Iraola “Liverpool”ga yangi oʻyinchilar tanlay boshladi
Arne Slot bosh murabbiylik lavozimidan ishdan olinganidan keyin “Liverpul”ni qabul qilib olgan Andoni Iraola jamoa tarkibidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarga tayyorgarlikni boshlab yubordi, deb xabar bermoqda ESPN nashri.
Ispaniyalik mutaxassis jamoani qo‘lga olganidan keyin kelasi mavsum uchun tarkib shakllantirishni hozirdan boshlab yubordi. Ta’kidlanishicha, yozda “Liverpul” bir vaqtning o‘zida bir nechta mashhur futbolchilar bilan xayrlashishi mumkin.
Avvalroq, klub Muhammad Saloҳ, Endryu Robertson va Ibrohim Konatening ketishini rasmiy tasdiqlagan edi.
Bundan tashqari, Kёrtis Jons, Federiko Kyeza va Jo Gomes ham transferga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan futbolchilar qatorida ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, Alisson Bekerning ketishi haqida ham gap-so‘zlar chiqqan edi, ammo manba ma’lumotiga ko‘ra, bu variant rad etilgan.
Ketayotgan futbolchilarning o‘rnini to‘ldirish uchun Iraola besh nafar ustuvor nomzoddan iborat ro‘yxat tayyorlagan.
Hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida “RB Leyptsig” vingeri Yan Diomande ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, qisqa ro‘yxatdan PSJ futbolchisi Bredli Barkola va “Vest Xem” hujumchisi Jarrod Bouen ham o‘rin olgan.
O‘ng qanot himoyasini kuchaytirish maqsadida mersisaydliklar “Inter” himoyachisi Denzel Dumfris variantini ko‘rib chiqmoqda. Xabar qilinishicha, niderlandiyalik futbolchining shartnomasida 25 million yevro miqdorida tovon puli bandi mavjud va Dumfrisning o‘zi ham “Enfild”ga ko‘chib o‘tishga qiziqish bildirmoqda.
Bundan tashqari, Iraola markaziy yarim himoyani ham kuchaytirmoqchi. Bu boradagi asosiy nishonlardan biri “Kristal Pelas” yarim himoyachisi Adam Uorton hisoblanadi. Biroq London klubi futbolchi bilan xayrlashishni istamayapti va u uchun 80 million funt sterlinggacha badal talab qilishi mumkin.
Manbaga ko‘ra, yangi murabbiy kelasi mavsumdanoq jamoani yanada shiddatli va energiyaga boy o‘yin uslubiga mos ravishda qayta qurmoqchi.

Fikrlar