
Hamidjon Aktamov: Messi bo‘lsa ham olib kelaman, faqat pul bo‘lsa bas!
“Qizilqum” klubida qanday o‘zgarishlar bo‘lganini ko‘rdingiz. Mavsumni yaxshi boshlay olmaganidan so‘ng transferlar oynasi ochilgan paytda ko‘zga ko‘ringan o‘yinchilarni taklif qilishdi. Bunday ishlarda esa klub bosh menejeri Hamidjon Aktamov bosh-qosh bo‘ldi. U bilan gaplashish uchun anchagina kutishimizga va urinishimizga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, doim dangal gapirishni yoqtiradigan mutaxassis sports.uz uchun alohida intervyu berdi.
- Siz bilan oxirgi marta gaplashganimizda “Qizilqum”dan ketganingizni ma’lum qilgandingiz. Lekin keyin yana voqealar rivoji o‘zgardi va siz jamoada bosh menejer lavozimida faoliyatingizni davom ettiryapsiz. Klubga qaytishingiz qanday yuz berdi?
- Avvalo aytmoqchimanki, meni hech kim klubdan haydagani yo‘q. Charchaganim sababli o‘zim biroz dam olmoqchi edim. O‘shanda Turkmanistondan ikkita murabbiy kelgandi. Jamoani o‘shalarga topshirib, o‘zim dam olishga chiqmoqchi edim. Agar men biroz chetga chiqib tursam, klubda o‘zgarish bo‘larmikin, deb o‘ylagandim. Ammo qarasam, bu ham ish bermadi. Mavsumni dastlabki uchta turida ikki marta yutqazib, bir marta durang o‘ynadik. Keyin Tachmurod Agamurodovga jamoaga yordam berishini, birgalashib “Qizilqum”ning mavqeini ko‘tarishni taklif qildim. So‘ng pandemiya tufayli barcha uyda qoldi, hammani rejalari o‘zgarib ketdi. Hozirda ertalab reja qilsangiz, tushlikdan so‘ng barchasi o‘zgarib ketadigan zamon bo‘lib qoldi. Hech nimani oldindan rejalashtirib bo‘lmayapti. Nafaqat futbolda, balki barcha sohalarda ham shunday vaziyat yuz beryapti. Shu orada men ham bir oycha dam oldim. Boz ustiga karantin edi. Bu vaqt davomida sog‘ligim haqida qayg‘urdim. Futbolchilar va muxlislar esa meni yana tezroq futbolga qaytishimni xohladilar. Baribir jamoa uchun shuncha yil mehnat qilganman. Aksiga olib, Agamurodov kelganidan keyin ham mag‘lubiyat ustiga mag‘lubiyat bo‘laverdi. Keyin jamoada yana o‘zgartirish qilishga majbur bo‘ldik. Bungacha ikki marta murabbiyni yangilasak ham foydasi bo‘lmagach, endi tarkibda o‘zgarish qilishga qo‘l urdik. Natijada turkmanistonlik murabbiylar bilan birga turkmanistonlik legioner futbolchilar – Bashimov va Ilyasov bilan xayrlashdik. Yana bir legioner – Makkartni Navesebga ham javob berdik. Hech qanaqa xafagarchilik bo‘lgani yo‘q, hammasi bilan do‘stona xayrlashdik. Pandemiya paytida bizda ham 70 foiz futbolchilar covid tufayli davolanishdi. Mana, xabaringiz bor, bir qator yangi transferlarga qo‘l urdik. Darvozabon Ignatiy Nesterovni olib keldik. Yarim himoyachi Oybek Qilichevni ham chaqirdik. Shuningdek, Erkin Boydullaev bizga begona emasdi, uni ham qaytardik. “Dinamo” sardori Jasur Azimovni ham qo‘shib oldik. “Oq-tepa”dan esa ikki nafar o‘yinchini transfer qildik.
- Ignatiy Nesterovning “Qizilqum”ga o‘tishi barchada o‘ziga xos shov-shuvni uyg‘otdi. Chunki uni ko‘pchilik Navoiy klubiga o‘tishini kutmagandi. Qiziq, Nesterovni “Qizilqum”da o‘ynashga qanday ko‘ndirdingiz?
- Men Messi bo‘lsa ham gaplashib olib kela olaman, faqat pul bo‘lsa bo‘ldi. Agar uni sharti haqida gapiradigan bo‘lsam, Nesterov bilan bir marta gaplashdim va biz kelishdik. Uning sharti ham u qadar katta emasdi. Bundan tashqari, belaruslik Vladislav Kasminin ham O‘zbekiston fuqaroligini olish arafasida turibdi. Biz u bilan ham shartnoma imzolaganmiz.
- Tarkibdan qoniqdingizmi?
- Ha, ko‘nglimdagidek tarkib desam ham bo‘ladi.
- Bundan keyin ham yangi o‘yinchilar kelishda davom etadimi?
- Bo‘ldi, qarang qancha o‘yinchi oldik?!
- Yuqorida legionerlar ketganini aytdingiz, yana rasman kimlar ketdi?
- Nodirxon Kamolov. “Nasaf”dan ijaraga olgan Ilhom Alijonov bilan ham xayrlashdik.
- Agamurodov masalasi ham bizni qiziqtirayotgandi. Boisi, yuqorida o‘zingiz ham aytganingizdek, uning boshchiligida “Qizilqum” juda omadsiz o‘yinlarni o‘tkazdi. Oqibatda Tachmurod Shamakovich ham iste’foga chiqishi mumkinligi taxmin qilinayotgandi. Shu xususida ham ma’lumot berib o‘tsangiz.
- Masalan, siz jurnalist sifatida o‘z sohangizni yaxshi bilasiz. Har kim o‘z ishini o‘zi yaxshiroq biladi. Tachmurod Agamurodov yomon murabbiy emas. Faqat uning ham omadi kelmadi. Har 2-3 ta turda murabbiyni almashtiraversak, bu aslo yaxshilikka olib kelmaydi. Butun jamoani tayyorlash uchun ancha vaqt kerak. Bu gapni o‘qiganlar o‘zingga necha yil bo‘ldi, deb aytishlari ham mumkin. Biz har yili futbolchilarni chaqirib, kim bilandir bir yil, yana kim bilandir bir yarim yilga shartnomalar tuzganmiz. Sababi bizda oldingidek yoshlar etishib chiqmayapti. Kelajak uchun katta ishlarni maqsad qilganmiz. Klub akademiyasining loyihalari tayyor turibdi. Faqat karantin chog‘ida hamma uyda o‘tirishga majbur bo‘lganligi uchun bu ishimiz ham biroz cho‘zildi. Bu masala bo‘yicha akademiyamizni “Nasaf”, “Bunyodkor”niki singari tashkil qilish uchun PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jaev va yana boshqa mutaxassislar bilan ham gaplashib oldik. Markazlashgan chempionatimizni o‘tkazib olganimizdan keyin bu ish bilan jiddiy shug‘ullanamiz. Akademiyani ishga tushirib, yaxshi mutaxassislarni jalb qilgan holda futbol fabrikasini Navoiyda ham barpo etish bo‘yicha viloyat rahbarlari ham yordam berishga tayyor.
- Navoiyda iqtidorlar juda ko‘p. Bunga yaqinda Rossiyaga ketgan Oston O‘runov bilan Jasur Jaloliddinovni misol keltirsak bo‘ladi, ikkalasi ham navoiylik. U erda yana shularga o‘xshash iste’dodlar bisyor, shunday emasmi?
- To‘g‘ri. Navoiydan doim yaxshi futbolchilar chiqqan. Superliganing klublarida ham ko‘plab navoiylik yigitlar o‘ynashyapti. Nimaga “Qizilqum”da o‘ynamayapti, degan savol bo‘lishi tabiiy. Masalan, Jaloliddinov yoshligidanoq Toshkentga, akademiyaga ketgan. Ammo u o‘zimizdan chiqqan. Oston O‘runov esa aynan “Qizilqum” futbol maktabida tahsil olgan. Biz bu masalani yana ko‘taramiz. Ya’ni, O‘runovni kim qanchaga transfer qilsa qilaversin, lekin o‘zi o‘qigan futbol maktabini ham unutib qo‘ymasligi kerak. Bundan tashqari, Dilshod Rahmatullaev, Asilbek Omonov, Vohid Shodiev, Alisher Holiqov...ko‘ryapsizmi, Navoiyda ham yaxshi o‘yinchilar paydo bo‘lgan. Hozir ham iqtidorli yoshlar bor va bundan keyin ham bo‘ladi. Oxirgi paytlarda esa “Qizilqum” jamoamiz biroz omadsizlikka uchradi. Muxlislarimizni ranjitib qo‘yganimizni tan olaman, bu borada o‘zimni oqlamoqchi ham emasman. Bu – futbol. Kim o‘ylabdi deysiz, “Barselona”ni “Bavariya”ga 2:8 hisobida yutqazishini.
- Futbolda mag‘lubiyat bilan g‘alaba yonma-yon yuradi...
- To‘g‘ri, ammo oxirgi bir yilda mag‘lubiyat yonimizdan ham ketmadi-da (kuladi). Shuning uchun ishni yana boshqatdan boshladik. Xudo xohlasa, endi ishlarimiz yaxshi bo‘lishi kerak. Mana, kuni kecha “Buxoro”ga qarshi o‘yinda dastlabki g‘alabaga erishdik.
- Aynan “Buxoro”ga qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida bosh murabbiy emas, balki siz ishtirok etdingiz. Bundan keyin ham matbuot anjumanlarida o‘zingiz qatnashasizmi?
- Bosh menejer sifatida meni ham matbuot anjumanida ishtirok etish huquqim bor. O‘shanda jamoani o‘yinga men tayyorlagandim. Baribir o‘zimga ham savollar bo‘lishini bilardim. Agamurodov bilan birga jamoani shug‘ullantiryapmiz. Bizga farqi yo‘q, menmi yoki Agamurodovmi, matbuot anjumanlarida qatnashaveramiz.
- U holda jamoaning natijalariga asosiy javobgar kim?
- “Qizilqum” natijalariga birinchi javobgar inson men. Chunki bu jamoani noldan boshlab shu darajagacha birlashtirdik, yaxshi va yomon kunlarida ham birga bo‘ldim. To‘g‘risi, boshqa joyga ishga ketmoqchi ham edim. Biroq klubni bunday holatda tashlab keta olmadim. Baribir qiyin holatda jamoani tashlab qochadigan odam emasman.
- Agamurodovni chaqirishdan oldin yana boshqa taniqli murabbiylar bilan ham gaplashgan ekansiz. Misol uchun Yuriy Sarkisyanni “Qizilqum”ga taklif qilganingiz rostmi?
- Yuriy Vazgenovichni maslahatchi murabbiylikka chaqirgandim. U bu taklifdan xursand bo‘ldi. Faqat yoshi ancha ulug‘lanib qolgani, sog‘ligini o‘ylayotgani va har doim jamoa bilan birga bo‘la olmasligi bois ishlay olmasligini aytdi. Darvoqe, Rustam aka Mirsodiqovga ham maslahatchi murabbiylik lavozimini taklif qilgandim. U kishining ham tajribasi katta. Ammo u ham hozircha ishlay olmasligini bildirdi. Ulardan boshqa hech kimga taklif bilan chiqmaganman, Xomyakov, Kumikovlarga ham. Men O‘zbekistonda kimga taklif bilan chiqishim mumkin? Mirjalol Qosimov, Ro‘ziqul Berdiev kabi murabbiylar bo‘lsa, birga ishlashim mumkin. Qolgan ko‘pchiligini esa yutganman. Garchi o‘sha murabbiyning menga nisbatan tajribasi katta bo‘lsa ham g‘olib chiqqanman. Axir menga yutqazgan murabbiyni o‘rnimga ishga qo‘ymayman-ku!
- Karantin paytida Aleksandr Xomyakovni “Qizilqum”da ish boshlashi borasida ko‘plab xabarlar tarqalgandi. Bu aslida ham haqiqatmidi?
- Hozir hamma g‘iybat futbolda. Odamlar bekor qoldi, futboldan gapirishadi. To‘g‘ri-da, futbol hech kimni xursand qila olmayapti. Na terma jamoamiz, na klublarimiz. Xomyakov haqida ham har xil gap-so‘zlar chiqdi. Unga taklif bo‘lgan. Balki mendan boshqa rahbarlar chaqirgan bo‘lishi mumkin. Men bitta narsani aytaman, yaxshi mashinani sotib, eskisi olinmaydi. Agar yaxshi mashinani sotsangiz, undan ham yaxshirog‘ini olishni istaysiz, to‘g‘rimi? Shunday ekan, jamoamizga ham yaxshiroq murabbiyni olib kelishsa, gap yo‘q, birga ishlaymiz. Xomyakovni tanqid qilmoqchi emasman, faqat murabbiyni olib kelishdan avval uning oldingi ishlagan klublari va erishgan natijalariga qarash kerakmi? Yoki Kumikovni olaylik, bizning chempionatda 4-o‘rinni oldi nima, 13-o‘rinni olib Superligada qoldi, nima? Bu hech nima bermaydi, maqsad yo‘q. Maqsad faqat chempionatda qatnashish xolos. Agar shunday bo‘lsa, o‘zimiz ham qilaveramiz. Maqtanadigan bo‘lsangiz, ana kuchli uchlikka kiring, jamoangiz bilan OFK yoki OChLda qatnashing, ana shunda gapirsa bo‘ladi. Masalan, Shota Arveladzeni hurmat qilaman. “Paxtakor”ni shakllantirdi. To‘g‘ri, bunga mablag‘ ham kerak. Biz ham asta-sekin shunday darajaga chiqishga harakat qilamiz, shunga niyat qilamiz. Moskva ham birdan qurilmagan.
- “Qizilqum”ga yaxshi saviyadagi ijrochilarni olib kelganingizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, jamoada moliyaviy holat ancha yaxshi, shundaymi?
- Yaxshi bo‘lib, boshqa jamoalarnikidan ko‘p emas. Shunchaki, barqarorlikka intilyapmiz va maoshlar vaqtida beriladi. Hech kimdan qarzdorlik yo‘q. Hammasi vaqtida. Lekin ko‘p emas, byudjet bo‘yicha Superliga klublari orasida 11- yo 12-o‘rinda turamiz. Katta pularni va’da qilib, bahorda yoki boshqa kunda olasan, degandan ko‘ra, ozroq bo‘lsa ham vaqtida bergan yaxshi-da.
- Chempionatimizning keyingi taqdiri qanday bo‘lishi sizni tashvishga solmayaptimi?
- Hammasi o‘z yo‘lida bo‘laveradi. Qo‘rqib nima qilamiz, kasallik bilan birga yashaymiz, ehtiyot bo‘lamiz.
- Klub muxlislariga aytadigan gapingiz bormi?
- Navoiylik muxlislarga shuni iltimos qilamanki, men qandaydir bahona izlamoqchi emasman. Futbolni xalqimiz yaxshi ko‘radi. Jamoaning haqiqiy muxlisi bo‘lish uchun yaxshi kunda ham, yomon kunda ham birga bo‘lishi kerak. Har doim ulardan bizni faqat qo‘llab-quvvatlashini istaymiz, boshqa hech nima so‘ralmaydi. Futbolchilarni tanqid qilish kerak, lekin juda ham oshirib yubormaslik darkor. Lekin ularni ham vaqtida maqtab turish kerak, shunda futbolchilarga ham ilhom keladi (kuladi). Bugun bo‘lmasa, ertaga o‘xshaydi.
- Asosiy maqsad “Qizilqum”ni Superligada saqlab qolishmi?
- Bu yil yuqori maqsadni qo‘yganman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar