Husanovga zo‘r yangilik!

  • 30 yanvar, 12:16
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Yangi yilda “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgan Abduqodir Husanov  faoliyati nafaqat o‘zbekistonlik, balki bir necha mamlakatdagi futbol ishqibozlari diqqat markazida turibdi.

20 yoshli himoyachchimiz Angliyaning amaldagi chempionlari safiga qo‘shilgan kundan besh kun o‘tib, jahon fubolidagi eng murakkab musobaqa – Premer-ligasida debyutini o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi.

Garchi “Manchester Siti”dagi ilk uchrashuvini “Chelsi”ga qarshi o‘tkazgan hamyurtimiz o‘yinning dastlabki besh daqiqasida bir necha bor xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa-da, bu holat ekspertlar, murabbiylar, futbolchilar tomonidan odatiy vaziyat sifatida baholandi.

Abduqodirni bosh murabbiy Xosep Gvardiola, “Manchester Siti”ning Erling Xoland, Manuel Akanji, Yoshko Gvardiol kabi yulduzlari, ko‘plab futbol mutaxassislari, hatto bir qator mamlakatlarning futbol jamoatchiligi ham qo‘llab-quvvatladi.

Endi Husanov yana bir nufuzli musobaqa – Evropa Chempionlar ligasining pley-off bosqichida ishtirok etishi mumkin.

“Manchester Siti” futbolchilari qit’aning eng nufuzli musobaqa umumiy bosqichida oxirgi uchrashuvda Belgiyaning “Bryugge” jamoasini 3:1 hisobida engdi. Bu g‘alaba “shaharliklar”ga nimchorak final yo‘llanmasi uchun o‘tish o‘yinida qatnashish huquqini berdi.

Abduqodir Husanov Chempionlar ligasining umumiy bosqichi uchun UEFA qaydnomasidan o‘tkazilmagani uchun jamoasining hozirgacha bo‘lgan xalqaro o‘yinlariga jalb etilmadi.

Xosep Gvaridiolaning o‘zi jamoaga yanvarda qo‘shilgan yangi o‘yinchilar – Abduqodir Husanov, Umar Marmush va Vitor Reys Evropa Chempionlar ligasining keyingi bosqichlarida nafaqat muhim ekanini aytib o‘tdi.

- Albatta, yangi o‘yinchilar juda muhim. Biz butun mavsum davomida futbolchilar etishmovchiligidan qattiq qiynaldik. Yangi o‘yinchilar  bilan bizda variantlar ko‘p bo‘ladi. Umid qilamanki, Doku ham qaytadi, - dedi Xosep Gvardiola.

Ta’kidlash joizki, Abduqodir Husanov UEFA tomonidan o‘tkazilayotgan eng nufuzli musobaqalarda debyutini nishonlab bo‘lgan. 20 yoshli markaziy himoyachimiz “Lans”da o‘ynagan bir yarim yil davomida Chempionlar ligasi, Evropa Ligasi va Konferentsiyalar ligasi doirasida o‘tkazilgan bellashuvlarda maydonga tushgan edi.

“Manchester Siti” yangi formatda o‘tkazilayotgan Evropa Chempionlar ligasining umumiy bosqichini 22-o‘rinda yakunlaganini inobatga olib, mutaxassislar pley-offning o‘tish o‘yinida “Real” yoki “Bavariya”ga to‘qnash kelishini ma’lum qilishdi.

Demak, Abduqodir Husanovning “Manchester Siti” o‘yinchisi sifatida Evropa chempionlar ligasidagi debyutini ham kutib qolamiz...

Shomurodov jamoa tanladi, faqat...

O‘zbek futbolchilari Braziliya jamoasi bilan o‘ynaydi!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!