
Gyundog‘an “Siti”dan ketishining asl sababini ochdi
“Manchester Siti”ning eng mashhur futbolchilaridan hisoblangan Ilkay Gyundog‘an jamoani tark etib, Turkiya chempioni “Galatasaroy” tarkibiga borib qo‘shildi.
34 yoshli yarim himoyachi Manchesterdan ketishi sabablarini ochiqlab, muxlislar bilan xayrlashdi.
- Qadrli “shaharliklar”, men sizlar bilan ochiq-oydin muloqot qilmoqchiman. Ketishimning asl sababi – hali hamon ko‘proq futbol o‘ynashni istashimdir. Chunki muntazam futbol o‘ynashni hamma narsadan ko‘proq yaxshi ko‘raman.
Tez orada 35 yoshga to‘laman. Lekin o‘zimni jismonan juda yaxshi his qilyapman va Chempionlar ligasida ishtirok etadigan jamoada yuqori darajada o‘ynay olishimga ishonaman.
Bundan tashqari, bolaligimdan sevgan jamoamga o‘tish imkoni tug‘ildi. Bu mamlakat va jamoa men uchun juda ko‘p narsani anglatadi.
“Manchester Siti” ajoyib davrdan keyin yangi erani boshlashga ehtiyoj sezyapti. Men buni to‘g‘ri tushunaman va hurmat qilaman. Bu klub uzoq yillar davomida men uchun nimalar qilganini hech qachon unutmayman. Klub va Manchester shahri doim qalbimda qoladi.
Har bir jamoadoshim, klub direktorlar kengashi raisi, barcha muxlislar va albatta, Xosep Gvardiolaga chuqur minnatdorligimni bildiraman. Men “Siti”ni minnatdorlik bilan tark etyapman. Oilam nomidan hammaga rahmat aytaman, - dedi Ilkay Gyundog‘an.
Fikrlar