvozabonini “Navbahor”ga qarshi yana bir jiddiy bellashuv kutmoqda.

O‘z o‘rnida, bekobodliklar posboni Sports.uz sayti uchun “Metallurg”ning ishonchli o‘yinlari sababi, “Lokomotiv” bilan “Andijon”ga qarshi bellashuvlar va o‘z darvozasi daxlsizligini qanday saqlab kelayotgani haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Paxtakor”ga qarshi uchrashuvni hisobga olmasak, qolgan bahslarda yaxshi o‘ynadik”

- Menimcha, bizda baribir yaxshi jamoa yig‘ilgan, hammamiz biri-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz va yaxshi o‘yin namoyish etyapmiz. Umuman, jamoa yaxshi shakllangan bo‘lsa, natija ham keladi. Birinchi navbatda jamoa yaxshi bo‘lishi kerak, Yaratganga shukrki, bizda hamma bir-biri uchun qayg‘uradi. Yangi o‘yinchilar keliboq, jamoaga kirishib ketishdi. Agar «Paxtakor»ga qarshi o‘yinni hisobga olmasak, qolgan barcha uchrashuvlarda yaxshi ko‘rindik va jamoa sifatida kuchli bo‘ldik. Umuman olganda, mavsumning qolgan qismi uchun biz o‘z oldimizga yuqori maqsadlarni qo‘yamiz va agar o‘yinlarga tayyor tursak hammasi yaxshi bo‘ladi. Har doim maydonga faqat g‘alaba uchun tushamiz. Murabbiy tomonidan berilgan vazifalarni bajarishga harakat qilamiz.

lobanov_1

“Vazifam – darvozamdan gol o‘tkazib yubormaslik”

- “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinga barcha o‘zini boshqacha ruhda tayyorladi. Kuchli raqibga qarshi bellashuvda darvozabonning zimmasiga ham katta yuk tushadi. Bunday uchrashuvda posbon sheriklariga pand berib qo‘ymaslik payida bo‘ladi. “Andijon” bilan bellashuv ham juda yaxshi o‘tdi va ko‘rgan bo‘lsangiz birinchi bo‘limda ikkita gol urdik. Doimo maydonga o‘z darvozamdan gol o‘tkazib yubormaslik vazifasini zimmamga olib tushaman. Agar raqib gol urganida bormi, o‘yin biz uchun yanada og‘ir kechardi. Bizda jamoaviy ruh kuchli bo‘lib, shuning evaziga raqib ustidan g‘alaba qozondik. Bizda butun jamoa himoyalanadi, butun jamoa hujumga o‘tadi. Har bir darvozabonning vazifasi esa  o‘ziga ishonib topshirilgan joyni munosib qo‘riqlashdani iboratdir. Qo‘lga kiritilgan yutuqlarda esa faqat o‘zimning hissam bor demoqchi emasman. G‘alaba butun jamoaniki.

“Biz uchun har bir bahs hayot-mamot jangidek”

- Albatta, uzoq davom etgan tanaffusdan keyin oldingidek jamoaviy o‘yinni iziga tushirish oson bo‘lmaydi. Buning uchun har bir bellashuvga alohida tayyorgarlik ko‘rish talab qilinadi. O‘zimizni o‘yindan-o‘yinga o‘tgan sayin tobora yaxshiroq tayyorlab borishga harakat qilmoqdamiz. Maydonda esa istalgan raqib g‘alabani qo‘sh-qo‘llab topshirib qo‘ymaydi. Shukrki, “Lokomotiv” maydonida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdik va bu bizga keyingi o‘yinlarda qo‘shimcha kuch va dalda bag‘ishlamoqda.

O‘z navbatida aytishim kerakki, uchrashuv davomida besh bor o‘yinchi almashtirish borasidagi qaror ayni muddao bo‘ldi. Bizning jamoa har bir o‘yinga o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ygan holda tushyapti va bunga imkon qadar erishmoqda. Biz uchun har bir bellashuv hayot-mamot jangidek kechmoqda. Asosiysi, mashg‘ulotlarda o‘ylab qo‘ygan rejalarimizni o‘yinda yaxshiroq amalga oshirishga erishyapmiz. Xabaringiz bor, rasmiy o‘yinlarga tayyorgarlik chog‘ida hech bir raqib bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazmagandik. Faqat mashg‘ulotlarga zo‘r berdik. Shunga qaramay, biz rasmiy bahslar chog‘ida murabbiylarimizning ko‘rsatmalariga amal qilgan holda o‘ynayapmiz va buning evaziga kerakli natijalarni qo‘lga kirityapmiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Abbos Axmedov
27/06/2020 21:03
Ва лабанов 1:3 та топ куйиб юборди мана сизга лабанов
Jasurbek Dadajonov
26/06/2020 23:24
Ertaga kõramiz Labanovjon Navbahor boradi Navbahor...