
Husanov o‘rniga Umar!
Abduqodir Husanov uchun ham yakunlangan mavsum tom ma’noda tarixiy ahamiyat kasb etdi.
Belarus chempionatidan Evropaning “top-5” ligalaridan biriga ko‘chib o‘tgan hamyurtimiz katta o‘sishga erishdi.
20 yoshli markaziy himoyachi o‘zi uchun yangi uchta musobaqa – Frantsiya chempionati, Evropa Chempionlar ligasi va Evropa Ligasida debyut uchrashuvlarini o‘tkazdi.
Iste’dodli himoyachimiz Frantsiya chemppionati hamda UEFA tasnifidagi ikki nufuzli musobaqada jami 15 marotaba maydonga tushib, 959 daqiqa to‘p tepdi.
Abduqodir Husanovning oldida turgan eng katta vazifa “Lans”ning boshlang‘ich tarkibiga kirib olishdan ibora. Frank Xeyz boshchiligidagi murabbiylar shtabi hamyurtimiz asosan bonlang‘ich tarkib himoyachilarining o‘rinbosari sifatida foydalandi.
Husanov mavsum davomida Deyver Machado, Fakundo Medina, Jonatan Gradit va Kevin Danso kabi asosiy himoya to‘rtligidan birortasi o‘yinda ishtirok eta olmay qolgan taqdirda maydonga tushirildi.
“Lans” o‘yinlarini kuzatgan ekspertlar o‘zbek futbolchisini jamoaning asosiy markaziy himoyachisi Kevin Dansoga munosib o‘rinbosar bo‘lishini ta’kidlab kelmoqda.
Klub rahbariyati yozda avstriyalik himoyachini qimmatroq sotib yuborish orqali, byudjetni barqarorlashtirishga qaror qilgan. Bu masala yozda yana ko‘tariladi va lansliklar Kevin Danso bo‘yicha takliflarni kutmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, klub rahbariyati Kevin Dansoning o‘rnini Abduqodir Husanovga to‘liq bermoqchi emas. Ular bu pozitsiyaga o‘zlari anchadan beri kuzatib yurgan markaziy himoyachi – Umar Soletni olish harakatlarini boshladi. “Lans” nishonida turgan o‘yinchi Avstriya chempionatida “Zaltsburg” sharafini himoya qilyapti.
24 yoshli Umar to‘rt yil muqaddam “Lion”dan “Zaltsburg”ga yo‘l olgandi va shu paytga qadar Avstriya chempionatida ancha pishdi. Bo‘yi ikki metrga yaqin bahaybat himoyachi bir necha pozitsiyada o‘ynay oladi.
“Lans” faoliyatini yoritib kelayotgan le11hdf.fr saytining yozishicha, Frank Xeyz o‘tgan yozdayoq Umarni jamoaga olib kelishga uringandi. O‘shanda “Zaltsburg” frantsuzlarning 13 million evro va qo‘shimchasiga 2 million evro bonus ko‘rinishidagi taklifini qabul qilmagan. Lansliklar bu yoz yana Umar Soletga jiddiy tarzda xaridor bo‘lmoqda.
Agar bu transfer amalga oshsa, Abduqodir Husanov kelasi mavsumda ham boshlang‘ich tarkibga kirish uchun jiddiy raqobatga duch kelishi aytilmoqda.
Fikrlar