
Harorati baland o‘yinlar ostonasidamiz yoxud Superligada super to‘qnashuv
23-26 may kunlari Superligada 11-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Doimgidek, bo‘lajak turda bir-biridan murosasiz va muhim bahslar kutmoqda.
23 may
19:00. “Andijon” – “Surxon”
Superliganing 11-turi “Bobur arena”dan boshlanadi. Mag‘lubiyatlar seriyasiga nuqta qo‘yish harakatida yurgan “Andijon” Termizning “Surxon” jamoasini qabul qiladi. Shu yilning aprel oyida bu klublar O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichida to‘qnashishgan va unda termizliklar 2:3 hisobida ustun kelgan. “Andijon”ning yangi bosh murabbiyi Maksim Shatskix debyut uchrashuvida G‘uzorda “Sho‘rtan”ga yagona gol evaziga yutqazdi. Navbatdagisi esa Maksimning ikkinchi o‘yini va “Bobur arena”dagi ilk uchrashuviga aylanadi. “Andijon” yangi murabbiy boshchiligida o‘zgarib bormoqda va bu holat “Surxon” bilan bahsda ko‘zga tashlansa ajab emas.
20:00. “Nasaf” – OKMK
Turning markaziy bellashuvi. Yaqinda ushbu jamoalar O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichida Olmaliqda kuch sinashishdi. O‘shanda OKMK 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatni uchrashuv oxirigacha 3:2 hisobidagi g‘alabaga aylantira oldi. Olmaliqliklar 23 ochko bilan peshqadam bo‘lib turgan bo‘lsa, “Nasaf” 22 ochko bilan ikkinchi o‘rinda. Hozircha Ro‘ziqul Berdiev jamoasi chempionatda mag‘lubiyatga uchrayotgani yo‘q. Biroq yuqorida aytganimizdek, OKMK kubokda raqibini engga oldi. Qarshidagi bellashuvda esa “Nasaf” o‘sha mag‘lubiiyat uchun revansh olish harakatida bo‘ladi. Har tomonlama o‘yinning harorati baland bo‘ladi. Balki gollarga boy o‘yin ko‘rarmiz.
24 may
19:00. “Neftchi” – “Sho‘rtan”
Favorit so‘zsiz “Neftchi”. “Sho‘rtan” oxirgi turlarga kelib ochkolarni qo‘lga kirityapti. Jizzaxda durang o‘ynadi, uyida “Andijon”ni engdi. E’tiborlisi, bosh murabbiy Anvar Berdiev ketgach, jamoa o‘yini va natijasi ijobiy tarafga o‘zgardi. Baribir “Sho‘rtan” hamon autsayder bo‘lib turibdi. “Neftchi” uyida hatto durang o‘ynasa ham bu ular uchun mag‘lubiyatga teng bo‘ladi. “Sho‘rtan” yana syurpriz ko‘rsatishga qodirmi?
21:00. “So‘g‘diyona” – “Buxoro”
Ulug‘bek Baqoev yana bir bor sobiq jamoasi “So‘g‘diyona”ga qarshi turadi. Uning jamoasi “Buxoro”ning natijalari qoniqarli emas. Anchadan beri g‘alaba nashidasini surmayapti. Ustiga-ustak “So‘g‘diyona”da ham vaziyat og‘ir. Jamoalar mos ravishda 13 va 14-pog‘onalarda. Baribir “Buxoro” ikkinchi raqam ostida qarshi hujumda imkoniyatini kutib o‘ynasa kerak.
25 may
18:45. “Navbahor” – “Qo‘qon-1912”
Bu turda vodiy derbisi bor. O‘tgan turda “Navbahor” Toshkentda “Bunyodkor”ni 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Qo‘qonliklar esa chempionatda so‘nggi ikkita turda imkoniyatni boy berdi. Namangandagi uchrashuvda temp yuqori darajada bo‘lsa kerak. “Qo‘qon-1912” bungacha “Andijon” va “Neftchi”ga qarshi o‘tgan vodiy derbilarida durang o‘ynadi. Ko‘ramiz, bu safar nima bo‘larkin?
20:00. “Paxtakor” – “Xorazm”
“Paxtakor” Kamoliddin Tojiev boshqaruviga o‘tganidan keyin raqiblar darvozasiga ko‘proq gollar uryapti va g‘alabalarga erishyapti. Navbatdagi turda ham “Paxtakor” favorit. “Sherlar” o‘ziga kelyapti va yo‘lidan chiqqan har bir raqibini ayab o‘tirmayapti. “Xorazm” raqiblariga ochiq va hujumkor o‘yin ko‘rsatishini bilamiz. Ularning taktikasi “Paxtakor”ga qarshi bahsda qanchalik ish berarkin? “Sherlar”ga qarshi qiziqarli uchrashuv ko‘rishimiz turgan gap.
21:00. “Dinamo” – “Qizilqum”
Vadim Abramov jamoasi mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelyapti. Bu safar ularni “Qizilqum”ga qarshi o‘yin kutmoqda. “Dinamo” o‘yin va natijasi bo‘yicha bejizga kuchli uchtalikda emas. “Qizilqum”ga hozircha o‘zi kutganchalik barqarorlik etishmayatpi. “Dinamo” o‘z uyida o‘ynayotgani uchun mezbonlarda imkoniyat ko‘proq. Qolganini o‘yinda ko‘ramiz.
26 may
20:00. “Mash’al” – “Bunyodkor”
“Mash’al” – “Bunyodkor” o‘yini orqali Superligada 11-tur nihoyasiga etadi. Asror Aliqulov ustozlik qilayotgan “Mash’al” “Bunyodkor”ni engish uchun urinib ko‘radi. Tan olish kerak, “Bunyodkor” bu yil yaxshi taassurot qoldiryapti. Faqat oxirgi paytlarda chempionat va kubokda yutqazib qo‘ydi. “Bunyodkor”ning o‘yini inqirozga tushib qolyaptimi yoki bu tasodifmi? Buni “Mash’al”ga qarshi bahsda ko‘ramiz.
Fikrlar