
Kim g‘olib bo‘ladi, Drikus dyu Plessimi yoki Xamzat Chimaev? (So‘rovnoma)
17 avgust kuni AQShning Chikago shahri "UFC 319" turniriga mezbonlik qiladi. Mazkur oqshomning asosiy to‘qnashuvi o‘rta vaznda amaldagi chempion Drikus dyu Plessi va da’vogar Xamzat Chimaev o‘rtasida kechadi. Biz an’anaga muvofiq ushbu qarama-qarshilik borasida o‘zbek yakkakurash olami vakillarining fikri bilan qiziqdik.
Nozimjon To‘ychiev - O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi Andijon viloyati mutasaddisi:
– Bu jang borasida gapiradigan bo‘lsak, Xamzat Chimaevda imkoniyat yuqori. U o‘z uslubida, dyu Plessiga qarshi teykdaunlarni amalga oshirib, 2-raundda g‘alaba qozonadi.
Kamronbek Ortiqov - MMA jangchisi:
– Xamzat Chimaev va Drikus dyu Plessi juda murakkab bahs bo‘ladi. Taxminimcha, chechenistonlik 2-raundgacha raqibni finish qilishga urinadi, biroq buni uddalay olmasa, yakunda ochkolar evaziga Drikusning qo‘li baland kelishi mumkin.
Mansur Tugizbaev - MMA jangchisi, murabbiy va referi:
– Bu jang uzoq davom etadi, deb o‘ylamayman. Menimcha, Xamzat 1-raunddayoq kamarni o‘ziniki qiladi. U Drikusni yo bo‘g‘ib qo‘yadi, yo parterga olib o‘tib, o‘sha erda nokaut qiladi!
Farruh Madaminov - O‘zbekiston pankration va greppling assotsiatsiyasi Andijon viloyat bo‘limi rahbari:
– Ayni paytda Xamzatning sport formasi juda yaxshi. Biroq raqib ham anoyilardan emas. Garchi shunday bo‘lsa-da, Chimaevning g‘alabasini taxmin qilyapman.
Mirafzal Axtamov - MMA jangchisi:
– Bu to‘qnashuvda Xamzat favorit, deb ayta olaman. Menimcha, Chimaev 1-raunddayoq bo‘g‘ish usuli bilan zafar quchadi.
Mirzohid Ataboev - murabbiy:
– Xamzat Chimaev hozirgi davrda tengsiz sportchi nomiga loyiqlardan biri. U 2-raundda dyu Plessini taslim etishiga ishonaman. Lekin kun kelib bizning Nursulton chechenning kamarini yurtimizga olib keladi.
Ahliddin Xadjaev - MMA jangchisi:
– Bu safar ham Xamzat 1-raundda g‘alaba qozonadi. Bu vaznda Chimaev bilan faqatgina Nassurdin Imavov to‘liq 5 raund kurasha oladi. Boshqa hech bir jangchi bunday qilolmaydi.
Doniyorbek Ro‘ziev - murabbiy:
– Fikrimcha, Chimaev 2-3-raunda xuddi Uittakerni mag‘lub etgandek, dyu Plessini ham engib, chempionga aylanadi.
Javohir Abdug‘aniev - MMA jangchisi:
– Xamzat 1-raunddayoq masalani hal qiladi. U bo‘g‘ish usuli bilan g‘alaba qozonib, o‘rta vazndagi kamarni qo‘lga kiritadi.
Fikrlar