Italiya - Niderlandiya: prevyu

  • 14 oktabr, 2020, 18:20
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Avvalroq, 3 ta katta jamoalar ishtirokidagi o‘yinlar uchun prevyularni e’tiboringizga havola etgandik. Endi navbat markaziy qarama-qarshiliklarga. Dastlab, Italiya va Niderlandiya o‘yini bilan boshlashga qaror qildik. Ushbu jamoalar to‘qnashuvini klassik bahslar sirasiga qo‘shsak bo‘ladi. Sababi, 30-40 yil ortga qaytib, ushbu jamoalar nomini ketma-ket tilga olsangiz, futbol muxlislarining deyarli bir xil munosabatini ko‘rasiz. Ammo bir jihatni e’tirof etib o‘tish zarur: “skuadro adzuro” raqiblariga qaraganda sovrindorroq jamoa hisoblanadi. “Uchar gollandlar”ni esa bemalol omadsiz grandlarning eng katta namoyondasi sifatida e’zozlasak arziydi. 

Bugun ushbu jamoalar unchalik katta bo‘lmagan turnir guruh bosqichida ro‘baro‘ kelmoqda. Ammo ushbu musobaqa sovg‘alari qatoriga mundial chiptalari tikilganini inobatga olsak, bellashuvning qiymati bir pog‘ona ko‘tariladi.

Italiya

Italiya mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda. E’tiborlisi, 17 talik mag‘lubiyatsiz seriyaning 14 tasi g‘alaba bilan yakun topgan. Polshaga qarshi so‘nggi turda kechgan bahs “moviy eskadra”ning 0:0 hisobidagi durangga imzo chekib, 1 ochko bilangina cheklanishga majbur bo‘ldi. Ammo polyaklarning qanday salohiyatga ega ekanligini yaxshi bilamiz. Niderlandiya bilan kechadigan bellashuvda Manchinining shakllangan jamoasi De Burning qo‘l ostida ikkinchi o‘yinda maydonga tushadigan futbolchilarga qarshi harakat qiladi.  

Taxminiy tarkib: Donnarumma, Florentsi, Bonuchchi, Acherbi, Emerson, Barella, Jorjino, Veratti, Keza, Belotti, Pellegrini.

 

Roberto Manchini: “Biz yosh jamoa ekanligimizni inobatga oladigan bo‘lsak, o‘sishga erishmoqdamiz. Polsha va Niderlandiyaga qarshi kechgan ikki bahsni yodga oladigan bo‘lsak, biz juda ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘lganimiz holda, bittagina gol urdik. Biz ushbu guruhni birinchi o‘rinda yakunlab, finalgacha etib borishni xohlaymiz. Gollandiya yosh iqtidor egalariga boy bo‘lgan kuchli jamoa. O‘yindan-o‘yinga ular namoyish etayotgan futbol rivojlanib bormoqda. Qiyin va chiroyli o‘yin bo‘lib o‘tishini kutyapman. Biz 2 yil avvaldan yosh futbolchilarni tarkibga jalb qilib, hozirgi kuchli jamoani tashkil qildik. Biz o‘z yo‘limizdan og‘ishmay, rivojlanishda davom etishimiz zarur”.

EkSr9tyX0AEMgHS

Niderlandiya

“Uchar gollandlar”ning bugungi holatiga havas qilib bo‘lmaydi. Millatlar Ligasi UEFA tomonidan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘rnini bosishi rejalashtirilgani sababmi, bu musobaqaga terma jamoalarning qarashi u qadar jiddiy emas. Ammo oldinda “EVRO-2020” kutib turibdi va jamoa bosh murabbiyligini qo‘liga olgan Frank de Burning muvaffaqiyatli faoliyat yurita olishiga kafolat yo‘q. 

Memfis Depay jamoada etakchi rolida, ammo uning o‘ziga suyanib qolish “lolalar yurti” vakillariga uzoq marralarni kafolatlamaydi. Himoyadagi ijrochilar yaxshi saviyali. Endi masala ularni to‘g‘ri taktikada, foydali maqsadlarda ishlata bilishda.

Taxminiy tarkib: Silessen, Dumfris, De Vrey, Van Deyk, Blind, De Roon, Frenki, Malen, Viynaldum, Promes, Lyuk de Yong.

 

Frank de Bur: “Bosniyaga qarshi o‘yinda yaxshi harakat qildik, deb ayta olmayman. Ammo kreativ 5 ta vaziyat yaratishga erishdik. Biz ikkita uslubni sinab oldik. Guruhdagi ko‘p narsa ushbu bahsda hal qilinadi. Tezkor rejamiz ish bermasa, B planga o‘tishimiz ham mumkin. Nima bo‘lgan taqdirda ham, jamoada yangiliklarni ko‘rishingizga kafolat beraman. Men pozitiv kayfiyatdaman”.

EkSr-_OWAAYDCIR

Xulosa o‘rnida

De Burning bu qadar ishonch bilan gapirishi hayratda qoldirmoqda. Bosniyaga qarshi o‘yinda u ko‘rsatgan futbolni hech qanaqasiga yaxshi deb bo‘lmaydi. Ammo bugun rostdan ham boshqacha kun. Bugun ushbu guruhdagi ko‘p savollar o‘z javobini topadi. 

Roberto Manchinining “moviy eskadrasi” ancha shakllangan jamoaga aylanib qoldi. Bugun ularni so‘nggi umid ilinjida oldinga tashlanadigan Niderlandiya qarshisida ko‘ramiz. Italiya kichik favorit. Ammo markaziy uchrashuv ekanligini inobatga olsak, g‘olibni taxmin qilish ancha qiyin.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!