
"Ikki taraflama kelishgan holda shartnomani bekor qildik" - legionerimiz klubini o‘zgartiryapti
Xabaringiz bo‘lsa, bir qator o‘yinchilarimiz yana Malayziya chempionatiga yo‘l olyaptilar. Chunki u erlarda bizning futbolchilarimizga talab harqalay chakki emas.
Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili iste’dodli yarim himoyachi Sirojiddin Qo‘ziev Malayziyaning “Kuching Siti” klubiga yo‘l olgandi. Natijada u ilk bor faoliyatida legioner sifatida to‘p sura boshladi.
Sirojiddin avvalo u erdagi faoliyati qanday o‘tgani haqida gapirdi.
“Neftchi” jamoasidan keyin Malayziya chempionatiga yo‘l olgandim. U erdagi faoliyatimga to‘xtaladigan bo‘lsam, juda yaxshi o‘tdi, deb ayta olmayman. O‘rtacha darajada bo‘ldi. Shu sababli Malayziyadagi faoliyatimdan unchalik qoniqqanim yo‘q. Jamoamiz turnir jadvalida pastki o‘rinlardan biri bo‘lgani va qolgan raqiblarga qaraganda biroz kuchsizroq ekanligi uchun ham qiyinroq o‘tdi. Boz ustiga jamoam Malayziya Superligasida ilk bor ishtirok etdi.
Bilasizmi, jamoamiz endi shakllanyapti, tarkibi ham ko‘proq yoshlardan tashkil topgan. Shuning uchun ular birinchi marta Malayziya Superligasida ishtirok etishyapti. “Kuching Siti” klubini tashkil topganiga ham hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Bosqichma-bosqich shu darajaga etib keldi”.
Qo‘ziev endi erkin agentga aylandi. O‘zi bilan muloqot qilish asnosida jamoadan ketishi sababli to‘g‘risida ham fikr bildirib o‘tdi.
“Kuching Siti” bilan ikki taraflama kelishgan holda shartnomani bekor qildik. Uning amal qilish muddati shu yilning dekabr oyigacha edi. Jamoam bilan xayrlashishda hech kimdan xafagarchilik yoki kelishmovchilik bo‘lmadi. Rahbariyat, murabbiylar va futbolchilar bilan ham iliq tarzda xayrlashdim”.
Muxlislar uchun endilikda bu futbolchining qaysi klubda to‘p surishi qiziq. Eshitishimizcha, Sirojiddin sobiq jamoasi - “Mash’al”da ham o‘ynashi mumkin ekan. Shu rostmi? Javobini o‘zidan eshitamiz:
"Takliflar bilan agentim shug‘ullanyapti. Hozircha aniq qarorga kelganimiz yo‘q. Balki yaqin kunlarda hammasi hal bo‘lib qolar. Kutib turibmiz. Men shunchaki “Mash’al” jamoasida mashg‘ulotlar o‘tkazib turibman. Bu faqat sport formamni ushlab turish uchun xolos".
Unda futbolchimiz yana legionerga aylanmoqchimi? Chunki o‘zimizda transfer oynasi yopildi...
"Xudo xohlasa, yana boshqa mamlakatga ketish niyatim bor. Lekin hozir ta’kidlaganimdek, bu masalada aniq bir to‘xtamga kelmadik. O‘zbekiston chempionatida transfer oynasi yopildi. O‘zimizni Superligada qolmasam kerak. Agentlar ishlashyapti. Iloji boricha Superligamiz o‘yinlarini kuzatib borishga harakat qilyapman. Kurash va o‘yinlar ancha qizg‘in kechyapti”, - deydi Sirojiddin Qo‘ziev.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar