
Bunaqasi bo‘lmagan: Fayzullaev bir o‘yinda bir necha rekordda qatnashdi!
Rossiya Premer-ligasining 29-turidan o‘rin olgan “PARI Nijniy Novgorod” va TsSKA o‘rtasidagi uchrashuv gollarga va rekordlarga boy bo‘ldi.
Poytaxtlik “armiyachilar” mehmonda to‘p tepganiga qaramay, nijniy novgorodlik futbolchilarni ayab o‘tirmadi. Hujumkor o‘yin ko‘rsatgan Vladimir Fedotov shogirdlari sakkizta to‘p kiritilgan bahsda 6:2 hisobida zafar quchdi.
Nijniy Novgoroddagi o‘yin turning so‘nggi uchrashuvi bo‘lgani bois aksariyat rekordlar aynan mana shu bahs hissasiga to‘g‘ri keldi.
Rossiya Premer-ligasi tarixida ilk bor bir turda 39 ta gol urildi va mazkur ko‘rsatkich yangi rekord sifatida ro‘yxatga olindi. Bu turnir yo‘lga qo‘yilganidan beri eng ko‘p gol kiritilgan tur bo‘ldi. Avvalgi rekord 36 ta goldan iborat bo‘lib, bu ko‘rsatkich ikki bor – 2006 va 2012-2013 yilgi mavsumlarda qayd etilgandi.
Bahsda faol o‘ynagan Abbosbek Fayzullaev ikkita assisti bilan ushbu rekordga o‘z hissasini qo‘shdi.
Ikkinchi bo‘limda jamoadoshlari Viktor Davila ham Anton Zabolotniyga golli pas uzatgan hamyurtimiz shaxsiy rekordini ham o‘rnatdi.
Abbosbek Fayzullaev joriy mavsumda o‘nta va undan ko‘p samarali harakatni amalga oshirgan Premer-liganing eng yosh o‘yinchisi bo‘ldi. 20 yoshli legionerimiz hisobida chempionatning 21 ta uchrashuvida urilgan to‘rtta gol va ettita assist bor.
Bundan tashqari, hujumkor futbolchimiz Rossiya kubogi musobaqasi doirasida o‘nta bellashuvda bitta gol va uchta assist muallifi bo‘lgan.
Abbosbek Fayzullaev joriy mavsumda gol+pas tizimida kamida o‘ntadan ball to‘plagan Konstantin Tyukavin (21 yosh), Benxamin Garre (23 yosh), Eduard Spertsyan (23 yosh), Maksim Glushenkov (24 yosh), Egor Golenkov (24 yosh) va boshqa o‘yinchilardan yosh hisoblanadi.
TsSKA himoyachisi Kellven uchrashuvda golli pas berib, mavsumdagi assistlari sonini oltitaga etkazib oldi va natija ham mavsum rekordi bo‘ldi. Chunki hali ligada birorta himoyachi bu qadar ko‘p assist qilmagan.
“PARI Nijniy Novgorod” bu bahsda antirekord qayd etdi. Serbiyalik mutaxassis Sasha Ilich shogirdlari Rossiya chempionatlari tarixida ketma-ket ikkita bellashuvda oltitadan gol o‘tkazib yuborgan birinchi jamoa bo‘ldi.
Bungacha chempionat doirasidagi 8000 ortiq uchrashuvda bunaqa natija kuzatilmagan edi.
Fikrlar