"Hali hech nima yo‘qotilgani yo‘q" yoxud Viktor Kumikov va’da berdi...

  • 29 avgust, 2021, 22:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubining turnir jadvalidagi bugungi holati juda xavotirli. Klub 16 ta o‘yinda bor-yo‘g‘i 9 ochko oldi xolos. Taassufki, jamoa namoyish etayotgan o‘yin ham shunga yarashadek tuyulyapti. Bunga “Surxon” hamda “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvlar misol bo‘la oladi.

Tecno

Birinchi davradagi xato va kamchiliklardan qanchalik xulosa chiqarildi, degan savol tug‘ilyapti. Bu borada murabbiylar o‘zgartirilgani bilan izohlash mumkin. O‘yinlar boshlanishiga oz fursat qolganida jamoada o‘tgan yili ishlab ketgan Viktor Kumikov qaytarildi. Lekin tarkib-chi? Uch nafar legionerni hisobga olmaganda, asosan yoshlarni tilga olish mumkin. G‘alabalar o‘ta zarur bo‘lgan bir pallada “Andijon” hamon ochko yo‘qotyapti. Hozircha Kumikov boshchiligida to‘rtta o‘yinda ikkitadan durang va mag‘lubiyat qayd etildi.

Qizig‘i shundaki, rossiyalik mutaxassis o‘tgan yili jamoani boshqargan mahalida 10 ta o‘yinning teng yarmida durang bilan mag‘lubiyat kuzatilgan. Shunday ekan, Kumikov “Andijon” bilan qachon g‘alaba qozonarkin? Lekin bir jihatni ham unutmaslik kerak, murabbiy klubni kech qabul qilib oldi. Tajribasiga shubha yo‘q. Faqat tarkibda o‘zi istagan darajada o‘zgarishlar qilishga deyarli vaqti ham qolmagandi. Futbolda esa hammasidan ham natija muhim sanaladi.

- Viktor Balyutovich, oxirgi paytlarda “Andijon”ni tanib bo‘lmay qoldi. Klubga nima bo‘lyapti?

- Hammasi joyida. Mashg‘ulotlarda shug‘ullanyapmiz, qo‘ldan kelgancha ishlayapmiz. Baxtga qarshi uchrashuvlarda kutilgan natijalarni qayd etishda sira omadimiz chopmayapti. Qolaversa, tarkibga kelib qo‘shilgan yangi o‘yinchilar hali jamoaga to‘la kirishib ketganlaricha yo‘q. Buning uchun albatta biroz vaqt kerak bo‘ladi. Asta-sekinlik bilan hammasi o‘z joyiga tushib boryapti. Garchi natijalar kishini quvontiradigan darajada bo‘lmasa-da, mashg‘ulotlardagi bir-birlarini o‘zaro tushunish dinamikasi ancha yaxshilanib bormoqda. “Bunyodkor”ga qarshi kechgan bellashuvda qandaydir ikki-uch daqiqa hammasini hal qildi. Vaholanki, o‘yinni yaxshi o‘tkazayotgandik. Bellashuvning qolgan qismida esa yigitlarimiz e’tirozga sabab bo‘ladigan o‘yin namoyish etmayotgandilar. Albatta, hammasining chappasiga o‘zgarib ketishi futbolchilarimizning ruhiyatiga ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. O‘ylaymanki, ruhiy o‘radan chiqib oladigan bo‘lsak, hammasi iziga tushib ketadi.

kumikov_1

- “Andijon” sizning boshqaruvingiz ostida to‘rt o‘yinda ikki durang va ikki mag‘lubiyat qayd etdi. O‘tgan yili boshchiligingizda besh durang va shuncha mag‘lubiyat kuzatilgandi. Nima deb o‘ylaysiz, tarix takrorlanyaptimikin?..

- Hozircha ikkita durang va ikkita mag‘lubiyat qayd etdik. Agar ikki bor g‘alaba qozona oladigan bo‘lsak, hammasi iziga tushib ketsa kerak. Shunda barchasi mutanosib ko‘rinish oladi. Hali hech narsa yo‘qotilgani yo‘q. Vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun esa hali vaqt bor.

- Jamoadagi muammolar orasida qaysi biri hammasidan ko‘ra ko‘proq sizni bezovta qilyapti?

- Jamoadagi muammolar asta-sekinlik bilan echimini topib boryapti. Bunday muammolarning aksariyat qismi futbolga aloqador emasligini aytib o‘tmog‘im darkor. Futbolga taalluqli bo‘lgan muammoga kelsak, o‘yinchilarimiz orasida bir-birini to‘liq tushunish bizga etishmayapti. Shuning evaziga bahslarda pala-partish harakatlar ko‘zga tashlanmoqda. Vaholanki, biz murabbiylar ulardan aksini kutamiz. O‘ylaymanki, bu asosiy muammoni albatta echamiz. Qolaversa, chempionatda biroz tanaffus bo‘lishi ham bizga qo‘l kelishi turgan gap. Shunda maydonda o‘zaro tushunib to‘p surishni ham yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi. Shunday bo‘lishiga ishonyapman.

kumikov3

- Chetdan nazar tashlaganda, Superliga ishtirokchilari orasida “Andijon” hammadan ko‘ra bo‘sh futbol namoyish etmoqda. Bunday fikrlarga qo‘shilasizmi?

- Yuqorida jamoadagi holat va biz murabbiylar shtabi qaysi jihatlar ustida ishlashimiz haqida to‘xtalib o‘tdim. Nazarimda, shu gaplar ushbu savolingizga javob bo‘lsa kerak. To‘g‘ri, o‘yinlarda natijalarimiz ko‘ngildagidek bo‘lmayapti. Butun o‘yin borasida yomon ko‘rinyapmiz, deya olmayman. Biroq muhim pallalarda nimadir o‘xshamay qolyapti. Buning sababi futbolchilar bir-birlarini eng muhim vaziyatlarda tushunmay qolishayotganidadir. Agar uchrashuvlarni kuzatib borgan bo‘lsangiz, bir qancha holatlarda bellashuvlarni g‘alaba bilan yakunlashimiz mumkindek taassurot qoldira boshlagandik. Ammo, yuqorida aytganimdek, muhim-muhim vaziyatlarda o‘yin tizginini qo‘ldan boy beryapmiz. Shu narsa bizga pand berib qo‘ymoqda. Biz murabbiylar albatta bundan keyin shunday holatlar takrorlanmasligi uchun ishlaymiz. Shuning uchun ham bu mavsum ligada qolishimiz mumkinligiga ishonyapman.

- Klubda sizdan tashqari shtabingizda Kornienko, Usmonov, Olimjonov, Rahmonov, Abduqodirov, Rahmatullaev ishlashmoqda. Qiziq, shtabda shuncha murabbiylar qanday ish bilan shug‘ullanishyapti?

- Murabbiylar shtabida ishlayotganlar orasida yoshlar ancha. Hozircha ular o‘rganishmoqda. O‘z navbatida bunday malaka oshirish kelajakda yosh mutaxassislarga asqotadi, deb hisoblayman. Ulardan farqli o‘laroq, ancha tajribali bo‘lgan murabbiylarimiz esa zimmalariga yuklatilgan muayyan vazifalarni bajarishyapti. Yana takrorlayman, shtabimizdagi yoshlar hozirda kelajak uchun asta-sekinlik bilan tajribalarini oshirib borish bilan mashg‘ullar. Buni to‘g‘ri tushunishingizni so‘ragan bo‘lardim.

kumikov2_1

- Bunday yosh murabbiylar bilan ishlash sizga xalaqit bermayaptimi?

- Hammasi joyida. Hech qanday muammo yuzaga kelmayapti. Yigitlar umumiy ishimizga xalaqit bermagan holda o‘rganishda davom etmoqdalar. Men bunda biror-bir xavotirli narsani ko‘rmayapman.

- Ularni aynan siz taklif qildingizmi yoki rahbarlar shunday to‘xtamga kelishdimi?

- Biz rahbariyat bilan avval boshidanoq shtabimizda yoshlar ham bo‘lishi masalasi yuzasidan kelishib olganmiz. Ular kelajak uchun tajriba oshirishadi. Men bunga muzokara chog‘idayoq darhol rozilik berganman. O‘rtamizda hech qanday muammo yo‘q. Hammasi joyida.

kumikov4

- Viktor Balyutovich, “Andijon”ga yana qaytish borasidagi qarorni qabul qilganingizda xatoga yo‘l qo‘ydimmikan, degan fikr xayolingizdan o‘tyaptimi?

- Men qaytishga qaror qilib xatoga yo‘l qo‘ydimmi?..Bir narsa deyishim qiyin, hammasini vaqt ko‘rsatadi. Hozircha xayolimga siz aytgan fikr kelganicha yo‘q. Chunki butun diqqat-e’tiborimni zimmamga yuklatilgan vazifani bajarishga qaratganman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Mavsum nihoyasiga etganidan keyingina bu masala yuzasidan xulosa chiqarish mumkin bo‘ladi. Hozir esa yo‘q, bunday deb o‘ylamayapman.

- Oxirgi savol: “Andijon”ning Superligada qolishi mumkinligini kafolatlay olasizmi?

- Albatta, axir men bu erga shuning uchun ham kelganman-ku! Bosh murabbiy sifatida o‘z ishimni imkon qadar yaxshi bajarishga va’da beraman. Klubning Superligada qolishi uchun bor tajriba va bilimimni ishga solaman. Agar o‘z kuch va bilimimga ishonmagan taqdirimda bu erga kelmagan bo‘lardim. Albatta, aytilgan gapni amalda bajarish bilan ikkisining o‘rtasida farq bo‘ladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham biz kuchlilar safida jon saqlab qolish uchun oxirigacha kurashishga tayyormiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!