Gruziya prezidenti futbolchilarni orden bilan taqdirladi. Muxlislar ham o‘z qahramonlarini ajoyib tarzda kutib oldi

  • 3 iyul, 2024, 11:00
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Gruziya terma jamoasi futbolchilari "Evro-2024"dagi o‘yinlaridan so‘ng "Shon-sharaf" ordeni bilan taqdirlandi. 

Gruziya terma jamoasi "Evro-2024" 1/8 finalida Ispaniyaga imkoniyatni boy berdi (1:4). Bu gruzinlarning Evropa chempionatidagi debyuti edi. 

Mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili terma a’zolarini, shuningdek murabbiylar shtabi va futbol federatsiyasi vakillarini "Shon-sharaf" ordeni bilan taqdirladi. Taqdirlash marosimi Tbilisidai "Ozodlik" maydonida o‘rnatilgan sahnada bo‘lib o‘tdi. 



Muxlislar Germaniyadagi chempionatdan qaytgan futbolchilarni kutib olgan, Zurabishvili sahnaga chiqib, milliy terma jamoa futbolchilari, bosh murabbiy Villi Sanol, murabbiylar shtabi vakillari va futbol federatsiyasi rahbariyatiga mukofotni topshirdi. 

Terma futbolchilari "Mixail Mesxi" stadionidan ochiq avtobuzda "Ozodlik" maydoniga borishdi. Yo‘l-yo‘lakay minglab muxlislar Gruziya terma jamoasi futbolchilarini kutib olishdi. 



"Shon-sharaf" ordeni Gruziyaning davlat mukofoti bo‘lib, davlat va jamoat faoliyatining turli sohalarida qilgan xizmatlari uchun mamlakat fuqarolariga beriladi. Orden bilan taqdirlanganlar orasida aktyor Vaxtang Kikabidze, rejisser Eldar Ryazanov, xonanda Zurab Sotkilava va futbolchi Manucher Machaidze bor. 

Aytish kerak, gurjistonlik futbolchilar Evropa chempionatida "F" guruhidan joy olgan va mazkur kvartetda 4 ochko to‘plab, eng yaxshi uchinchi o‘rinlardan biri sifatida pley-off bosqichiga chiqdi. Jamoaning eng yorqin natijasi 3-turda turnir favoritlaridan biri bo‘lgan Portugaliyani mag‘lub etgani bo‘ldi. Aynan mazkur bellashuvdagi g‘alaba Sanol shogirdlariga nimchorak final yo‘llanmasini taqdim etdi. Nimchorak finaldagi mag‘lubiyatdan (Ispaniya bilan bahsda 1:4 hisobidagi) qat’i nazar, mazkur natija Gruziya futboli uchun ulkan yutuq sifatida qabul qilindi.



Aslida, terma "Evro-2024"ga qadar ham og‘ir yo‘lni bosib o‘tgan va turnirga yo‘llanma beruvchi o‘tish o‘yinida Gretsiyani bir kishi kam bo‘lib harakat qilib, penaltilar seriyasida taslim etgandi (0:0, 4:2). 



Gruziya terma jamoasi "Evro-2024" turnirini 1 g‘alaba, 1 durang va 2 mag‘lubiyat bilan yakunladi. Jamoa jami 5 ta gol urdi hamda o‘z darvozasidan 8 ta to‘p olib chiqdi. 

 

Karim Xudayqulov tayyorladi

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!