
Gvardiolaning Husanovga munosabati haqida yozishdi
Abduqodir Husanov Evropada mavsum kashfiyotiga aylandi. “Lans” markaziy himoyachisiga “Pari Sen-Jermen”dan boshlangan qiziqish “top-5” chempionatlarining katta klublariga ko‘chdi. So‘nggi paytda 20 yoshli vunderkind uchun kurashga Turkiya grandlari ham qo‘shildi.
Bir necha manbalar o‘zbek legioneri Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti” nazariga tushgani haqida xabar berib o‘tgan edi. Hozir inqirozni boshdan o‘tkazayotgan “shaharliklar” tarkibda jiddiy o‘zgarishlar qilishni rejalashtirmoqda.
Klub shartnomasini 2027 yilgacha uzaytirishga rozilik bergan Xosep Gvardiola oldida turgan dastlabki vazifa tarkibni yana yuqori maqsadlar sari kurashadigan holatga keltirishdan iborat. Buning uchun ispan mutaxassisi loyihaga yangi ijrochilarni jalb qilishi kutilmoqda.
“Chelsi” faoliyatini yoritishga ixtisoslashgan Chelseanews nashri Abduqodir Husanov uchun kurashga “Manchester Siti” ham qo‘shilgani va “aristokratlar” o‘zbek futbolchisini qo‘lga kiritish uchun Angliya Premer-ligasi vakillari orasida “shaharliklar”dan tashqari, “Tottenxem” va “Nyukasl” bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri kelishini yozdi.
Manbaning yozishicha, manchesterliklar “Lans”ning Frantsiya kubogi doirasida PSJga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda Abduqodir Husanovning o‘yinini kuzatgan va tahlil qilgan, aynan mana shu bahsdan keyin ular 20 yoshli o‘zbek himoyachisining iqtidorini yuqori baholagan.
- Abduqodir Husanov nafaqat jismoniy va tezkor xususiyatlari, balki tabiatan noyob sport intellekti bilan ko‘plab klublarni hayratga solmoqda. O‘zbek futbolchisi maydonga tushgan uchrashuvlarda raqiblarning “Lans” darvozasi oldidagi ahvoli qiyinlashib ketyapti.
Evropaning qator klublari Husanovga da’vogarlarning ko‘pligi bois, transferni amalga oshirishda kuchli raqobatga duch keladi. Qolaversa, “Lans” talab qilayotgan 30 million evro noyob iste’dod sohibini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan badavlat jamoalar uchun u qadar katta xarajat hisoblanmaydi.
Xosep Gvardiola Abduqodir Husanovga shaxsan qiziqib qolgan. Ispaniyalik mutaxassis bu o‘yinchi orqali himoya chizig‘ini mustahkamlashni mo‘ljallamoqda va transferni yanvar oyidayoq amalga oshirishga tayyor. Husanov – Angliya chempionlarining nishonidagi o‘yinchilardan biri.
Biroq shu o‘rinda, O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisini “Pari Sen-Jermen”, “Atletiko Madrid”, “RB Leyptsig” kabi boshqa ligalarning qudratli klublari ham o‘z safiga qo‘shib olishni maqsad qilgan, - deb yozmoqda nufuzli manbalardan ESPN nashri.
Abduqodir Husanov 19 yoshidayoq Evropaga qadam qo‘ygan. “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisini 2023 yilning yozida “Lans” Belarusning “Energetik-BGU” jamoasidan 100 ming evroga transfer qilgan edi.
Legionerimiz o‘z salohiyatini namoyish qilishi uchun bir mavsum kifoya qildi. Debyut yilida asosan etakchi himoyachilarga o‘rinbosar sifatida 15 ta uchrashuvda to‘p tepgan Abduqodir taqdir taqozosi bilan joriy mavsum boshidanoq asosiy tarkibda o‘ynash imkoniga ega bo‘ldi.
Husanov bu vaziyatdan yuz foizlik foyda chiqardi. Endi u faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish arafasida turibdi. Buyog‘iga 20 yoshli himoyachimiz endi yuqori maqsadlar, nufuzli sovrinlar uchun kurashadigan kuchli klublarda to‘p tepishini kutib qolamiz...
Fikrlar