«Hammasi jonga tegdi...» Mikael Laudrup nega «yo‘q» bo‘lib qoldi?

  • 21 aprel, 2021, 02:05
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

«Barselona» va Daniya terma jamoasi afsonasi o‘zini murabbiylikda sinab ko‘rganidan xabaringiz bor. 2009 yilda Moskvaning «Spartak» jamoasida ish boshlagan mutaxassisning faoliyati qanday ko‘rinish oldi? «Barselona» va «Real»da birdek yuqori saviyada harakat qilgan futbolchi hozir qaerda? Bugun shu haqida batafsil fikr yuritamiz.

Qahramonimizning faoliyatini bemalol ikki qismga ajratish mumkin. Mikael futbolchi va murabbiy sifatida ikki xil shaxs bo‘lib gavdalanadi. Uning qay darajadagi ustoz ekani haqida turlicha qarashlar mavjud. Shunday bo‘lsa-da, uning futbolchilik davri yorqin g‘alabalarga boy o‘tgani aniq. Vaholanki, Laudrup boshqaruvidagi «Xetafe» UEFA kubogida chorak finalga qadar etib kelgan va sal bo‘lmasa, «Bavariya»ni musobaqadan chiqarib yuborishi mumkin edi. 2007/08 yilda murabbiylik sohasiga kirib kelgan mutaxassis «Bavariya» bilan mehmonda 1:1 natijasini qayd etadi. Javob uchrashuvining 80-daqiqasiga qadar ispan klubi 3:1 natijasi bilan oldinda edi, ammo Luka Toni kiritgan ikkita gol yakunda «Xetafe»ning musobaqani tark etishiga sababchi bo‘ladi.

Mikaelning faoliyatida chinakam burilish yasagan voqea sifatida «Suonsi» bilan tuzilgan shartnomani ko‘rsatishimiz mumkin. U klubning 102 yillik tarixini yangiladi. Kamtarin klubni Angliyaning quyi divizionidan APLga qadar olib chiqdi. Angliya liga kubogida zafar quchdi va jamoasini Evropa Ligasiga olib chiqdi. «Valensiya», «Kuban» va «Sankt-Gallen» bilan bir guruhda joy olganiga qaramay, ortiqcha muammosiz keyingi bosqichga yo‘l oldi. Ichki birinchilikda esa, klub tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkich - 9-o‘rinni egalladi.

Ajoyib mavsumlarga qaramay, Uels klubi rahbarlari daniyalik mutaxassisni iste’foga chiqarishga qaror qildi. Bunga, murabbiyning OAV orqali keskin chiqishlar qilgani sabab bo‘lgani taxmin qilingan edi. Daniyalik afsona ingliz jurnalistlarining barcha savollariga sukut saqladi va jamoa sha’niga bir so‘z aytmay postni topshirdi.

213423525

2014 yilda yulduzlar uchun ulkan pullar taklif qilishni xush ko‘ruvchi Qatarga yo‘l oldi. 2022 yilda JChni o‘zida o‘tkazuvchi yurt «Barselona»ning sobiq futbolchilarini mamlakatga chorlashni yaxshi ko‘radi. To‘g‘ri, Mikael Xavi singari ulkan mashhurlikka erishgani yo‘q, ammo katta voqealarda ishtirok etdi. U boshqaruvidagi «Lahviya» (hozirgi «Al-Duhayl») Qatar kubogi va chempionati oltin medaliga ega chiqdi. Shuningdek, OChLda chorak finalga qadar etib keldi. O‘sha yilning oxirida uni Qatarda yil murabbiyi, deb e’tirof etishdi. 2015 yilda murabbiy bilan yangi shartnoma imzolash uchun muzokaralar boshlandi. Qahramonimiz talab qilgan summa hatto, qatarliklarga ham og‘irlik qildi chog‘i, kelishuv amalga oshgani yo‘q. Uning klubni tark etishi Osiyo klubi uchun og‘irlik qildi. Jamoa OChL chorak finalida engildi. Chempionlikni himoya qila olmadi.

Bu paytga kelib, Laudrupda terma jamoani boshqarish imkoniyati paydo bo‘ldi. U terma jamoa boshqaruvida 15 yil davomida faoliyat olib borgan Morten Olsenni almashtirdi. 2 yil faoliyat olib borgach, qahramonimizga yana Qatardan taklif kelib tushdi. Shaxsiy shartnomada ko‘rsatilgan 6 xonali raqamlar sababli, Mikael terma jamoa postini topshirib, qit’amizga qaytib keldi. Afsuski, «Al-Rayyan»da u «Lehviya»da ko‘rsatgan natijasini takrorlay olmadi. Ikki yil davomida ikki bor chempionat bronza medallariga ega chiqdi xolos. OChLda esa guruh bosqichidan uyog‘iga o‘ta olmadi. 2018 yilga kelib, klub u bilan o‘rtadagi shartnomani uzaytirishdan bosh tortdi.

O‘sha yilning oxirida Ispaniyaning AS nashri kattagina maqola e’lon qildi. Unda daniyalik murabbiyga Madridning «Real» klubi taklif bilan chiqqani yozilgan edi. «qirollik klubi» Laudrupdan Xulian Lopetegining o‘rnini egallashini iltimos qilgan ekan. Mutaxassis «Real»da vaziyat murakkabligi sababli shartnomani rad etadi. Bundan tashqari, daniyalik afsona bu paytga kelib, futbolga bo‘lgan qiziqish so‘nganini his qiladi. Avvalgi motivatsiyasi yo‘q ekanligini payqagach, boshqa futbolga qaytmaslikka qaror qiladi.

"Bir yil avval, o‘z murabbiylik faoliyatimdagi eng so‘nggi mavsumlardan birini o‘tkazayotganim haqida fikr bildirgan edim. "Al-Rayyan" mening faoliyatimdagi eng oxirgi klub bo‘lsa, ajab emas. Yozda 54 yoshga qadam qo‘ydim. 1998 yilda futbolchilik faoliyatimni yakunlagan bo‘lsam, hech ham 18 yil murabbiylik faoliyat olib boraman, deb o‘ylamagan edim. 2000 yilda meni Daniya terma jamoasiga yordamchi murabbiy sifatida taklif etishgan edi. O‘shandan beri murabbiylik faoliyatimni to‘xtatganim yo‘q. Men futbolni sevaman, biroq hayotda boshqa narsalar ham mavjud. Har kuni mashg‘ulotlar, samolyotdagi parvozlar, mehmonxonalar, asabiy o‘yinlardan charchadim... Ayniqsa, aeroportda, taksida, mehmonxonada kutishdan zerikdim. Bu omillar meni tushkun kayfiyatda qoldirmoqda. Umr o‘tib ketmoqda. Hayotdagi boshqa lazzatlardan totib ko‘rish uchun tobora oz vaqtim qolmoqda…"

3459348534ee

Bu Laudrupning murabbiy sifatida bergan eng so‘nggi intervyusi edi. Marca nashri bilan bo‘lgan suhbatdan 3 yil o‘tib, qahramonimiz TV 2Sport uchun katta intervyu berishga qaror qildi. O‘rtadagi pauzadan so‘ng, Mikael o‘z qarashlarini o‘zgartirgan ko‘rinadi. Tez orada yana futbolga qaytsa, hayron bo‘lib o‘tirmang!

«Men 3 yildan beri mashg‘ulotlarda ishtirok etmayapman. To‘g‘risi, hozirgi hayotimdan mamnunman. 3 nabiraning buvasiman. Tan olaman, futbolni sog‘inyapman, lekin qaytsam, bir yilning 11 oyini ish bilan o‘tkazishga majbur bo‘laman. Bir yilning 10/9 qismini asabiy voqealarga sarflash niyatida emasman. Ba’zida ketib borayotgan poezdning so‘nggi vagoniga sakrab chiqib olgim va yana murabbiylik faoliyatimni tiklagim keladi. Boshqa hech qachon murabbiylikka qaytmayman deya olmayman. Bu so‘zlarni aytish men uchun og‘ir. Nima bo‘lgan taqdirda ham, bu sport turi mening qalbimdan muqim o‘rin egallagan».

Mikael hozir futbolga qaytgan. Turli telekanallarda ekspert sifatida faoliyat olib bormoqda. Ba’zida futbol sharhida ham uni ko‘rishimiz mumkin. U futbol va sokin hayot o‘rasidagi oltin o‘rtalikni topdi desak, adashmagan bo‘lamiz. Endilikda, qahramonimiz har hafta tele ekran orqali chiqishlari yordamida murabbiy va futbolchilarga bosim uyushtirishda davom etmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!