
"Hakamlarni muhokama qilmayman, o‘zbek futboli haqida fikrim boshqacha edi, evropalik murabbiydan doim natija kutishadi" - "Turon"ning polshalik ustozi bilan suhbat
Kuni kecha “Turon” klubida bosh murabbiy o‘zgardi. Yosh Islom Ismoilovning o‘rniga vaqtincha bosh murabbiy sifatida polshalik Boguslav Baniak tayinlandi.
63 yoshli mutaxassis haqida muxlislar deyarli ma’lumotga ega emaslar. U shu paytgacha ko‘plab jamoalarda ishladi. Murabbiylikdan tashqari, sport direktori yoki yana shunga o‘xshash boshqa lavozimlarda ham ish yuritgan.
Shuningdek, Burkina-Fasoning yoshlar hamda o‘smirlar terma jamoalarida faoliyat yuritgan. Qolaversa, Burkina-Faso futbol federatsiyasida sport direktori bo‘lib ham mehnat qilgan. Yaqindan beri Baniak “Turon” klubida faoliyatini boshlagandi. Jamoaning vaqtincha bosh murabbiyiga aylangach, sports.uz muxbiri polshalik mutaxassis bilan suhbatlashdi.
- Sizni “Turon” futbol klubining bosh murabbiy vazifasiga rasman tayinlanganingiz bilan tabriklayman. “Qizilqum”ga qarshi o‘tkazilgan o‘yindan so‘ng, rejalaringiz ham o‘z-o‘zidan o‘zgarib ketgandir?..
- Gapingiz rost, lekin bu mag‘lubiyatning sport tamoyillariga xos sabablari ham yo‘q emas. Futbolda o‘yinga kim yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, o‘sha yutadi. “Turon”da ish boshlaganimga bir oydan sal oshdi. Bilasiz, bosh murabbiy vazifasiga tayinlangunimga qadar boshqa lavozimda ish yuritib keldim. Aytmoqchimanki, klubni kechadan beri bilayotganim yo‘q. Islom Ismoilovning o‘rniga “Turon” ustozi etib tayinlandim. Jamoadagi futbolchilarni ancha bilib oldim. “Turon”ga kelgan chog‘imda Islom bilan klub o‘yinini ancha o‘zgartirib yuborishga harakat qildik va qaysidir ma’noda buni uddaladik ham. Baxtga qarshi natijalar kutilgan darajada ko‘rinish olgani yo‘q. Futbolda shunaqasi ham bo‘lib turadi. Islom Ismoilov – hali yosh, ishtiyoqi baland murabbiy. Men uning “Turon”da qolib ishlashda davom etishini istagan bo‘lardim. Biroq...Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin, bu - hayot! Uning qo‘l ostida “Turon” yaxshi o‘yin namoyish etdi. Boya yuqorida aytganimdek, faqat natijalar shunga mos ko‘rinish hosil qilmay, pirovardida bu uning iste’foga chiqarib yuborilishi bilan yakun topdi. Uning qo‘l ostida jamoa 8 uchrashuvda uch ochko oldi xolos. U klubdagi hamma o‘yinchilarni, jumladan, chet elliklarni ham yaxshi bilardi. E’tiborlisi, ayrim futbolchilarning yoshi undan katta edi.
Shuningdek, tarkibga mahalliy bir qancha futbolchilar ham jalb etildi. O‘ylaymanki, unga boshlagan ishini davom ettirish uchun biroz imkon bersalar yaxshiroq bo‘larmidi?.. Chunki pro-liga bilan Superligadagi uchrashuvlarning darajasi o‘rtasida katta farq bor. Agar yosh mutaxassisga imkon berilganida u albatta “Turon”ning o‘yinini Superliga darajasidagi bellashuvlarga moslashtirgan bo‘lardi. Nima bo‘lgan taqdirda ham Islomdan shaxsan men juda minnatdorman. Negaki, murabbiy klubni anchadan beri shug‘ullantirib keldi va shu darajaga olib chiqishda salmoqli ulush qo‘sha oldi. Shaxsan o‘zimga to‘xtaladigan bo‘lsam, murabbiylik men uchun yangi va o‘zlashtirilmagan soha emas. Negaki, bunga qadar 9 ta jamoada ishlashga ulgurganman. “Turon”ga ustoz etib tayinlanishdan oldin bu masalada rafiqam bilan ham gaplashib, uning fikrini bilishga harakat qilganimni aytib o‘tishim joiz. “Turon”ga kelganimdan so‘ng, hojakaga (klub rahbarini nazarda tutyapti) yordam berdim. U bundan keyin “Turon”da bosh murabbiy vazifasida ishlashim kerakligini istayotganini bildirdi. Ish asnosida rahbariyat mendan futbolda qanday ishlash kerakligini boshqalarga ham ko‘rsatib qo‘yishni so‘radi. Albatta, bu ancha murakkab topshiriq, garchi futbolda ancha yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsam ham baribir ish salmog‘i bir muncha yuqoriligi bilan kishiga bosim o‘tkazmasdan qolmaydi. Jamoa o‘yinini yo‘lga qo‘yish uchun murabbiydan qattiq ter to‘kib ishlash talab qilinadi. Bunday mahalda u kundalik hayotidagi boshqa yumushlarni ham bir chetga yig‘ishtirib qo‘yishga majbur bo‘ladi. “Turon”ning o‘yini ancha yo‘lga qo‘yilgan. Taktika masalasida ham shunday mulohaza yuritsa bo‘ladi. Lekin klubda murabbiylarning almashinuvi futbolchilar ruhiyatiga ham ta’sir o‘tkazmasdan qolmasligini yoddan chiqarmaslik zarur.
O‘zingiz guvohi bo‘lib turganingizdek, hozirda “Turon” musobaqa jadvalida so‘nggi pog‘onada bormoqda. Bunday amaliyot ilgari mening faoliyatimda deyarli kuzatilmagandi. Endi o‘zimdagi menni o‘ldirib, futbolchilarni uchrashuvlarga tayyorlashda eng shimarib ishlashimga to‘g‘ri keladi. Aytishim joizki, bunday mahalda o‘yinchilar uchrashuv chog‘idagi kutilmagan almashtirishlarga ham tayyor turishlari va buni to‘g‘ri qabul qilishlari maqsadga muvofiq bo‘lardi. Nega deganda, murabbiy o‘z nuqtai nazaridan va futbolchining maydondagi xatti-harakatlaridan kelib chiqqan holda mana shunday qaror qabul qiladi. Shunday yo‘l tutilgan taqdirdagina maqsad sari borish mumkin bo‘ladi. Superligadagi dastlabki uchrashuvlarda kuzatilgan natijalarni o‘yinchilar o‘ziga xos saboq sifatida qabul qilishlari kerak. Futbolchilarning jismoniy tayyorgarligida qandaydir muammolar borligini ko‘rmayapman. Faqat asosiy muammo elitadagi debyut mavsum startidagi qoniqarsiz natijalar tufayli ularda qandaydir ruhiy ziqlik yuzaga kelgan, chamamda. “Turon”da bir oydan beri ishlayotgan bo‘lsam ham bosh murabbiy vazifasiga tayinlanganimga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Albatta, natijalarni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun birgalikda ancha ter to‘kishimizga to‘g‘ri kelishini his qilib turibman. Endi butun diqqat-e’tiborimizni navbatdagi bellashuv – “Surxon”ga qarshi kechadigan uchrashuvga qaratganmiz. Darhaqiqat, hozirdan yaqin o‘yinlar uchun biz murabbiylar shtabi vakillari rejalarni tuzib qo‘yganmiz. Bu men uchun butunlay yangicha chorlov – yangi ishdir. “Surxon”dan keyingi bellashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish rejalashtirgan maqsadlarga ko‘ra olib boriladi. Termizdagi bahs juda muhim. Yaqin to‘rtta uchrashuv biz uchun o‘ziga xos sinov vazifasini o‘tasa kerak, deb hisoblayman. Shunda birgalikda “Turon”ning o‘yinini yanada yaxshiroq ko‘rinishga keltira olamiz, degan umiddaman. Bu esa albatta mashaqqatli ishdir. Shunda biz yaypanlik ishqibozlarni navbatdagi va chempionatning ikkinchi davrasiga o‘tganda ham yaxshiroq natijalar bilan xursand qilishimiz mumkin bo‘ladi, deb hisoblayman.
- Bilamizki, siz “Turon”da yaqindan beri ishlab kelyapsiz. Klubga kelishingiz qanday yuz berganini aytib bera olasizmi?
- Klubda ish boshlashim aprel oyiga to‘g‘ri keladi. Mening vazifam Islomga taktika borasida yordamlashishdan iborat bo‘lgan. Ya’ni, biz klub o‘yinini 4-2-3-1 o‘yin uslubiga o‘tkazishimiz nazarda tutilgandi. Albatta, shuning barobarida vaziyat taqozosiga ko‘ra, o‘yin sxemasini 4-3-3 ga ham o‘zgartirish ustida mashg‘ulotlarda ishladik. Bu yo‘lda Islomga yordamim tekkanidan xursandman. Chunki yuqorida aytganimdek, “Turon”ning o‘yinida qandaydir o‘zgarishlar kuzatildi. “Turon”ning asosiy muammosi hujum chizig‘idagi kamchiliklar bilan bog‘liq edi. Chunki yakuniy pallada boshlangan hujumlarni mantiqiy nihoyasiga etkazishda muammolar ko‘zga tashlandi. AGMKga qarshi o‘yinning birinchi yarmida hujumda ancha faol ko‘rinsak-da, biroq buni gol ko‘rinishda isbotlay olmadik. Fursati kelganda, shuni ta’kidlashim joizki, o‘zim ishlayotgan jamoada shu paytgacha hakamlarning qabul qilgan qarorlarini iloji boricha muhokama qilmaslikka harakat qilib kelaman. Negaki, hakamlar ham maydonda o‘z zimmalaridagi vazifani bajarishga harakat qilishadi. Ularning mehnati ancha mashaqqatli ekanligini hamma biladi. Ish asnosida hakamlar bilan shu kungacha sira tortishmaganman, desam mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Albatta, futbolda har qanday klubda katta va kichik muammolar kuzatilmasdan qolmaydi. Shuningdek, murabbiylarga futbolchilarning kutilmaganda jarohatlarga yo‘liqishi etarlicha tashvish tug‘dirib kelishini aytish kerak bo‘ladi. Jamoa o‘yinida sezilarli o‘zgarish qilishga hojat yo‘q, nazarimda. Asosiy muammo futbolchilarimizning ruhiyatini yaxshi holatga keltirishdan iboratdir. “Turon”da murabbiylar shtabi vakillari yaxshi ish yuritib kelishmoqda. Jamoa o‘yinini yo‘lga qo‘yishda faqat murabbiylar shtabi tuzgan rejaning o‘zigina kifoya qilmaydi. Bunda futbolchilarning eb-ichish, hordiq chiqarish va navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish kabi kerakli omillar muhim ahamiyat kasb etmasdan qolmaydi. Bu masalada hojaka bilan ham gaplashdim. Albatta, rahbariyat va klubdagilar nima ish qilish kerakligini sezib turibdilar. Har qanday mamlakatda kuzatilgani singari “Turon” klubi ishqibozlari ham suyuklilaridan yaxshi natijalarni kutishyapti. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak.
- “Turon”da yaxshi saviyadagi futbolchilar jamlanishgan bo‘lsa ham negadir natijalar shunga mos kelmayapti. Murabbiy sifatida buning sabablari nimada, deb o‘ylaysiz?
- Yuqorida aytib o‘tganimdek, ligalar o‘rtasidagi farq kattaligi ham o‘z ishini qilmasdan qolmayapti. Ustiga-ustak Superligadagi debyut mavsum uchun xorijdan bir qancha futbolchilar olib kelindi. Ularning qolgan ijrochilar bilan maydonda til topishib ketishi uchun esa vaqt kerak bo‘ladi. Chetdan kelgan ijrochilarning yangi klubga, mahalliy shart-sharoitga ko‘nikma hosil qilishlari ma’lum davrni o‘z ichiga olmasdan qolmaydi. Butunlay yangi mamlakat va mahalliy mentalitetga moslashish esa oson emas. Bunday vaziyatda har qanday o‘yinchida ko‘nikma borasida muammolar albatta kuzatiladi. Aytmoqchimanki, chetdan kelganlar uchun vaqt kerak. Ilk turdanoq jamoa derbida qo‘qonliklar bilan kurashdi va baxtga qarshi o‘yinni boy berdi. Bu esa nafaqat xorijlik, balki mahalliy futbolchilarning ruhiyatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Keyinchalik “Turon” Namanganda “Navbahor” bilan bellashdi. O‘sha bahs jangovor durang bilan nihoyasiga etdi. Bu orada klub Kubok doirasida ham ishtirokini davom ettirib keyingi bosqich masalasini ijobiy hal eta oldi. Xorijlik futbolchilarning hammasi ham O‘zbekistonga moslashishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Qolaversa, ularning ko‘pchiligi rus tilida o‘z fikr-mulohazalarini bildira olmaydi. Masalan, Karikari faqat inglizcha so‘zlashadi. U ruscha berilgan ko‘rsatmalarni mutlaqo tushunmaydi. Bu esa katta muammodir. To‘g‘ri, “Turon”da tarjimon yo‘q emas. Biroq tarjimon murabbiy futbolchidan nimani istayotganini xuddi u singari tushuntira oladi, deb o‘ylamayman. Futbol – juda murakkab o‘yindir. Ayniqsa, murabbiylar uchun uning murakkabligi o‘yinchilarnikidan ham ko‘ra ko‘proq seziladi. To‘g‘ri, o‘zim ham ruschada siz bilan ravon gaplasha olmayotgan bo‘lishim mumkin. Lekin ish jarayonida kerak bo‘ladi degan maqsadda shu tilni ham imkon qadar yaxshi o‘zlashtirishga harakat qilib kelaman. O‘z misolimda yigitlarga xorij tillarini o‘rganish unchalik katta muammo hisoblanmasligini ko‘rsatib qo‘yishga intilib kelyapman. Til borasidagi to‘siq ham jamoa o‘yinini yo‘lga qo‘yishda muammolar tug‘dirmasdan qolmaydi. O‘ylaymanki, bu masaladagi ishlarni albatta ijobiy hal qilishning ilojisi bor. Vaqti kelsa, bu borada qo‘l ostimdagilarga qattiqqo‘llik bilan munosabatda bo‘lishimga to‘g‘ri keladi.
- Odatda klubga yangi bosh murabbiy tayinlanar ekan, undan tezroq yaxshi natija kutishni boshlaydilar. Bu roldagi ishingizni qanday boshlamoqchisiz?
- “Turon”ga kelgan paytimda bosh murabbiyga taktik masalalarda yordamlashish vazifasida ishladim. Endi bosh murabbiy rolida debyutimni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘ryapman. Evropalik bo‘lgan murabbiylardan ko‘pchilik yaxshi natijalarni kutishga odatlangan. Ammo har qanday murabbiyga ishni yo‘lga qo‘yishda rahbariyat vaqt berishi kerak. Shunda u o‘z falsafasi va g‘oyalarini qo‘l ostidagi futbolchilarga singdira olishi mumkin bo‘ladi. Xuddi “Titanik” cho‘kayotgani kuzatilgani singari dastlabki o‘yindayoq yaxshi natija bo‘lmagan taqdirda atrofdagilar shoshilinch xulosa yasab, tahlikaga tushmasliklari kerak. Yuqorida aytib o‘tganimdek, yangi bosh murabbiyning ishi dastlabki to‘rtta o‘yinda kuzatiladi. U o‘zini bamisoli suvdagi baliq kabi erkin his qilishi uchun esa albatta shunga monand ravishda vaqtga ega bo‘lmog‘i darkor.
- Birinchi davradan keyin tarkibda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin?
- “Surxon”ga qarshi uchrashuvdan avval bu haqida nimadir deyishim qiyin. Lekin birinchi davra tugagach, albatta rahbariyat bilan gaplashamiz. 4-5 nafar yaxshi saviyadagi futbolchilarni olishimiz kerak. Biroq ularni qaysi pozitsiyalarga taklif qilishimiz xususida gapirishim noto‘g‘ri bo‘ladi. O‘zimizdan ham iqtidorli yigitlarni izlashimiz mumkin. Agar bu borada istagan o‘yinchimizni topa olmasak, unda yana legionerlarga murojaat qilamiz. Biz baribir jamoani kuchaytirishimiz lozim. Birinchi davradan keyin tayyorgarlikni Evropada yoki kamida Turkiyada o‘tkazish bo‘yicha rejalashtiryapmiz. Jamoani Superligada qolishga bemalol potentsiali bor.
- O‘zbekistonda ishlashingiz faoliyatingizga qanchalik ahamiyat kasb etadi? Bungacha futbolimiz haqida tasavvurlaringiz qanday edi?
- Murabbiy sifatida aytishim mumkinki, men shu yoshimgacha juda ko‘p narsani ko‘rdim. O‘zbekistonda ishlashim esa men uchun syurpriz bo‘ldi. Bungacha qozoq futbolini bilardim. Ammo o‘zbek futboli xususida etarli tasavvurga ega emasdim. Shuning uchun bu erdagi futbol orqada bo‘lsa kerak, degan fikrda edim. Lekin O‘zbekistonga kelib, sharoitlarni, infrastrukturalarni, homiylarni va ular tomonidan ajratilayotgan pullarni ko‘rib, shunga amin bo‘ldimki, O‘zbekiston futboli ancha oldinga siljigan ekan. Bu erda bitta ish qolgan, akademiyalarni to‘liq ishga solib, iqtidorli yoshlarni etishtirish masalasini hal qila olsa, o‘zbek futbolining kelajagi yaxshi holatda.
- Albatta, o‘zbekistonlik ishqibozlarga sizning qanday darajadagi murabbiy sanalashingizni o‘zingizdan ma’lumot olgan holda bilish qiziq tuyulmasdan qolmaydi. Eshitishimcha, faoliyatingiz davomida terma jamoani ham boshqargan ekansiz...
- Juda noqulay va kishini o‘ng‘aysiz holatga keltiradigan savolni berdingiz. Chunki har qanday inson o‘zi haqida ma’lumot berishga qiynalishi tayin. Futbolda yangi odam emasman. Bu o‘yinni ichidan bilaman. Qolaversa, faqat bosh murabbiy emas, o‘zimni boshqa rollarda – masalan, sport direktori va maslahatchi sifatida ham sinab ko‘rishga ulgurganman. O‘zim boshqargan jamoalarda tubdan o‘zgarishlarni amalga oshirganman, deya olmayman. Dunyoning turli mamlakatlarida ishlashga ulgurdim. Endi esa mana – sizning yurtingiz O‘zbekistonda ishlashga kirishdim. Aytishim kerakki, Farg‘ona mintaqasi uchun Superligada vakilga ega bo‘lish qanday ahamiyat kasb etishini his qilishga ulgurdim. Shundan kelib chiqqan holda bosh murabbiy sifatida “Turon”ning natijalarini yaxshilash uchun bor tajribamni ishga solishga tayyorman. Faoliyatim davomida Afrikada, bir qancha davlatlarning oliy ligalarida mehnat qildim. Albatta, murabbiy sifatida shakllanishimda ona vatanim Polshada olgan dastlabki saboqlar hozirgacha qo‘l kelayotganini ta’kidlamasdan o‘ta olmayman. Terma jamoalardan birida ishlaganimga to‘xtalsak, biror-bir termani bosh murabbiy sifatida boshqarishimga to‘g‘ri kelmagan. Faqat Burkina-Fasoning yoshlar va o‘smirlar darajasida ishlashimga to‘g‘ri kelgan.
- Eshitishimcha, o‘zbek futbolchilarini xorijdagi klublarga taklif etishni ham mo‘ljallab qo‘ygan ekansiz...Shu gaplar rostmi?
- Bu masalada hali gaplashishga ulguramiz, deb o‘ylayman. Faqat hozir emas. Chunki futbolchilarni dabdurustdan xorijdagi klublarga tavsiya qilish oson ish sanalmaydi.
- Darvoqe, murabbiylar shtabi shu holicha qoladimi?
- Menga darvozabonlar murabbiyi Bekzod Turg‘unov o‘zbek futboli va mentalitetiga moslashishimda har tomonlama yordam beryapti. Murabbiylar shtabi shunday qoladi. Hammasi o‘z ishiga professional yondashishyapti, ko‘nglim to‘q. Faqat kimdir kerak bo‘lsa, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy olishimiz mumkin.
Fikrlar