Hasanboy Latiboxunov:"Mirazizbek Mirzaxalilovni tan olamanmi yoki yo‘q, u 57 kgda jahonning birinchi raqamli bokschisi"

  • 15 noyabr, 2020, 15:00
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Yaqindagina boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘z yakuniga etdi. Ushbu turnirda 57 kg vazn toifasida ham jiddiy raqobat kechdi. Ayniqsa, yarim final bahsida chempion Mirazizbek Mirzaxalilovga imkoniyatni boy berib qo‘ygan, Hasanboy Latiboxunovning harakatlari ham muxlislarda yaxshi taassurot qoldirdi.

Tecno

Joriy yilgi chempionatda bronza medalini qo‘lga kiritgan ushbu charmqo‘lqop ustasi bilan bog‘lanib, unga faoliyati va yakuniga etgan O‘zbekiston chempionati haqida bir nechta savol bilan murojaat qildik...

- Avvalo, O‘zbekiston chempionatida sovrindorlar qatoridan joy olganligingiz bilan tabriklaymiz!

- Katta rahmat.

- Dastlabki savolimiz an’anaviy tus oladi. Ya’ni, boksga kirib kelishingiz tarixi haqida so‘zlab bersangiz?

- Boksga kirib kelishim Jasur akam bilan bog‘liq. Uning mashg‘ulotlariga dadam bilan birga tomosha qilishga borardik. Shundan qiziqishim ortib, 3-sinfda men ham mashg‘ulot o‘tkazaman, deb boks zaliga borganman.

- Jasurbek Latipovmi?

- Albatta.

- U bilan qanday qarindoshchilik joyingiz borligi muxlislar uchun qiziq bo‘lsa, kerak?

- Amakimning o‘g‘li bo‘ladi. Amakim barvaqt bu dunyodan o‘tib ketganligi tufayli, Jasur akamni ham dadam tarbiya qilganlar.

- Adashmasam, har ikkingiz rasmiy musobaqada to‘qnash kelgansiz va bu jangda Jasur Latipov sizga imkoniyat bergandi, yanglishmadimmi?

- To‘g‘ri, 2016 yil Bekobodda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida ikkimiz finalga etib kelganmiz. Tabiiyki, unda 52 kg vazn toifasida ishtirok etardim. O‘shanda chempion bo‘lsam, oliygohga kirish uchun litsenziyani qo‘lga kiritardim. Shuning uchun bu jang bo‘lmagandi.

- Agar, o‘sha jang bo‘lganda Jasurbekka qarshilik qila olardim, deb o‘ylaysizmi?

- Menga litsenziya kerak bo‘lmagan taqdirda imkoniyatni akamga berardim. Demoqchimanki, akamga qarshi jang qilmasdim.

- Keling, shu o‘rinda faoliyatingiz mobaynida qanday natijalar qayd etganligingizga to‘xtalsak?

- Yoshlar o‘rtasida ikki marta va kattalar o‘rtasida bir bora O‘zbekiston chempioni bo‘lganman. Xalqaro turnirlar g‘olibi va sovrindori bo‘lishga ham erishganman. Tokio Olimpiadasidan keyin vazn toifamda birinchi raqamli bo‘lish uchun harakat qilmoqdaman.

- Unga qadar vaznda muammolar bo‘lmaydimi, 57 kgni nazarda tutyapsizmi?

- Albatta, tabiiy vaznim 58-59 kgni tashkil qiladi. Muammolar bo‘lmaydi.

- Tokiodan keyin birinchi raqamli bo‘lmoqchiman deyapsiz... Demak, Mirazizbek Mirzaxalilov ayni kunda bu vaznning haqiqiy etakchisi ekanligini tan olasiz?

- Tan olamanmi yoki yo‘q, u 57 kgda jahonning birinchi raqamli bokschisi va amaldagi jahon chempioni, Olimpiadaga ham yo‘llanmani qo‘lga kiritgan. Shunday ekan, Tokioda barcha vakillarimizga chin ko‘ngildan muxlislik qilaman.

- 57 kg vazn toifasida birinchi raqamli bo‘lish yo‘lida sizga Mirazizbekdan boshqa yana kimlar raqobat tug‘dirishi mumkin?

- O‘zbekistonda har bir vaznda jiddiy raqobat mavjud. Mirzaxalilovdan tashqari Oybek Jo‘raev va Xurshidbek Rasuljonovni aytib o‘tishim mumkin.

Xasanboy_1

- Mirazizbek bilan bo‘lgan jang borasidagi fikringiz qanday?

- Yutishim ham mumkin edi. Biroq olti oy jarohatda bo‘ldim. Ushbu musobaqaga 1.5 oy tayyorgarlik ko‘ra oldim xolos.

- Birinchi va ikkinchi raundning yarmiga qadar yaxshi harakat qildingiz. Lekin uchinchi raundda to‘la tashabbusni berib qo‘ydingiz. Bu nima bilan bog‘liq bo‘ldi?

- Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, jismoniy tayyorgarlik pand berib qo‘ydi.

- Ehtimol, jiddiy zarba o‘tkazib yuborgandirsiz, shaxsan men uchinchi raundda jigaringizdan salmoqli zarbani qabul qilganingizni guvohi bo‘ldim va aynan shundan keyin sizda sustlashish yuzaga keldi?

- Balki, shu ham sabab bo‘lgandir. Aslida, juda ko‘p zarbalar yo‘lladi. Lekin aksariyati himoyaga tegdi.

- Demak, natijadan norozi emassiz?

- Ushbu jangda men yaqqol ustunlik qilmasam, imkoniyatim kamligini his qilardim. Bu jangda qanday saviyadagi bokschi ekanimni isbotlashga harakat qildim va qaysidir ma’noda buni uddaladim, deb o‘ylayman.

- Jasurbek bilan sparring tushib turasizmi?

- Yo‘q. 2016 yil terma jamoada ekanligimizda birga ishlaganmiz. Undan keyin men vaznimni o‘zgartirdim.

- Har ikkingizning ham ilk murabbiyingiz bitta inson bo‘lsa, kerak?

- Ha, Abdulhafiz Egamov qo‘l ostida boksning sir-asrorlarini o‘rganganmiz. Hozirda, Andijon olimpiya zahiralari kollejida Mars Qo‘chqorov, Aleksandr Razmaxov, Abduvohid Jalolov va Sardor Razzoqov qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib boryapman.

- Rejalaringizdan kelib chiqsak, hali professional boksga o‘tish niyatingiz yo‘q...?

- Hozircha yo‘q. Havaskorda o‘z o‘rnimga ega bo‘lib, keyinchalik profida ham o‘zimni sinab ko‘raman.

- O‘zbekiston chempionatiga hozirlik ko‘rish jarayonida sizga sparring raqiblar ham yordam berganligi aniq...

- Ha, Hasanboy Do‘smatov va Salim Shamsiddinov yaqindan ko‘maklashdi. O‘z o‘rnida, ularga minnatdorlik bildirib qolaman.

- Suhbat uchun vaqt ajratganingizdan minnatdormiz va kelajakdagi faoliyatingizga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!

- Rahmat. Imkon qadar, yurtimiz sharafini xalqaro turnirlarda munosib himoya qilishga harakat qilamiz!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!