
Igor Sergeev faoliyatini qaerda davom ettirishi hal bo‘ldi!
Igor Sergeev ikki yildan beri faoliyatini Qozog‘iston premer-ligasida muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi 2021 yilning fevralida “Aktobe” taklifini qabul qilib, qo‘shni mamlakat chempionatiga ko‘chib o‘tgan edi. Ushbu klub safida yarim mavsumda 18 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini etti marotaba ishg‘ol qilgan hamyurtimiz keyinchalik “Tobol” safiga qo‘shildi.
2021 yilgi mavsum va “Tobol” varianti tajribali hujumchimiz uchun omadli bo‘ldi. Igor Sergeev kustanayliklar safida ham to‘purarlik qobiliyatini namoyish qilib, mavsumdagi gollari sonini 11 taga etkazdi. To‘purarlar poygasida uchinchi o‘rinni egalladi. Eng muhimi, “Tobol” bilan Qozog‘iston chempioni bo‘ldi.
Qozog‘istondagi birinchi mavsumida ikki jamoa tarkibida maydonga tushgan Sergeev chempionat va kubok bahslarida 34 ta uchrashuvda 15 ta gol va ikkita assist qayd etdi.
2022 yilgi mavsum ham har holda yomon kechmadi. “Tobol” chempionlik unvonini saqlab qola olmagan bo‘lsa-da, bu gal bronza medal bilan kifoyalandi. O‘zbekistonlik hujumchi chempionat davomida Premer-Liga, Konferentsiyalar ligasi saralash turniri, Qozog‘iston kubogi va Superkubogida jami 33 ta uchrashuvda qatnashib, 13 ta gol va ikkita assist muallifi bo‘ldi. Shuningdek, Evropa Chempionlar ligasining saralash turnirida qatnashib, “ko‘hna qit’a”ning eng nufuzli turnirida gollari hisobini ochishga muvaffaq bo‘ldi.
Ayni paytda Qozog‘iston klublari yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Chempionat yakunlanganidan keyin liganing eng kuchli hujumchilaridan hisoblangan Igor Sergeevga Rossiya Premer-ligasidan chorlovlar bo‘layotgani haqida ma’lumot tarqatildi. Ommaviy axborot vositalari o‘zbekistonlik legioner Moskvaning “Torpedo” klubi bilan muzokara olib borayotgani haqida yozdi.
Biroq, so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Igor Sergeev faoliyatini “Tobol” klubida davom ettiradigan bo‘ldi.
Hamyurtimiz Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazayotgan kustanayliklar safiga borib qo‘shildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Bundan avval, Igor Sergeevning agenti futbolchining jamoa bilan yana bir yillik shartnomasi borligi va u “Tobol”da qolishini ta’kidlagan edi.
29 yoshli forvard Qozog‘iston Premer-ligasiga qadar O‘zbekiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy chempionatlarida to‘p tepgan. U o‘zi o‘ynagan barcha mamlakatlar chempionatlarida to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
Igor Sergeev O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi hisoblanadi. Legionerimiz mamlakatimiz bosh jamoasida 67 marotaba maydonga tushib, 19 ta gol urgan.
Qozog‘iston milliy chempionatida yangi mavsumda Igor Sergeevdan tashqari terma jamoamizning yana bir hujumkor futbolchisi – Shahboz Umarov ham ishtirok etadi. Iste’dodli o‘yinchimiz “Ordabasi” klubi bilan shartnoma tuzgan.
Demak, o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Qozog‘iston PRemer-ligasida “Tobol” va “Ordabasi” klublariga muxlislik qilishi kutilmoqda.
Shomurodovning “Spetsiya”dagi debyutini qachon ko‘ramiz?
O‘runovni pul “sindirdi”!
Fikrlar