Iniesta BAA klubiga bosh murabbiy bo‘ldi
Ispaniya terma jamoasi va “Barselona”ning afsonaviy sobiq futbolchisi Andres Inyesta BAAning “Galf Yunayted” klubi bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Bu haqida klub rasmiy sayti orqali ma'lum qildi. Dubay shahrida 2019 yilda tashkil etilgan klub uchun bu muhim qadam sifatida baholanmoqda. Inyesta yangi vazifasi haqida shunday dedi:
“Men uchun ‘Galf Yunayted’ hayotimning yangi sahifasini boshlash uchun munosib joy. Futbol menga hamma narsani berdi va endi men yosh futbolchilar bilan ishlash, ularni rivojlantirish orqali o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Men futbolchilarni sabr-toqat, aniq g‘oya va har bir insonga g‘amxo‘rlik bilan tarbiyalash kerak deb hisoblayman. ‘Galf Yunayted’ ham shu falsafaga amal qiladi, shuning uchun ham men shu yerdaman”.
42 yoshli mutaxassis futbolchilik faoliyatini 2024 yilda yakunlagan edi. U Ispaniya terma jamoasi bilan jahon chempioni va ikki karra Yevropa chempioni bo‘lgan.
Inyesta 2002–2018 yillar davomida “Barselona” sharafini himoya qilib, jamoa bilan 9 marta Ispaniya chempioni, 4 marta Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan. Keyinchalik u Yaponiya ning “Vissel Kobe” klubida, faoliyatining so‘nggi qismida esa BAAning “Emireyts” jamoasida to‘p surgan.

Fikrlar