
Israel Adesanya-Robert Uittaker jangida kimning imkoniyati yuqori? O‘zbekistonlik yakkakurash olami vakillari javob berdi
13 fevral kuni AQShning Xyuston shahrida “UFC 271” turniri tashkil etiladi. Mazkur jang oqshomining asosiy voqeasi o‘rta vazn (- 83.9 kg) toifasida chempionlik kamari uchun amaldagi kamar sohibi Israel Adesanya hamda Avstraliya vakili, sobiq chempion Robert Uittaker jang qiladi.
Bu ularning revansh jangi bo‘lib, dastlabkisida Adesanya nokaut bilan g‘alaba qozongandi. Bu safargi to‘qnashuvda ularning imkoniyati qanday? Biz an’anamizga muvofiq o‘zbekistonlik yakkakurash olami vakillarining fikriga quloq tutdik.
Mahmudjon Jabborov –bloger
- Okeaniya hudidida istiqomat qilayotgan bu ikki bahodirning revanshi orqali biz navbatdagi unutilmas va bundan ancha yillardan keyin ham yosh avlodga hikoya sifatida aytib berishga loyiq olishuv bo‘sag‘asi turibmiz deya ayta olaman. Israel so‘nggi yillarning eng dominant chempionligi rejimiga o‘tib olishi bu vaznga bo‘lgan qiziqishni bora-bora susaytirayotgani turgan gap. Unda hamma narsa etarli: boks va kikboksing elementlari qorishgan stoyka mukammal ko‘rinishda, kurashda himoya a’lo, nokaut kuchi bor, tayming zo‘r darajada. Ammo, Rob ham birinchi jangdagi alamli mag‘lubiyatdan o‘ziga xos xulosa chiqargani bor gap. Buni uning so‘nggi janglari misolida ko‘rishimiz mumkin. Albatta, bu ikkita o‘rta vazn "darg‘alari" o‘rtasidagi jang siz kutgan va kutmagan voqealar rivoji bilan yakun topishi mumkin. Men esa jang stsenariysini to‘liq cho‘zilishini va unda Uittaker yana o‘z kamarini tortib olishini taxmin qilmoqdaman.
Jahongir Qoraboev -murabbiy
- Umuman olganda ushbu vazn toifasidagi eng bir-biriga munosib bo‘lgan raqiblar, jang juda qiziqarli o‘tishi turgan gap. To‘g‘ri, Uittaker avvalgi janglaridan xulosa chiqargan bo‘lishi mumkin. Biroq, Adesanya baribir kuchli va u 2yoki 3-raundda nokaut bilan g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman.
Nozimjon To‘ychiev – O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi Andijon viloyati bo‘limi mutasaddisi
- Ochig‘ini aytganda, menga Robert Uittakerni jang olib borish uslubi, o‘ziga xos harakatlari yoqadi. Dastlabki jangdagi xatosini bu safar takrorlamasligi aniq va bu safar unda imkoniyat ko‘proqdek tuyulmoqda.
Zarruh Adashev – MMA jangchisi
- Bu jangga bo‘lgan qiziqish juda yuqori, sababi divizionning amladagi va sobiq chempionlari yana bir bor duch keladi. Rob bu safar yaxshiroq harakat qilishi mumkin. Ammo baribir Adesanyaning imkoniyati yuqori va u ochkolar hisobida g‘alaba qozonsa kerak.
Farruh Madaminov - murabbiyi
- Israel Adesanya raqibiga nisbatan anchagina mukammal jangchi hisoblanadi. "Stoyka"si kuchli, "teyk-daun"lardan yaxshi himoyalanadi. Unda rang-baranglik bor. Robert Uittaker ham yaxshi jangchi, Adesanya uchun diviziondagi eng munosib raqib, deb bilaman. Biroq, uning salohiyati Adesanyani engish uchun etarli, deb ayta olmayman. Bu jangda yana bir bor nigeriyalik jangchi g‘alaba qozonadi. Albatta, bu shaxsiy fikrim!
Avliyoxon Hamidov – MMA jangchisi
- Har ikkisi juda kuchli va chidamli jangchilar hisoblanadi. Robert Uittaker ham shunchaki sovg‘a emas. Uning kuchli jihatlari ham bor. Biroq, Israel Adesanya noodatiy jangchi va unda raqibiga nisbatan ruhiy ustunlik ham bor. Chunki avvalgi jangda nokaut bilan g‘alaba qozongandi. O‘ylaymanki, bu gal ham Adesanya g‘alaba qozonadi.
Humoyun Ibragimov – MMA jangchisi
- Menimcha bu jangda g‘olib hakamlar qaroriga ko‘ra aniqlansa kerak. Chunki, Robert Uittaker Adesanyaning so‘ngi jangidan o‘zi uchun yaxshi xulosa qilgan, deb o‘ylayman. Ya’ni uning kamchiliklarini o‘rgangan bo‘lish ehtimoli katta. Lekin baribir Adesanya g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman.
Humoyuddin Muxtorov – MMA jangchisi
- Ajoyib jangchilar, har ikkisida ham kuchli jihatlar ko‘p. Atletizm, kardio, oyoq va qo‘l zarbalari, oktagonni xis qilish xullas, bir-biriga mos raqiblar. Hozircha Adesanyada raqibiga nisbatan ruhiy ustunlik bor. Chunki avvalgi jangda nokaut bilan g‘alaba qozongan. Lekin bu salbiy ta’sir qilishi ham mumkin. Sababi, ushbu ustunlik unga xotirjamlik taqdim etishi va bu pand berishi mumkin. Uittaker ham bu safar boshqa taktika bilan harakat qilsa kerak, chunki “stoyka”da baribir Adesanya kuchli. Shuning uchun u ko‘proq “teyk-dan”larga harakat qilsa kerak. Imkoniyatlarni 50/50 degan bo‘lardim.
Fikrlar