Infantino jahon chempionati tijorat huquqlarining ulushini sotishni rejalashtirmoqda
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino jahon chempionatiga oid tijorat huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasini ishlab chiqmoqda. Bu sxema orqali u o‘nlab million funt sterling miqdorida daromad olishi mumkinligi haqida The Times nashri xabar berdi.
Rejaga ko‘ra, FIFAning eng nufuzli musobaqalari – erkaklar va ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati hamda klublar o‘rtasidagi jahon chempionati to‘liq nazorat qilinadigan alohida kompaniya ixtiyoriga o‘tadi. Mutaxassislar bu qadam kelgusida ushbu musobaqalarni yanada kengaytirish yoki ularni hozirgidek to‘rt yilda bir emas, balki tez-tez o‘tkazish bo‘yicha bosim kuchayishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Nashr manbalariga ko‘ra, loyiha doirasida AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga yaqin shaxslar bilan ham maslahatlashuvlar o‘tkazilgan.
FIFA ma’lumotiga ko‘ra, Joshua Kushnerga tegishli Thrive Capital kompaniyasi taklif etilayotgan investorlar guruhini boshqarishi kutilmoqda, moliyaviy maslahatchi sifatida esa JP Morgan jalb etiladi. Joshua Kushner – Trampning kuyovi Jared Kushnerning ukasi. Loyiha amalga oshsa, FIFAgа a’zo 211 ta milliy assotsiatsiyaning har biri taxminan 20 million dollar atrofidagi ulushga ega bo‘lishi mumkin. Infantino esa yangi tashkil etiladigan kompaniyaning komissari lavozimini egalashi ehtimol qilinmoqda.
"Bu futbolni boshqaruvchi tuzilmalar hech qachon bosib o‘tmasligi kerak bo‘lgan chegaradan o‘tishdir. UEFA bu masalaga juda jiddiy yondashmoqda, – deyiladi Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) matbuot xizmati bayonotida. – Xo‘sh, huddi shunday munosabatni milliy futbol assotsiatsiyalari va barcha manfaatdor tomonlar: ligalar, klublar, futbolchilar, muxlislar, hukumatlar va ushbu o‘yin kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir kishi ham namoyon etishi kerak. Futbolning ruhi va uni boshqarish tizimi savdo uchun qo‘yiladigan aktiv emas, ayniqsa kim aniq moliyaviy foyda olayotgani mutlaqo oshkor etilmayotgan bir sharoitda. Futbol hech qaysimizga tegishli emas, u FIFA mulki ham emaski, sotuvga qo‘yilsin".
"Futbol – dunyoda eng ommaviy sport turi, inson va jamiyat taraqqiyotining kuchli harakatlantiruvchi omillaridan biri, – dedi Infantino. – Ayrim yo‘nalishlarda bu ommaviylik katta tijorat qiymatiga aylandi. Biz bu yutuqni qo‘llab-quvvatlaymiz va uning saqlanib qolishini istaymiz, chunki bu butun futbol taraqqiyotiga xizmat qiladi. Biz uchun eng muhim vazifa – futbolning boshqa barcha tarkibiy qismlari ham shu bilan birga rivojlanib borishini ta’minlash. FIFAning vazifasi – yer yuzining har bir nuqtasida barqaror va barcha uchun ochiq rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashdir".
Ma’lumki, 2026 yildagi jahon chempionatida ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etdi. Infantino avvalroq Blue Sport portaliga bergan intervyusida FIFA kelgusida jahon chempionatida qatnashuvchi jamoalar sonini 64 tagacha oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Fikrlar