Imkonsizlikda imkon topganlar - haqiqiy matonat va jasorat sohiblari

  • 03.12.2020 19:39
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Olimpizm
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

So‘nggi yillarda hukumatimiz tomonidan yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va ularni sog‘lom jamiyatga qo‘shish masalalari e’tibor markazda bo‘lib kelmoqda. Shu yo‘lda faol harakat qilayotgan O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi bugun 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan paralimpiya sportchilariga bag‘ishlab “Imkonsizlikda imkon topganlar” nomli bayram tadbirini tashkil etdi.

Poytaxtimizdagi muhtasham “Universal” sport saroyida bo‘lib o‘tgan tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Paralimpiya assotsiatsiyasi rahbariyati, sportchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Bayram tadbirini ochib bergan Aziz Abduhakimov o‘z nutqida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:

“O‘zbekistonlik paralimpiya sportchilarning nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini ta’minlashda barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Ana shuning natijasi o‘laroq O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarida yuksak natijalarni qo‘lga kiritib qaytdi.

Bu yil bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Tokio Paralimpiadasi pandemiya munosabati bilan bir yilga kechiktirildi. Shunday bo‘lsa-da, sportchilarimizning har bir kuni mamlakat va hukumat rahbariyati tomonidan doimiy nazoratda bo‘lib turibdi. Ayni paytda, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi hisobida Paralimpiya o‘yinlariga 16 ta litsenziya mavjud. Ammo bu hali hammasi emas. Oldinda para-atletlarimizni ko‘plab litsenzion musobaqalar kutib turibdi. O‘ylaymanki, kelgusi yilda Kunchiqar yurtda bo‘lib o‘tadigan 4 yillikning eng muhim sport anjumanida hamyurtlarimiz o‘z natijalarini har tomonlama yaxshilay olishadi”.

Shundan so‘ng taniqli xonandalar ishtirokida kontsert dasturi boshlandi. Jumladan, Yulduz Usmonova, Alisher Fayz, Ziyoda, Rayxon va Rashid Holiqov kabi san’atkorlarning vatanni madh etuvchi go‘zal taronalari yig‘ilganlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi. Tadbirda shuningdek, imkoniyati cheklangan sportchilar ishtirokidagi sahna chiqishlari barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Tadbirning ikkinchi qismi bayram dasturxoni ustida davom etdi. Sportchilar go‘zal kuy-qo‘shiqlarga jo‘r bo‘lib, raqslarga tushdi. Shu bilan tantanali bayram o‘z nihoyasiga etdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!