
Italiya terma jamoasi tarixida bunaqasi ilk bor sodir bo‘ldi
Italiya terma jamoasi o‘rtoqlik o‘yinida Chexiyani 4:0 hisobida engdi.
E’tiborlisi, "Skuadra Adzurra" ketma-ket 8 ta o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan holda g‘alaba qozondi. Opta nashri tarqatgan xabarga qaraganda, bunday holat Italiya terma jamoasi tarixida ilk marta sodir bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, Italiya terma jamoasi qatorasiga 27 o‘yindan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. Roberto Manchini shogirdlari yana 3 ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchramasa, 1939 yilda o‘rnatilgan tarixiy rekordni takrorlashi mumkin.
Italiya terma jamoasi “Evro-2020”ning “A” guruhidan joy olgan. Ular guruh bosqichida Shveytsariya, Turkiya va Uels terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Fikrlar