Iqtisodchi: Pandemiya "Barselona"ning moliyaviy inqiroziga sabab bo‘lgani bu rahbariyatning katta yolg‘oni
Iqtisodchi Mark Siria AS nashriga bergan intervyusida "Barselona"ning moliyaviy holati haqida gapirdi.
“Klub infratuzilmasini yaxshilash uchun 30 yilga kredit olgan. "Barsa" bu pullarning bir qismini joriy yilgi ish haqi uchun olmoqda va rejalashtirilgan xarajatlar chegarasini buzmoqda. Klubga qarz bergan bank buni maqbul, deb biladi, chunki ular bundan 3 foizdan 4 foizgacha ulush oladi va agar "Barselona" uni to‘lamasa, ular eshikni taqillatishlari ham mumkin. Qarzni to‘lamaslik qanday rasmiylashtirilishi haqida savol tug‘iladi. Chunki investitsiya bankidan qarz bo‘lganida, shartlar an’anaviy banknikiga qaraganda ancha qattiqroq bo‘ladi.
Pandemiya "Barselona"ning moliyaviy barqarorligiga ta’sir qilgani bu klub rahbariyatining katta yolg‘onidir. Koronavirus boshlangunga qadar klubning qarzdorligi 740 million evroni tashkil qilar edi, endi ular 820 millionga etdi. Asosiy muammo shundaki, bu qisqa muddatli qarz. "Barcelona" dunyodagi eng yuqori maosh to‘lovchi klub hisoblanadi va bu koronavirusning aybi emas. Qisqa muddatda to‘lanishi kerak bo‘lgan qarz 77 foizni tashkil etadi. Bu shuni anglatadiki, endi klubda maosh uchun pul yo‘q”, - dedi Siria.
Bundan avvalroq, “Barselona” rahbariyati inqirozdan chiqish uchun futbolchilardan maoshining kamaytirilishiga rozilik bildirishini so‘rab murojaat qilgan edi. Ta’kidlash kerakki, “ko‘k-anor ranglilar” futbolchilar maoshiga yiliga deyarli 700 mln evro mablag‘ sarflaydi.

Fikrlar