Gvardiolaga so‘raganidan ikki barobar kam maosh taklif qilishdi
Xosep Gvardiola va Italiya futbol federatsiyasi hozircha shartnoma borasida umumiy nuqtaga eta olmayapti. Italiya ommaviy axborot vositalari yozishicha, ispaniyalik mutaxassis milliy jamoani qabul qilib olish bo‘yicha FIGCning qat’iy sa’y-harakatlaridan mamnun, ammo moliyaviy masalada tomonlar o‘rtasida katta farq bor.
La Gazzetta dello Sport nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Pep Gvardiola yillik maosh sifatida 20 million yevro so‘rayapti. Italiya futbol federatsiyasi esa hozircha bu miqdorning yarmiga yaqin taklif bergan, xolos. Shu bois muzokaralar sekin kechmoqda va kelishuv yaqin orada e’lon qilinishi kutilmayapti.
Gvardiola so‘nggi o‘n yil davomida «Manchester Siti»ni boshqarib keldi. Uning qo‘l ostida «shaharliklar» bir qator ichki chempionatlar va xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishdi. Endi esa mutaxassis klub futbolidagi uzoq yillik faoliyatidan so‘ng milliy jamoani qabul qilishi mumkinligi muhokama qilinmoqda.
Italiya terma jamoasi uchun Gvardiolaning nomzodi juda muhim deb qaralmoqda. Chunki «skuadra adzurra» yaqinda katta mag‘lubiyatga uchradi: jamoa jahon chempionatiga yo‘llanma ololmadi. Italiya pley-off finalida Bosniya va Gertsegovinaga mag‘lub bo‘lib, mundialga chiqish imkonini qo‘ldan boy berdi.
Bu omadszilikdan so‘ng terma jamoa bosh murabbiyi Djennaro Gattuzo iste’foga chiqdi. Hozir FIGC yangi bosh murabbiy qidirmoqda va asosiy nomzod sifatida aynan Xosep Gvardiola ko‘rib chiqilayotgani aytilmoqda. Ammo muzokaralarning asosiy to‘siği – maosh va shartnoma shartlari bo‘lib turibdi.

Fikrlar