Husanov ekspertlarni nimasi bilan hayratga soldi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov jahon chempionati bo‘ladigan yilda “Manchester Siti”ning asosiy tarkibidagi o‘rnini mustahkamlash uchun juda katta qadam tashladi.
Angliya premyer-ligasining 21-turida “Brayton”ga qarshi boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan 21 yoshli legionerimizning o‘yini va qayd etgan ko‘rsatkichlari futbol tahlilchilari va ekspertlarini hayratga soldi.
Garchi “Manchester Siti”ning dunyoga yoyilgan muxlislari “Brayton” bilan uchrashuv natijasiga e’tibor qaratgan bo‘lsa-da, butun MDH mamlakatlari, ayniqsa, Markaziy Osiyodagi futbol ishqibozlari bu bahsda Abduqodir Husanov harakatlaridan bahra olishga urindi.
Husanov maydonda to‘liq 90 daqiqa harakat qildi va murabbiylar shtabida unga nisbatan biror e’tiroz bildirish mumkin bo‘lmagan yagona futbolchiga aylandi.
Xatosiz o‘yin
Husanov hali yosh bo‘lishiga qaramay, himoya markazida ko‘pni ko‘rgan tajribali katta futbolchilarga xos xotirjamlik bilan o‘ynadi. “Brayton”ning driblinglari bilan mashhur futbolchilari o‘zbek himoyachisining zonasi orqali biror marta ham darvoza tomon yo‘l topa olmadi.
O‘yin ko‘rsatkichlari hammasiga o‘z-o‘zidan dalil:
- Yakkakurashlar (yerda va havoda): 100% g‘alaba (4 tadan 4).
- Raqib tomonidan aldab o‘tish: 0 (Husanovni biror marta ham yakkama-yakka to‘qnashuvda hech kim aldab o‘tolmadi).
- Qoidabuzarliklar: 0 (o‘yin shiddatli o‘tganiga qaramay, Abduqodir 100 foiz toza o‘ynadi va qoida buzmadi).
- Paslar aniqligi: 93% (71 ta pasdan 66 tasi aniq).
- To‘p olib qo‘yishlar va hujumni uzib qoyish: 9 ta muvaffaqiyatli harakat.
Ayniqsa, Husanov oxirgi himoyachi sifatida darvozabon bilan birga bir vaziyatga chiqib borayotgan raqib hujumchisiga yetib olib, uning zarbasini bloklagani va jamoasini yaqqol goldan saqlab qolgani ekspertlar tomonidan alohida e’tibor bilan juda yuqori baholandi.
Raqib rejasi ish bermadi
Uchrashuvni sinchkovlik bilan kuzatgan va chuqur tahlil qilgan ekspertlarning ta’kidlashicha, “Brayton” murabbiylar shtabi “Manchester Siti”ga qarshi o‘yin rejasini tuzgan pallada Abduqodir Husanovni pozitsiyasidan chiqarib yuborishni o‘z futbolchilariga uqtirgan, ammo ularning bu rejasi ish bermagan.
“Manchester Siti” himoyachisi o‘yinni bir qadam oldindan o‘qib, raqibga fintlar yoki yolg‘on ochilishlar bilan o‘zini aldab o‘tish imkonini bermadi.
Bu Angliya Premyer-ligasidagi elita darajasidagi markaziy himoyachi, ya’ni stopperning haqiqiy saviyasini ko‘rsatadigan xususiyatdir.
Oldinda — Manchester derbisi
Endi oldinda Abduqodir Husanovni qish mavsumining eng katta sinovi kutib turibdi. 22-turda Xosep Gvardiola shogirdlari printsipial raqib – “Manchester Yunayted”ga qarshi “Old Trafford”da saf tortadi.
Derbida himoyaga bosim bir necha barobar oshib ketishi hozirdan ma’lum. Ammo, agar Abduqodir shu holatdagi formasini saqlab qolsa, “Manchester Yunayted” hujumidagilar uchun juda katta muammolar yuzaga kelishi aniq.
22-turni ochib beradigan “Manchester Yunayted” va “Manchester Siti” o‘rtasidagi superderbi 17 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:30 da boshlanishi belgilangan.
Fikrlar